www.ziyouz.com
kutubxonasi
148
— Orzubek aka, siz ulug‘ odamsiz, — deb gap boshladi u.
— Piching qilmang, iltimos.
— Piching emas, rost gap bu, — dedi Chuvrindi samimiy tarzda. — Siz ulug‘ odamsiz.
Ulug‘ odam mayda-chuyda gapga o‘ralashmasligi kerak. O‘shanda bek akamning
kayfiyatlari chatoq edi. Xotiningizni emas, o‘zingizni ham «juhud» deb yuborishlari
mumkin edi. E’tibor bermang u gaplarga. Biz sizni hurmat qilamiz. To‘g‘ri, biz millat
uchun sizday jon kuydira olmaymiz. Lekin «millat» deydiganlarni boshimizda ko‘tarib
yuramiz. Biz ham tirik jonmiz, bizda ham dard bordir.
Uchoqqa chiqishga ijozat berilgani haqidagi xabar aytilganiga qadar ham Orzubek va
Chuvrindi shu xildagi gaplarni gapirib o‘tirishdi. Uchoqda ham bu mavzu davom etdi.
Orzubek «shu odamlar tushunsa yaxshi edi», degan fikrda gapirardi. Chuvrindi uning
gaplarini aqlan yaxshi tushunardi. Ammo yurakdan his qila olmasdi. Chunki uning qalbi
mol-dunyo degan pardaga o‘ralgan, tuyg‘u ko‘zlariga tilla eritib quyilgan edi.
2
Ular Moskvada xayrlashdilar.
Moskvaga kelgan ikki o‘zbek ikki tashvish, ikki dard bilan ajralishdi...
Xongireyning idorasini uch soat deganda topishdi. G‘ilay Shomil bu yerga bir marta
kelgan, lekin qaysi ko‘chalardan yurganini eslay olmadi.
— Kayf bor edi, — dedi u o‘zini oqlab, — yuzta quyib bersangiz, moment topaman.
Mastlikda kelgan joyni mastlikda topish kerak.
— Bekor aytibsan, bir tomchi ham ichmaysan.
— Qizil maydondan o‘tgandan keyin bir jononning haykali bor edi.
G‘ilayning bu gapi Chuvrindiga kulgili bir sinemani eslatib, ichida kuldi-da:
— Chaykovskiymi? — deb so‘radi.
— Familiyasi esda yo‘q, — dedi G‘ilay.
Chuvrindi bu gapni eshitib baralla kulib yubordi. So‘ng G‘ilaydan ish chiqmasligini
anglab, tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib aniqlashtirdi.
Xongireyning qarorgohi ko‘p qavatli uyning uchinchi qavatiga joylashgan edi. Eshik
tepasidagi telekamerani ko‘rib Chuvrindi o‘zicha «Zo‘r-ku!» deb qo‘ydi. Qo‘ng‘iroq
tugmasini bosishi bilan eshik o‘z-o‘zidan ochildi. Chuvrindi shundagina eshikda tutqich
yo‘qligiga ahamiyat berdi. Eshik ochilishi bilan to‘rda o‘tirgan militsiya zobiti kiyimidagi
barvasta yigitga ko‘zlari tushib, joylarida qotdilar.
— Kiraver, zemlyak, qo‘rqma, — dedi zobit kavkazcha sheva bilan.
Ular ostona hatlashlari bilan eshik yopildi. Yon xonadan bir yigit chiqib ularni ichkariga
boshladi. Yana uch xonani oralab o‘tishgach, Xongireyga ro‘para bo‘ldilar.
— Kel, o‘zbek qardoshim, kel, mening aziz qo‘nog‘im bo‘l, qalbing huzurli o‘lsun, — dedi
u o‘rnidan turib.
Chuvrindining nazarida Xongirey soxta lutf ko‘rgazayotgandi. Chunki Xongireyni dastlab
ko‘rganida u butkul o‘zgacha vajohatda edi. Mehmonxonada, Asadbek huzurida u
kavkazliklarga xos qo‘pol, takabbur bir odamni ko‘rgan edi. Chuvrindi Xongireyga baho
berishda yanglishdi. Chunki avval ko‘rganida Xongirey mehmon, hozir esa mezbon
martabasida edi. Bu idora Xongireyning uyiday gap. Chechenlar esa uylariga kelgan har
qanday mehmonni izzat qiladilar, unga lutf ko‘rsatadilar.
Ular o‘tirishgach, qaldirg‘och mo‘ylovli xushsurat yigit choy keltirdi. Bir-ikki ho‘plam choy
ichganlaridan so‘ng Xongirey tilga kirdi:
— Xo‘sh, Asad qardoshim nechukdir? Avval ko‘rganimda xasta edi. Sog‘-omonmi?
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |