www.ziyouz.com kutubxonasi
121
buning zarbidan muborak yuzlari ham yaralandi. Buning ustiga, boshlariga kiyilgan temir
dubulg‘alari urilgan qilich zarbidan sinib ketib, boshlari ham yorildi. Mengzalariga
dushman tomonidan tekkan qilich zarbidan yuz suyaklariga dubulg‘a halqasi botib,
yuzlarini qattiq jarohatladi.
Qisqasi shuki, hadis olimlari, tarix olimlarining aytishlaricha, Rasulullohning boshlariga,
yuzlariga, butun badanlariga qilich, nayzalar, oybolta, cho‘qmorlar, toshlar dushman
tomonidan otilib, urilib, yetmishdan ortiq joylari og‘ir-engil yaralangan edi. Endi bu
so‘zlarni o‘qib, anglaguvchi odamlarning ko‘ngillariga shundoq kelishi mumkindurkim,
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Xudoning do‘sti, habibi, barcha olamga
yuborilgan Allohning haq payg‘ambari — Rahmatul lil alamiyndurlar. Ish shundoq ersa,
bundoq ulug‘ darajalik zot shu qadar kulfat, mehnatlarga qolib, kofirlar tomonidan jabru
jafolar tortishlariga hikmat na erdi? Mana shu so‘z har kimning ko‘ngliga kelib qolishi
ehtimoldur. Bu so‘zning javobida, o‘tgan ulug‘ olimlarimiz shundoq demishlardirkim:
— Insonlar ichida payg‘ambarlar Xudo oldida eng ulug‘ martabaga egadurlar. Ayniqsa,
alar ichida bizning Payg‘ambarimizning darajalari hammalaridan ham ulug‘roqdir. Endi
Alloh taoloning dunyoga qo‘ygan odati shundoqdurkim, aning oldida kimning maqomi
balandroq bo‘lsa, dunyoda tortgan jabru jafosi ortiqroq bo‘lgay, alardin qaysi birlari Alloh
amrini xalqqa yetkazishda kofir va munofiqlardan ko‘proq aziyat chekkan bo‘lsa, shunga
ko‘ra oxiratda ko‘proq ajr-savob topgay. Yana bir hikmati shuldurki, hayot olamidagi
borliq narsalar butunlay sababga bog‘lanmishdur. Dushmanni yengishlar yoki ulardan
yengilishlar bo‘lsa, albatta, bularning biror sabablari bordur. Bu urush boshlanishida
yengish asbobi musulmonlar qo‘lida edi. Buning sababi bilan dastlabda dushmandan
g‘alaba qozonmish edilar. So‘ngra musulmonlar qo‘llaridagi zafar sabablarini yaxshi
saqlay olmagach, bu davlatdin ajradilar. Chunki Allohning taqdiri bandaning qilmishiga
bog‘liqdur. Dunyo yaralgandan beri insonlar ustida bo‘layotgan ilohiy qonun shuldur.
Buning rioyasi barcha insonlarga barobar vojibdur. Shuning uchun Rasululloh askarining
orqa tomonini saqlamoqqa ellik kishilik bir bo‘lik merganlarni, shu kunning so‘qish
yasog‘icha eng keraklik o‘ringa tayinlab qo‘ymish edilar. Har qandoq ahvol yuz bersa
ham shu joyni qo‘ldan bermaslikka buyurgan edilar. Mana, Rasulullohning shu buyruqlari
amalga oshirilmadi. Zafarning katta bir sababini qo‘ldan chiqardilar. Shu sababdan
dushmanlaridan yengildilar.
Lekin bu yerda yana bir so‘z bordirkim, Alloh taolo o‘ziga iymon keltirgan mo‘minlarni
shundoq o‘rinlarda nega kofirlardan asramaydi? Buning javobi, birinchidan shuldurki,
buyongi (keyingi) mo‘minlarga tanbeh bo‘lsin, qolganlar bundan ibrat olsinlar.
Musulmonlar hech bir vaqtda, ayniqsa, so‘kish-savash chog‘larida boshliqlarning
buyruqlarini buzmagaylar. Alloh amrini dunyo ishlaridan oldin tutgaylar. Ikkinchi javob
shuldurki, Rasululloh yaratilishida, muborak nurlari hammadin ilgari yaratilmish edi.
Dunyo-ga kelishlarida barcha payg‘ambarlardan keyin keldilar. O‘tgan payg‘ambarlarga
ham kofirlar bilan jang qilmoq o‘z shariatlarida farz qilingan edi. Shuning uchun o‘tgan
payg‘ambarlar ham Xudo yo‘lida dushmanlariga qarshi jihod qildilar. Alarning
ummatlaridan bir qancha mo‘minlarga shahidlik darajasi nasib bo‘ldi. Bu daraja ersa
payg‘ambarlardan va dag‘i (yana) siddiqlardin so‘ngi, Xudo oldida, eng ulug‘ daraja shu
erdi. Bunday bo‘lgach, bu ulug‘ darajadan bu ummatning eng oldingi saflari quruq
qolmagay, deb Alloh taolo bir qancha sahobalarni shahidlik darajasiga yetkazdi. Yana
bulardan boshqa hikmatlar ko‘p bo‘lsa ham, shu aytgan so‘zlarimiz mo‘minlar uchun
yetarlikdur. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Shundoq qilib, Rasululloh bundoq og‘ir yarador bo‘lishlaridan sahobalar qattiq
qayg‘urdilar. Alardin qaysi birlari aytdi:
— YO Rasululloh, duo qiling, bu kofirlar qirilsinlar, — dedi. Anda Rasululloh:
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |