www.ziyouz.com
кутубхонаси
86
boshqalar bor edi. S’ezd ularning o‘rniga bolsheviklarga quloq qoqmay xizmat qiladigan kishilar
(N.To‘raqulov va boshqalar)ni tayinlaydi.
Ha, “Toshkent fronti”dagi janglar qizillar foydasiga hal bo‘ldi. Bu maydonda jang qilgan
jangchilarimiz juda ozchilikni tashkil etar edi. Ular qatag‘on siyosatining dastlabki qurbonlari
bo‘ldilar. Qasosli dunyo ekan, milliy istiqlol yo‘lida kurash olib borgan T.Risqulov va uning
maslakdoshlarini og‘machilik, millatchilikda ayblab quvg‘in qilgan, Turkistonni ikkinchi bor
mustamlakaga aylantirgan Turkkomissiya a’zolarini ham, ularning mahalliy haybarakallachi
qo‘g‘irchoqlarini ham tarix kechirmadi. Frunze va Kuybishev sirli o‘lim topdilar, qolganlari esa
qatag‘on qilichidan o‘tkazildilar.
AMIRNING QILICHI
Buxoro qo‘ldan ketgach, 1920 yil oxirlarida Sayyid Olimxon Hisor bekligidagi yirik aholi
maskanlaridan bo‘lmish Dushanbaga kelib o‘rnashadi. Hisor vodiysi bekorga tanlanmagan edi: Sharqiy
Buxorodagi dehqonchilik uchun mos joy shu vodiy bo‘lib, bu yerda oziq-ovqat zaxiralari mavjud edi.
Shuningdek, vodiyning atrofi baland tog‘lar bilan o‘ralganligi tufayli partizanlik urushini olib borish
uchun qulaydir. Sentyabrning ikkinchi yarmida Sayyid Olimxon qurultoy chaqirib, qizillarga qarshi
kurash rejasini o‘rtaga tashlaydi. Amir hukumati yemirilmasdan ancha oldinoq Sharqiy Buxoro
hududida bir qancha jangovar guruhlar shakllanib bo‘lgan edi. Bu guruhlar urug‘ boshliqlari, viloyatlar
va bekliklar hokimlari ixtiyoridagi harbiy qismlar bo‘lib, jang tajribasiga ega bo‘lgan, bu guruhlarga
Ibrohimbek, Fuzayl Maxsum, Davlatmandbiy, Eshon Sulton va boshqa sarkardalar boshchilik
qilganlar.
Noyabr oyida amir qo‘l ostidagi mazkur kuchlar Boysun va Sherobodni, dekabr oyida esa
Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘ni egalladilar. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati shoshilinch
choralar ko‘rishga majbur bo‘ladi. Amirga qarshi kurashni tashkil etish va xalqni unga qarshi ko‘tarish
uchun bir qancha arboblar Sharqiy Buxoroga safarbar etiladi, Dushanbaga esa S.Tursunxo‘jaev
boshchiligidagi “Siyosiy zarbdor guruh” jo‘natiladi. Guruhda siyosiy tashviqotchilar bilan harbiy
qismlar ham bor edi. Amir bu guruhga “jadid qo‘shini” deb nom beradi.
O’sha paytda RSFSR ning Buxorodagi muxtor vakili bo‘lib turgan Kuybishev 1920 yil 17 oktyabr-
da Turkfront qo‘mondoniga telegramma yo‘llab, “Front qo‘shinini bosmachilarga qarshi jangga kiritish
yo‘li bilan Sovet Buxorosiga birodarlik yordami ko‘rsatish”ni so‘raydi. Noyabr oyida 1-armiya
qo‘mondoni G.V.Zinovev buyrug‘i bilan Buxoro Respublikasidagi barcha sovet qismlari birlashtirilib,
“Hisor ekspeditsiya korpusi” tuziladi. 1921 yil boshida esa Buxoroga qizil armiyaning beshta brigadasi
(2 o‘qchi, 3 otliq brigadalar) keltiriladi. 1920 yil oxirlarida esa hukumat a’zosi B.Shaxobiddinov
Buxoro xalq armiyasi (Keyinchalik Buxoro qizil armiyasi deb nomlangan)ni shakllantirishni boshlaydi
va uning dastlabki jangovar qismlarini Dushanbega safarbar etadi. Amir bu qismlarga ham “jadid
qo‘shini” deb nom beradi. Bunday katta kuch to‘planishi natijasiz qolmaydi. Buxorodagi sovet harbiy
qismlari birin-ketin Kitob, Yakkabog‘, Sherobodni qaytarib oladilar.
Farg‘onadagi janglar qizigandan-qizib, Shermuhammadbek bir necha jabhadagi janglarga rahbarlik
qilib turgan qistalang bir paytda G’orbuvoga Sayyid Olimxonning o‘n ikki kishilik vakillar hay’ati
kirib keladi.
Shermuhammadbek bir amallab vaqt topib, hay’atni qabul qiladi va mehmonlar sharafiga ziyofat
beradi. Hay’at boshlig‘i Zufar To‘pchiboshi Sayyid Olimxonning salomi va sovg‘asini topshirib,
Sharqiy Buxorodagi vaziyatni tushuntiradi. Amirning sovg‘asi mo‘‘jazgina, kumush tunukadan gul
qoplangan sandiq edi. Mehmonlar sandiq kalitini berar ekanlar, uning ichida maktub ham borligini
aytadilar. Shermuhammadbek sandiqni ochdi-yu, ko‘zlariga ishonmadi: sandiq ichida ajoyib, nodir bir
qilich yotar edi. Qurol ishqibozi va bilimdoni bo‘lgan Shermuhammadbek qilichni hali qo‘lga olib
ko‘rmasdanoq, noyob qurol ekanini angladi. Qilichning qini oltin va kumush naqshlar, zabarjad,
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
Do'stlaringiz bilan baham: |