www.ziyouz.com
kutubxonasi
187
gapini esladi. Uning nimadan xavotirda ekanini endi sal tushunganday bo‘ldi. —
Mardonani nima qilasan?
— Uni... o‘ldiraman! — shunday deb Zaynab mushtlarini siqdi.
Kesakpolvon uning vajohati o‘zgarganini sezib, ahdi qat’iy ekanini angladi. Bu ham uning
uchun muddaoning o‘zi edi.
— Mardona kerak bo‘lsa, topamiz-da, — dedi Kesakpolvon, so‘ng o‘rnidan turib telefon
go‘shagini ko‘tardi-da, lozim raqamni terdi. Ayol kishining ovozini eshitgach: — Allo,
Mardona, senmisan? — dedi. «Yo‘q, men singillariman», degan javobni eshitgach,
«Opangni chaqir», dedi.
Buni eshitgan Zaynab hang-mang bo‘lib qoldi. U «Mardona allaqachon qaysi bir
shaharga qochib ketgan, uni bir oymi, bir yilmi qidirish kerak», deb o‘ylardi. Xuddi
tushda sodir bo‘lganday bir daqiqada topilib tursa?.. Zaynab shunisiga tushuna olmadi.
Umuman olganda, u to‘g‘ri fikr yuritgan edi. Mardona boshqa shaharga jo‘nashni ixtiyor
etganda G‘ilay qo‘ymadi. Avvaliga «Sen qo‘rqayotgan Asadbek bugun-erta iniga kirib
ketadi», dedi. Keyin esa, Chuvrindi ixtiyoriga o‘tib imkon topolmadi. Shu sababli ham
Kesakpolvondan uni ehtiyot qilishni so‘ragan edi. Qo‘yni bo‘rining qo‘liga topshirib
ketayotganiga uning aqli yetmadi.
Mardona u tomondan go‘shakni oldi shekilli, Kesakpolvon Zaynabdan ko‘zini uzmagan
holda gapirdi:
— Allo, Mardona, o‘zingmisan? Shomilbek Maskovdan telpon qilmadimi? Menga bir gap
aytib ketuvdi. Ha, qulog‘ingga aytaman. Hozir boraman, kutib tur.
Go‘shakni joyiga ilib, Zaynabga «Xo‘sh, ana, topdim. Endi nima qilasan?» deganday
qaradi. Keyin Zaynabning ajablanayotganini ko‘rib izoh berdi:
— Hosilning G‘ilay Shomil degan yugurdagi bo‘lardi. Mardona o‘shaniki. Hosil otilgan kun
bir borgan edim.
«Hosil otilgan kun? Kim otdi?» — deb o‘yladi Zaynab, ammo savolini tiliga chiqarmadi.
Chunki u Hosilboyvachchaning isminigina eshitgan, o‘zini esa ko‘rmagan edi. Otilgan
vaqti, sababini bilish uning uchun aytarli shart emasdi.
— Qani, boramizmi? — dedi Kesakpolvon.
— Bilmasam... — dedi Zaynab qat’iyatsizlik bilan.
— Bo‘shashma, dadil bo‘l! Sen Asadbekning qizisan. Birinchi qadamda lalaysang, ish
pachava bo‘ladi. Tur, ketdik!
Yo‘l-yo‘lakay Kesakpolvon Zaynabga qasos olish yo‘llarini o‘rgatdi, qasos olishdan
keyingi huzurni ta’rifladi.
3
Zaynabni ko‘rgach hayratdan lol qotgan Mardonaning ahvolini tasvir etmoqqa qalam
ojiz. Ha, avval hayratlandi, so‘ng bu hayrat o‘rnini qo‘rquv seli egalladi. Hatto a’zoyi-
badanidan jon chiqib ketganday bo‘ldi.
Hosilboyvachcha otilgan kuni G‘ilay Shomil bu yerga Kesakpolvonni boshlab kelib, tuni
bilan maishat qilgach, erta saharda Mardona yotgan xonaga kirgan edi.
— Ish buzildi, — degan edi u afsus bilan. — Shef iniga kirib ketdi. Men bilan kelgan
pakana yangi shef. Tayyorlanib tur, seni boshqa yoqqa ko‘chiraman.
Bir necha kundan beri Shomilning kelishini, boshqa yoqqa ko‘chirishini kutardi. Kutgani
kelmay, kutmagani keldi. U hojasining istagi bilan ko‘p qizlarni ignaga o‘tqazdi, ya’ni
giyohvandga aylantirib berdi. Ko‘p bokira, ammo aldangan yoki qo‘rqitilgan qizlarning
nomusi ham shu uyda bulg‘andi, bedarak yo‘qolgan yosh qizlarning so‘nggi izlari ham
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |