www.ziyouz.com kutubxonasi
118
ko‘rib: «Ey Sa’d, buni qaytargil», dedilar. Anda u: «YO Rasululloh, men yolg‘iz kishi
qanday qaytarolgayman?» dedi. Rasululloh: «Qaytargil», deb uch yo‘l aytdilar. Anda
Sa’d o‘q yonchig‘idan bir o‘q chiqarib, dushmanga otgan edi, xato qilmay, jon yeriga
tegishi bilan uning joni chiqdi. Ikkinchi, uchinchi otgan o‘qlari ham qoraga tegib, tog‘
ustiga chiqqan dushmanlardin ketma-ket uch kishini o‘ldirdi. Buni ko‘rgach, qolganlari
tog‘ ustidan pitrab qochdilar. Yo‘q ersa, alarning qasdi — shu tomondin kelib,
Rasulullohga hujum qilmoqchi edilar.
Shundoq bo‘lib, Uhud urushi boshlanishi bilan musulmonlar g‘alaba qozongan bo‘lsalar
ham, buning sharoitini o‘zlari buzganlikdan, ko‘p xayol o‘tmay qattiq mag‘lubiyatga
uchradilar. Saflari buzilib, bosh-oyoqlari qovushmay, tarqoq holda qolishib, tartiblari
buzildi. Shuncha qalin dushman hujumiga qarshi Payg‘ambarimizning qoshlarida ushbu
o‘n to‘rt kishidan boshqa hech kim qolmagan edi. Ul bahodirlarning yettitasi
muhojirlardin bo‘lib, alarning otlari shulardir:
1. Hazrati Abu Bakr Siddiq.
2. Hazrati Umar.
3. Abdurahmon ibn Avf.
4. Sa’d ibn Abi Vaqqos.
5. Talha.
6. Zubayr.
7. Zayd ibn Horisa.
Qolgan yetti kishi ansor sahobalardan edilar. Bular: birinchisi, Payg‘ambarimizdan qilich
olgan, buni egilguncha chopqayman, deb va’da bergan hazrati Abu Dujona edi,
ikkinchisi, Hubob ibn Munzir, uchinchisi, Osim ibn Sobit, to‘rtinchisi, Horis ibn Simma,
beshinchisi, Suhayl ibn Hanif, oltinchisi, Sa’d ibn Mu’oz, yettinchisi, Usayd ibn Xuzayr,
raziyallohu taolo anhum ajma’iyn.
Ko‘pchilik boshqa sahobalar bo‘lsa, Rasulullohdin ajrab, kurash maydonida tarqalib
qoldilar. Mal’un Ibn Qam’a: «Muhammadni o‘ldirdim», deb askar ichiga yolg‘on dovruq
solgan chog‘da Islom tug‘i Hazrati Ali qo‘lida edi. Urush to‘polonida chopishib yurib,
Rasulullohdin adashib qoldilar. Shu orada Ibn Qam’aning yolg‘on so‘zi quloqlariga yetdi.
«Bu ish bo‘lg‘ulik emasdur», degan bo‘lsalar ham yana insonchilik, ko‘ngillari vahim olib,
o‘liklar yotgan gumonlik o‘rinlarni axtarib, Rasulullohni izladilar: Hech yerdin
nishonalarini topmagach, shundoq o‘yladilarkim: «Rasululloh bu urushda hech qachon
maydondin qochib ketmaslar, lekin bizning qilgan gunohimiz shumligidin, Alloh taolo Iso
alayhissalomdek Rasulullohni ham ko‘kka ko‘targan bo‘lishi kerak. Endi biz Rasulullohdin
ajrab, yer ustida tirik yurganimizdan, Xudo yo‘lida o‘lganimiz yaxshiroqdur. Rasulullohni
ko‘rmagunimcha qilichimni qiniga solish yo‘qdur», deb qilich qinini sindirdilar. Yalang‘och
qilich bilan o‘zlarini dushman to‘piga urdilar. Bu damlarda dushman safi buzilib, ora
ochildi. Qarasalar, yuqorigi o‘n to‘rt kishi Rasulullohni o‘rtaga olib, dushmandin mudofaa
qilib turibdilar.
Ular ichida Sahl ibn Hanif, bu kishi ersa, Madina xalqidan chiqqan atoqlik merganlardin
edi, to‘rt tomondin Rasulullohga qasd qilib kelgan dushmanlarni o‘q bilan urib, hech
birini yaqin keltirmay turibdi. Abu Dujona bo‘lsa, qaysi yoqdin biror narsa kelsa,
Rasulullohni qo‘riqlab, o‘zini qalqon qilur edi. Orqa yelkalariga atrofdin otilgan o‘qlarning
bir nechalari tegib qadalgan edi. Shundoq qilib, bu bahodirlar Rasulullohni qo‘riqlashda
jon fidolik bilan eng so‘ngi suvliklarigacha (nafaslarigacha) chidamlik ko‘rsatdilar.
Ayniqsa, bular ichida Zayd ibn Horisa Rasululloh ustiga bo‘lgan hujumlarda dushmanlar
tarafidan otilgan, urilgan, chopilgan qurollarga qarshi turganlikdan qattiq yaralangan edi.
Rasululloh o‘zlari bo‘lsalar shul kuni (boshlaridan) eng og‘ir ishlarni o‘tkazdilar. Har
qandoq odam ko‘tarolmaslik darajada qattiq yaralandilar. Shundoq bo‘lsa ham, bu
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |