www.ziyouz.com
kutubxonasi
215
«Voy, voy, xudoyim!» deganicha o‘rnidan qo‘zg‘alolmay qoldi. Tildan, harakatdan qolgan
otasi ko‘zlarida esa yosh ko‘rindi. U o‘g‘lining «o‘limidan» bexabar bo‘lsa-da, qalbi bir
yovuzlikni sezgan, o‘zini sog‘inib yotgan edi.
Keyin qarindoshlar yo‘qlovi boshlandi. Biri nima gap bo‘lganini batafsil bilishni xohlaydi,
biri shunchaki ko‘ngil so‘raydi.
Kesakpolvondan sal oldin kelib ketgan mehmon esa shunchaki so‘ramadi. U bo‘lgan
voqealarni ipidan-ignasigacha bilishni istadi. Bu mehmon — Zohid edi.
Zohid so‘roqni uzoqdan — uning birinchi qamalishidan boshlab, gapni «o‘limi»ga olib
borib taqadi. Jamshid Chuvrindi bilan pishitgan maslahatiga ko‘ra «noma’lum kishilar
mashinasini to‘xtatishganini, urib, behush qilib noma’lum yoqqa olib ketishganini, bir
necha oy yerto‘lada saqlashganini» aytdi. Zohid uning uydirmalarini indamay o‘tirib
eshitdi. «Bir necha oy yerto‘lada yotganini» eshitib, unga tikildi-da, o‘zicha «Bir necha
oy yerto‘lada yotgan odamning rangi bunaqa bo‘lmas», deb o‘yladi. Biroq, gumonini
sirtiga chiqarmadi.
— Ular sizni nima uchun urishdi, nima sababdan qamab qo‘yishdi? — deb so‘radi Zohid.
Bu kutilmagan savolga Jamshid qiynalmay javob qaytardi:
— Aniq bilmayman. Yigitchilik... Bir qiz tufayli bo‘lsa kerak.
— Kim u qiz?
— Faqat ismini bilaman. Ko‘chada tanishganman. Uchrashib turardik. Unga hali
teginmagan edim.
— Nima uchun aynan shu qiz tufayli deb o‘ylayapsiz?
— Yerto‘lada bir gap bo‘luvdi. «Qizni uzatamiz, agar nomussiz chiqsa — sening
o‘lganing» deb shart qo‘yishgan.
— Demak, ular to‘yni kutishgan, shundaymi?
— Shunaqadir.
— Agar qizga sovchi kelmasa, bir-ikki yil yerto‘lada yotarmidingiz?
— Shunaqaga o‘xshaydi.
— Shu qizga o‘zing uylanasan deyishmadimi?
— Bunaqa shart bo‘lmadi.
— Shu aytgan gaplaringizga o‘zingiz ishonasizmi?
— Siz ishonmayapsizmi?
— Xo‘p, ishondim ham deylik. Xo‘sh, unda nima uchun o‘likxonadan murda olib yoqib
ketishdi.
— Sababi oddiy: meni qidirishmasin, deyishgan.
— Kim qidiradi?
— Bizda yo‘qolgan odamni kim qidiradi? Milisa-da.
— Sizning bunday yo‘qolganingizni Mahmud akangiz ham bilmasmidilar?
— Hech kim bilmagan.
Zohidning tiliga bir savol keldi-yu, aytishdan oldin o‘ylanib qoldi.
«Siz Mahmud akangiz bilan bir samolyotda kelibsiz, siz qamalgan yerto‘la Moskva
tomonlarda edimi?» — deb so‘rashning ayni payti edi. Lekin bu xabarni Said Qodirovga
yetkazgan odam shubha ostiga tushib qolishini hisobga olib, savolni keyingi
uchrashuvlar uchun asrab qo‘ydi.
Zohid sukutga berilgani holda Jamshiddan ko‘z uzmas edi. Sezgirlikda ancha-muncha
odamga dars bera oluvchi Jamshid esa bu qarash zamirida ko‘p gaplar yashirinib
yotganini fahm etardi. Shuning asnosida to‘qigan uydirmalari puch ekanini ham his etib,
o‘zidan o‘zi norizo bo‘lardi.
Zohidning sukuti uzoq cho‘zilmadi.
— Siz televizor ko‘rib turasizmi? — dedi u.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |