www.ziyouz.com kutubxonasi
114
yig‘lab keldi. — «Rasululloh Rofe’ga ruxsat berdilar, meni esa askarlikdan qaytardilar,
yo‘q ersa ikkimiz kurashganda, mendan ul yiqilur edi», — dedi. Rasululloh buni onglab,
bu ikkisini kurashga soldilar. O‘zi degandek, Samura ani kurashda yiqdi. So‘ngra bunga
ham ijozat berdilar. Madina bolalaridin shu ikki o‘g‘il askarlikka olinib, qolganlari
qaytarildi.
Shundoq qilib, Rasululloh kechani shu joyda o‘tkazdilar. Tong sahari bilan qo‘shin
dushmanga qarab qo‘zg‘aldi. Uhud tog‘i bilan Madina oralig‘ida Shovt degan joydagi
xurmolik boqqa kelganlarida bomdod namozining vaqti bo‘ldi. Mana shu joyga kelganda,
munofiqlar raisi Abdulloh ibn Ubay buzuqchilik qilib, o‘ziga qarashlik uch yuz kishi bilan
Islom askarlaridan ayrilib, Madinaga qaytdi. Bu munofiqning maqsadi askar ichiga
buzg‘unlik solish edi. Bu ishga bahona qilib aytgan so‘zi shul erdikim: — «Muhammad
o‘zi chaqirib bizdan kengash so‘radi, so‘ngra yoshi ulug‘, tajribalik kishilarning so‘zlarini
qoldirib, yosh-yalang, soqolsiz yigitlarning aytganini qildi. Endi ishning og‘irligini
ko‘raturib, kuchlik dushman qarshisiga chiqib, o‘zimizni o‘limga nechuk tutqaymiz?» —
der edi. O‘z urug‘-aymog‘idan bir necha sahobalar unga yalinib-yolvorib, yo‘ldan to‘sgan
bo‘lsalar ham, alarning so‘zlarini qabul qilmadi. Uch mingdan ortiq dushman askariga
qarshi chiqqan Islom askarining borlig‘i bir ming chamasida edi. Bularning uch yuzi
munofiqlar bo‘lib, askar safidan chiqib ketdilar. Buni ko‘rib, qolgan askarlar ham buzila
yozgan edi, lekin ularni Alloh saqladi. Dushman qarshisiga kelgan chog‘larida bu ishning
bo‘lishi musulmonlarga qattiq ta’sir qildi. Munofiqlarga qandoq chora qo‘llanish haqida
musulmonlar ikkiga bo‘lindilar. Bir bo‘laklari ularga avval urush ochmoq, so‘ngra
dushmanlar bilan chopishmoq fikrida bo‘lsalar ham, Payg‘ambarimiz boshliq ikkinchi
tomonlar ularni hozircha o‘z hollariga qoldirib turmoqni maslahat ko‘rdilar. Mana shu
munofiqlar haqida shu oyat tushdi:
«Vallohu arkasuhum bima kasabu»: ma’nosi: «Bu munofiqlar qilgan yomon ishlarining
sababidan alarni Alloh teskari qilib, iymondin kufrga qaytardi», demakdur.
Bu oyat engandin so‘ngra u munofiqlar o‘z hollaricha qoldirildi. So‘ngra Islom askari
dushmanga qarshi yurib, Uhud tog‘iga yetdilar. Dushman o‘ramasidan saqlanish uchun,
Rasulullohning amirlari bilan Uhud tog‘iga orqalarini berib, dushmanga qarshi saf
bog‘ladilar. Ammo Quraysh kofirlari bo‘lsa, bu tog‘ qarshisidagi keng soyga kelib
qo‘ndilar. So‘ngra har ikki tomon o‘z askarining yasog‘iga kirishdi. Dushman askarining
o‘ng tomonida Xolid ibn Valid turdi. Jovong‘ar (so‘l qo‘lida) Ikrima ibn Abu Jahl turdi.
Abu Sufyon ham tug‘ bayrog‘i bilan so‘lda turgan edi. Piyoda askarlarga Safvon ibn
Umayya boshliq bo‘lib belgilandi. Askar qochmasin deb, qo‘shiqchi xotunlarni tashviq
qilish uchun saf ortiga qo‘ydilar. Rasululloh bularga qarshi askar yasog‘in tuzib, Xolid ibn
Validga qarshi Zubayr ibn Avvomni qo‘ydilar. Islom askari ichida o‘q otar merganlardan
ellik kishi bor edi. Alarga Abdulloh ibn Jubayrni boshchi saylab, askar ortini saqlamoq
vazifasini unga topshirdilar. Bu ellik mergan askar orqasidagi tog‘ning etagi, belining
ustiga joylashgan edilar. Bu ishlarning barchasi Rasulullohning ko‘rsatganlaricha
bajarildi. Rasululloh merganlarga aytdilarkim: «Agar biz dushmanni yengar bo‘lsak, yoki
ular bizni yengsalar, har holda bu tutmish o‘rningizni qo‘ldan bermagaysiz». Chunki bu
o‘rin bo‘sh qolgan chog‘da, bir firqa dushman askari shu tomondin kelib chopul etmak
imkoniyati tug‘ulur edi. Ul chog‘da askarning orqasi o‘ralib, chambar ichida qolish
mumkin bo‘lganlikdan, Rasululloh bu yerni bo‘sh qoldirmaslikka qattiq topshiriq berdilar.
Agar otliq dushmanlar shul yoqdin chopul qilur bo‘lsalar, alarga qarshi o‘q yog‘dirishga
buyurdilar va: «Ot ustida kelayotgan hujumchi askarlar qarshilarida otilgan o‘qlarga
chidab turolmas», dedilar. So‘ngra askar ustiga kelib, alarning saflarini tuzib,
to‘g‘irladilar. Chunki mo‘minlarning namozda to‘g‘ri saf bog‘lamoqlari, askarlar urushda
saflarini to‘g‘ri tuzmaklari — Rasululloh sunnatlaridur. Bundin keyin Payg‘ambarimiz
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |