www.ziyouz.com
kutubxonasi
181
— Yo‘q. Birga yursak ham churq etmadilar.
— O‘xshatgansanlar...
Kesakpolvon Jamshidni tirik ko‘rganlaridan emas, uning Xongirey to‘dasiga aralashib
qolganidan ajablandi. Zelixonning ixtiyori bilan Jamshid Moskvaga keltirilgani, besh-olti
kun o‘rmondagi bir uyda yolg‘iz saqlangani, so‘ng «Aslida sen garovdagi odamsan, seni
sinash uchun Krasnoyarga yuboryapmiz. O‘zingni ko‘rsat, Xongireyning ishonchli odami
bo‘lishga intil!» deb buyurilganidan u bexabar edi.
Kesakpolvon ulardan boshqa gap chiqmasligini fahmlagach, bo‘lak mavzuga o‘tdi:
— Qaytganlaringdan keyin sheriklaringni ko‘rdilaringmi?
— Ko‘rdik.
— Kimga bo‘ysunish kerakligini aytishmadimi?
— Aytishdi.
— Xo‘sh, nimaga kelmadilaring?
— Qayoqqa?
— Onangnikiga! — Kesakpolvon shunday deb so‘kinib, tarsaki urib qoldi. Hozir Alining
alamini Validan oldi, desak-da bo‘lar. Jamshidning Xongirey to‘dasida yurgani haqidagi
xabar uning uchun kutilmagan zarba edi. Buni ham Chuvrindining ishi deb bildi. Chunki
Jamshidni yashirishni o‘sha zimmasiga olgan edi.
Bu yigitlar masalasida esa, ularni Chuvrindi kutib ololmagan taqdirda o‘zi amalga
oshirishi shart edi. G‘aflat bosib, unutibdi. Yaxshi hamki bular landovurlarcha
poyloqchilik qilib, Zaynab sezib qoldi. Yo‘qsa, ish qanday tugashini Yaratganning o‘zi
biladi. Zaynabga bir nima bo‘lsa, Asadbek uni kechirmas edi...
Hammomda davom etgan «Yalta muzokaralari»ning xulosasi shu bo‘ldiki,
Hosilboyvachchaning yigitlari poyloqchiliklarini davom ettiraveradilar. Ulardan birining
o‘g‘li, birining ukasi, yana birining singlisi garovga olinadi... Agar Zaynabning bir
tolagina sochi to‘kilsa...
Kesakpolvon aynan shunday dedi:
— Agar Zaynabning bir tolagina sochi to‘kilsa...
Shundan keyingina yuvinib olishga ijozat etildi.
— Men ruxsat bermagunimcha hammomdan qimirlamalaring, — deb Kesakpolvon
Zaynabning yoniga chiqdi.
— Do‘ngi qizim, tez narsalaringni yig‘ishtir, biznikiga borasan. G‘alamislarning ko‘nglida
shumlik bor. Ziyraklik qilibsan. Yura qol, o‘rtog‘ing ham uyda. Zerikmaysan.
Zaynabning peshonasi sal do‘ng bo‘lgani uchun Kesakpolvon uni bolaligidan «Do‘ngi
qizim», deb erkalardi. Hozir ham erkalab gapirgani uchun Zaynab ortiqcha savol berib
o‘tirmadi. Bir sidra kiyimlarini olib, tayyor bo‘ldi.
Zaynabning o‘rniga bu uyda Kesakpolvonning yigiti qoldi.
Hosilboyvachchaning yigitlari esa Zaynabning «bir tolagina sochi to‘kilishidan» qo‘rqib,
poyloqchilikni davom ettirishdi.
2
Asadbekning xastaligini bilgandan beri Kesakpolvon oromini yo‘qotdi. Uzoq yillar
mobaynida yelkama-elka turgan do‘stining birdan yo‘qlik dunyosiga ketishi
Kesakpolvonday bemehr odamda ham ikki turdagi tashvish uyg‘otdi. Biri yaqin insondan
ayrilish tashvishi bo‘lsa, ikkinchisi (muhimrog‘i) uning o‘rnini egallash. Kesakpolvon
mana shunga tayyor emasdi. Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, u o‘zini Asadbekdan keyingi
mutlaq hokim deb hisoblardi. «Chuvrindi ukaginasi»ning ulg‘ayib, hokimlik darajasiga
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |