www.ziyouz.com
kutubxonasi
189
— Yo‘q, o‘ldirolmayman, — dedi Zaynab yig‘lamsirab.
— Agar hozir o‘ldirmasang, keyin hech qachon qilolmaysan bu ishni.
— Yo‘q, amaki, qo‘limdan kelmaydi...
— Unda qarab tur, — Kesakpolvon shunday deb Zaynabni Mardona tomon qaratdi-da,
uning qo‘lidan pichoqni oldi. Mardona o‘zini himoya qilishga ulgurolmay ham qoldi.
Ketma-ket urilgan pichoq zarbidan omonatini topshirdi.
Birinchi marta pichoq urilgandayoq Zaynab xonani tark etdi. Ko‘chaga chiqib, mashinaga
o‘tirib oldi. Dir-dir titray boshladi.
Zaynab «Asadbekning qizi» bo‘lishi hargiz mumkin emasdi.
Kesakpolvon bilan yigit yarim soatlardan keyin chiqishdi. Yigit bolachani yostiq bilan
bo‘g‘ayotganida Kesakpolvon do‘mboq qizni tatib ko‘rdi. Shu bilan qutulaman, degan qiz
ham yostiqda bo‘g‘ildi.
Mashina o‘rnidan jilgach, Kesakpolvon kerishib qo‘ydi-da:
— Bugun bir-ir savob ish qildim. Bu dunyoni ikkita shiltadan tozaladim, — dedi.
Tasodif shuki, Mardona pichoqlangan kuni Moskvada G‘ilay Shomil ham o‘ldirildi.
XVII b o b
1
Qosh qorayib, ovqat pishgach, Habib Sattorovni onasining uyiga chaqirdilar. Kelini
keltirib qo‘ygan moshxo‘rdani tez-tez xo‘rillatib ichishi Risolat kampirga yoqmadi.
— Muncha hovliqib ichasan, uyingga shoshyapsanmi?— dedi u, keyin bir piching bilan
o‘g‘lini «uzib» olmoqchi bo‘ldi: — Oytovoq xotining «tez keling» deganmidi?
O‘z xayollariga bandi bo‘lgan Habibga bu piching ta’sir etmadi, oddiy savol o‘rnida qabul
etib, osoyishtalik bilan javob qaytardi:
— Shoshayotganim yo‘q, oyi, moshxo‘rda qaynoq ekan. Bugun ketmayman, qolaman.
— Moshxo‘rdani sal sovugandan keyin ichsa, mazali bo‘ladi, hovliqma. Xotining nimaga
kelmadi?
— Hayronman, kelmoqchi edi. Kelib qolar.
— Kelib bo‘pti. Qaynisi o‘lib ko‘k ham kiymadi. Begonaga o‘xshab kelib-ketib yurdi.
— Oyi, qo‘ying eski gaplarni, endi ahil yashashimiz kerak. Men yaqinda yana Moskvaga
ketaman. Endi ko‘proqqa ketaman. O‘sha yerda ishlayman.
— Shoshilma, avval men o‘lay, keyin qayoqqa borsang bor.
— Oyi, bormasam bo‘lmaydi, unaqa demang. Keliningiz qoladi.
— Uni qara-ya! O‘sha oytovog‘ing menga qararkanmi? Jag‘imni bog‘larkanmi? Ketaver,
o‘ligim ko‘chada qolmas, men o‘lsam shu Xonzoda qizim ko‘madi.
Xonzoda ona-bola orasida gap qochayotganini bilib, choyni yangilab kelish bahonasida
tashqariga chiqdi.
— Sen bola, ilmdan boshqa narsani o‘ylamaysan hech? — deb achchiqlandi kampir. —
Xonzoda endi menga kim? Hech kim! Baraka topsin, qarab turibdi. Erta-indin birov og‘iz
solsa, erga tegadi-ketadi. Yosh juvon ko‘chada qolmaydi. Sen qo‘rqma, men uzoq
yashamayman. Har kuni ukang tushimga kirib chaqiryapti...
— Oyi, qo‘ying, — dedi Habib, kosani nari surib.
— Jahl qilmay, ovqatingni ich. Peshonam asli sho‘r ekan. Anvarim tirnoqqa zor o‘tdi.
Senga yaxshi xotin uchramadi. Jim bo‘l, yonini olma.
— Yonini olayotganim yo‘q. Xo‘p oyi, siz nima desangiz shu. Ertalab sizni uyimga olib
ketaman.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |