www.ziyouz.com kutubxonasi
116
Buni anglab, darhol Hazrati Ali Rasulullohdin ruxsat olib, aning oldiga kelishi bilan bir-
birlariga hamla qilishib, qilich solishdilar. Talhaning oyoqlari kesildi. Yiqilgandin so‘ngra
Hazrati Ali uni chopib tashladi. Bu yiqilishi bilan uning ukasi Usmon tug‘ni ko‘tardi, uni
Hazrati Hamza chopib yubordi. Inisi Abu Sa’d o‘rniga kelib tug‘ tutdi. Hazrati Sa’d ibn Abi
Vaqqos otgan o‘q aning bo‘g‘ziga tegib, shul zamon jon berdi. Shundoq qilib, qatori bilan
tug‘ tutganlardin to‘rt kishi o‘ldirildi. Ularning barisi bir qabiladan edi. Shu orada Abu
Bakr Siddiqning o‘g‘li Abdurahmon maydonga tushib bahodir talab qildi. Otasi Abu Bakr
Siddiq qarshi chiqmoqqa tilagan bo‘lsalar ham, Rasululloh ruxsat bermadilar. Mushriklar
qo‘shinlarining ichida ikki yuzdan ortiq otliq askarlari bor edi. Musulmonlarning orqa
tomonidan ular ham uch qayta hujum qildilar. Barcha hujumlar tepa ustida o‘rnashgan
ellik nafar merganlar tomonidan yog‘dirilgan o‘qlar ila qaytarildi. Hujumchi dushman
askari ot qo‘yib kelayotganlarida qarshilaridan otilgan sadoq o‘qlariga chidab turolmay
orqalariga qochdilar. Shundoq bo‘lsa ham sonlari uch-to‘rt barobar ortiq bo‘lgan
dushman askari qizg‘inlik bilan urushga kirishdilar. Islom va kufr, haq va botil qo‘shinlari
bir-birlariga yaqinlashdi, har ikki yoqning bahodirlari suron solib qichqirishdilar.
Dushman qo‘shinining keyiniga qo‘yilgan qo‘shiqchi xotunlar urush qizdirish uchun dop-
childirmalarini chalib, hayajonlik she’rlarni o‘qishur edi. Bundin ilgari Badr urushida
o‘ldirilgan Quraysh ulug‘larini yo‘qlab yig‘lashib, alarning urug‘-aymoqlarini shu urushda
o‘ch olmoqqa qo‘zg‘ashar edilar. Rasululloh mushrik xotunlarning bu yo‘sinlik
qo‘shiqlarini onglaganlarida shu duoni o‘qidilar:
«Allohumma bika ahulu va bika asulu va fiyka uqotilu, hasbiyallohu va ne’mal vakil».
Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo, sen uchun urushurman, sening yordaming bilan hujum
qilurman. Alloh yordami har ishda menga yetarlikdur», demakdur.
Shuning bilan musulmonlarga iqbol eshigi ochildi. Maydon bo‘yicha g‘alaba qozonib, har
joyda dushmanga qattiq zarba berdilar. Tug‘ boshchilaridan ketma-ket to‘rt kishi
o‘ldirilganidan so‘ngra dushman askari orqa o‘girib qochishga turdi. Buni ko‘rib, islom
askarining ruhi ko‘tarildi. Alarni otib-chopib orqadan quvg‘in qildilar. Dushmanning oldi
saflari buzilib, ortqi saflariga qo‘shilmish edi. Qochqinchilar yuziga xotunlar tarafidan
sochilgan qum-tuproqqa qaramay, qo‘sh-qo‘lonlarini qoldirib, o‘rdalaridan o‘ta qochdilar.
Mana shu chog‘da o‘ljaga qiziqib turgan Islom askari qochgan dushmanlarni qoldirib o‘lja
yig‘moqqa kirishdi. Dushman ortidan quvg‘in qilish to‘xtadi. Askar ortini saqlash uchun
qo‘yilgan merganlar ko‘rdilarkim, dushmanlari yengildi. Quvguvchi askarlar ham
dushmanlarini qo‘yib, o‘lja yig‘ishga kirishmishdurlar. Endi ish bitdi, qarab turish nimaga
kerak, o‘ljadan quruq qolgaymiz deyishib, urush uchun qo‘lda saqlamoq eng kerak
bo‘lgan joyni bo‘sh qoldirib, o‘lja olish qizig‘ida el orqasidan bular ham yugurdilar.
Boshliqlari Abdulloh ibn Jubayr qon qaqshab qancha qaytargan bo‘lsa ham aning so‘ziga
quloq soluvchi kishi bo‘lmadi. Yo‘q ersa, Rasululloh aytgan edilar. «Biz dushmanni
yengaylik yoki yengilaylik, mendin ruxsatsiz bu joydin siljimagaysiz», deb qayta-
qaytadin topshiriq bergan edilar. Dunyoning qizig‘ida bu so‘zni ham unutib qo‘ydilar.
Mana shuning bilan butun ishlar ham o‘zgara boshladi. Negakim, g‘alaba qozonmoq
uchun eng kerak bo‘lgan narsa: birinchi, askar boshlig‘ining buyrug‘ini bajarish, ikkinchi,
kerakli o‘rinlarni qo‘lda saqlash edi. Ish shundoq bo‘lgach, dushman otliq askari boshlig‘i
Xolid ibn Valid buni payqab qoldi, agar shu joyga hujum qilib, uni qo‘lga keltirur ersa,
Islom askarini o‘rab olishga aniq ko‘zi yetgan edi. Bu joyga qo‘yilgan ellik kishilik
merganlardan — boshliqlari Abdulloh ibn Jubayr bilan o‘n ikki kishi qolganligini ko‘rdi.
Bunday fursat topilmagay, deb Xolid ibn Valid borliq askari bilan bu o‘ringa ot qo‘ydi.
Xiyol o‘tmay ul o‘n ikki kishini urib-yanchib, barchalarini shahid qildilar. Shuning bilan
Islom askari o‘ralib qoldi. So‘ngra askar ortidan qizg‘inlik bilan hujum boshladi.
Olg‘a safdagi Islom askari bu ishdan xabarsiz edilar. Hazrati Hamza bu urushda ko‘p
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |