www.ziyouz.com
kutubxonasi
146
«Maynavozchilik! — deb o‘yladi u. — Umrini shunaqa maynavozchilik bilan o‘tkazdi.
Jinnixonaga ham maynavozchiligi tufayli tushgan. O‘sha yerda yotib ham shu qilig‘ini
qo‘ymagan. Hayotga shunaqa yengil qaragan. Yengil qaragani uchun ham hayotdan
osongina keta qoldi. Uning yashashdan maqsadi yo‘q edi. Hamma fojia shunda!»
Hayotni oddiy odam sifatida emas, olim dunyoqarashi bilan tushunuvchi Habib
Sattorovning ukasi haqidagi fikri shunday edi.
«Yengil qaragani uchun ham hayotdan osongina keta qoldi...»
Vo ajab! O‘zini osdi, degani hayotdan osongina ketdi, degani emas-ku? To‘g‘ri, bir necha
nafasda jon chiqadi. Lekin bo‘yniga sirtmoq solguncha qiynalmaydimi? Sirtmoqqacha
bo‘lgan soatlar, kunlar, oylar, balki yillar azobini kim hisob-kitob qiladi?
«Uning yashashdan maqsadi yo‘q edi...»
Naqadar xato fikr! Anvarning maqsadi unikidan ulug‘roq edi. Habib Sattorov bu olamda
«Vatan ozodligi, hurligi» degan tushuncha mavjudligini o‘ylab ham ko‘rmagan. Shu
sababli ham hurlik xususida satrlar bitilgan stolga tirsagini tiragan holda o‘tirib, ukasini
nojo‘ya aybladi.
_________________
* M a z m u n i b u d i r: «Tillari asaldan ham shirin, qalblari esa bo‘rilarning qalbidir».
* Mazmun budir: Agar quzg‘un qavmning yo‘lboshlovchisi bo‘lsa, Tezda ularni
o‘laksazorga olib boradi.
XIII b o b
1
Asadbek keyingi paytlarda puxta o‘ylamay turib qarorlar qabul qilayotgan bo‘lsa-da,
Chuvrindi uning holatini bilgani uchun qarshilik bildirmadi. «G‘ilayni olib, Maskovga
jo‘na», deganida «O‘sha yoqqa borish shartmi? Agar shart bo‘lsa, keyinroq borilsa-chi»,
deb e’tiroz bildirishga og‘iz juftladi-yu, hojasini g‘azabga solmaslik uchun tilini tiydi.
Asadbekka bo‘ysinib yo‘lga otlandi.
Ular safarga «deputatlar xonasi» orqali chiqishardi. Bu gal ham odat kanda bo‘lmadi.
Xona bekasi Chuvrindini yaxshi tanirdi. Aniqroq aytilsa, bu go‘zal juvonning xona bekasi
bo‘lishida uning xizmati bor edi. Xona bekasi ularni qarshilab, uchoq bir oz kechikishini
aytdi-da, qahvaxonaga boshladi.
Chuvrindi qahvaxonada Orzubekni ko‘rib quvondi.
— Birga uchamiz shekilli? — dedi Chuvrindi u bilan ko‘rishgach.
— Agar Moskvaga bo‘lsa, birga uchamiz. «Vatanimiz yuragi»ga, — dedi Orzubek keyingi
so‘zlarga kinoya ohangi berib.
Ikkita qahva keltirgan bekachaga G‘ilay aroq buyurgan edi, Chuvrindi «Maskovga borib
kelguncha chidaysan», deb jerkib berdi. G‘ilay bundan arazladimi yo tor xonada o‘tirib
siqildimi, chekib olish bahonasida tashqariga chiqdi.
— Bu ham o‘zlaringizdanmi? — deb so‘radi Orzubek.— Ko‘rinishidan jallodga o‘xshaydi.
— Jallodlik uning ikkinchi iste’dodi, — deb kuldi Chuvrindi.
— Moskvaga malaka oshirishga olib ketyapsizmi yo Butunittifoq yosh jallodlarining ko‘rik
konkursi bormi? — Orzubek shunday deb kuldi. Uning kayfiyati yaxshi edi, shu sababli
hazilini davom ettirdi: — Shunaqa o‘tkazilsa yaxshi bo‘larkan. Mana, eshiting-a: «Allo,
biz kallakesarlarni izlayapmiz!» Oradan bir oy o‘tgach bu yerda yangi ko‘rsatuv paydo
bo‘ladi: «Marhabo, kallakesarlar!»
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |