www.ziyouz.com
kutubxonasi
153
maqomda yaratildi. Har kuni choyshab, yostiqlar, soqchilar almashtirilgani kabi, jononlar
ham o‘zgarib turdi. Bir tomondan Chuvrindining ko‘ngliga maishat sig‘magani, ikkinchi
tomondan biron marazni yuqtirib ketishdan cho‘chib, ularga yaqinlashmadi. Umid bilan
kelgan fohishalar divanda yolg‘iz yotib tong ottirdilar. Chuvrindi uzatgan pulni olmay,
lablarini burib «He, erkak bo‘lmay o‘l», deganday chiqib ketdilar.
G‘ilayning taqdiri Chuvrindiga picha ayon bo‘lsa-da, o‘ziniki qorong‘i edi. Xongirey uni
Butirkada chiritmas-u, ammo o‘ris qabristonidagi chirib yotgan birorta murda yoniga
joylab qo‘yishi mumkin. Lekin u nimani kutyapti? Chuvrindiga shu tomoni qorong‘i edi.
Holbuki, uning nimani kutayotganini bilish qiyin emas — u vakilining qaytishini kutardi.
Shuning qatorida prokuraturadan borganlarning ishi natijasi ham uni qiziqtirayotgan edi.
Arina Bergerning hamma yoqni ostin-ustin qilib yuborganini eshitib mamnun bo‘ldi.
SSSR prokuraturasida so‘zi o‘tadigan «ko‘p hurmatli o‘rtoq»qa telefon qilib, Bergerni
hozircha chaqirib turishni, Kozlov topilgach, ishni qayta boshlashni iltimos qildi.
Xongirey «Men gumon qilmayman, ishonaman», deganida katta ketmagan edi. Uning
ko‘ngli har nima balolarni sezib turardi. Shunday bo‘lsa ham gumonini tasdiq etish uchun
har bir narsani obdon tekshirtiradi. U Hosilning yo‘qolganini eshitiboq, birinchi
Asadbekdan gumonsiradi. Hosilning Asadbekni qarmoqqa ilintirgani haqidagi gaplarini
esladi. Xongirey videokassetani tomosha qilgach, Hosilga «Uni hozircha Asadga
ko‘rsatma», deb tayinlagan edi. «U ahmoq ko‘rsatgan. Buni ko‘rgan qaysi ota tinch
yuradi. Agar Asad tinch yursa, u — hezalak!» — deb o‘yladi.
Vakili qaytib, uning gumoni asosan tasdiqlangach, Chuvrindi qo‘ngan mehmonxonaga
bordi. Xongirey vakili bilan kirib kelgandan keyingina Chuvrindi uning kimni kutganini
angladi.
Xongirey Chuvrindi tomonidan lutf kutmay divanga o‘tirib, oyoqlarini chalishtirdi-da,
ayyorona ko‘z qisib, kulimsiradi:
— Ustingdan «SK KPSS»ga shikoyat tushibdi, «partiya»dan o‘chirilasan endi.
— Gunohim nima ekan? — dedi Chuvrindi uning yaxshi kayfiyatiga monand jilmayib.
— «Sovet fohishalari»ni nazarga ilmabsan. Sen ulardan irgangansan. Shu ishing bilan
meni ranjitding. Xongirey sen o‘ylaganday past emas, bilib qo‘y. Ular fohisha bo‘lgani
bilan «ekologik toza» edi.
Xongireyning ohangida zarda bo‘lmagani uchun, Chuvrindi ham asabiylashmay, tavoze
bilan javob qildi:
— Ular uchun alohida kelaman. Ayniqsa uchinchi bo‘lib kelganini sovg‘a qilsangiz olib
ketardim.
— E, yo‘q, qardosh, endi tushingni suvga ayt. Uni «yuqori»dagi o‘zimning odamlarimga
ham bermaganman. Shu nomardliging uchun menga yigirma beshta o‘n besh yoshli
buzilmaganni berasan.
— Yigirma besh donami yoki yigirma besh ming donami?
— Sen hazillashma, bu bo‘yningdagi qarz, unutma! Xo‘p, mening valaqlashishga vaqtim
yo‘q. Ishga o‘taylik. Vakilimning hisobotini eshitasanmi?
Chuvrindi mug‘ombirona jilmayib turgan «vakil»ga qarab oldi-da:
— Yo‘q, — dedi.
— Nega? — dedi Xongirey ajablanib.
— Men sizga to‘g‘risini aytganman.
— Demak, yolg‘on gaplaringdan tonmaysan?
— Yolg‘on gapim yo‘q.
— Unda mana buni eshit.
Xongirey ishora qilgan edi, vakil kaftdek diktofonni chiqarib, tugmani bosdi. G‘ilay
Shomilning so‘roqlarga bergan javoblarini, kaltak zarblarini Chuvrindi indamay o‘tirib
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |