www.ziyouz.com
kutubxonasi
216
— Ha, unda-bunda... — dedi Jamshid savoldan maqsadni uqmay.
— Bir e’lon berishyapti. «Xayrli tun, kichkintoylar», degan ko‘rsatuvlari bor. Shu
ko‘rsatuvni olib borish uchun yaxshi ertakchi odam kerak ekan. Bir xabarlashing. Shu ish
aynan siz uchun, — Zohid shunday deb zaharli jilmaydi-da, xayrlashish uchun qo‘l uzata
turib qo‘shimcha qildi: — Ertaklaringizning muxlisiman. Yana uchrashamiz. Yangilaridan
eshitaman, degan umidim bor.
Hamisha dangal gaplashishga o‘rgangan, so‘z kelmagan taqdirda musht tilida
gaplashgan Jamshid bu kinoyani hazm qila olmadi. Bunday uchrashuv hali ko‘p bo‘lishini
anglab, g‘ijindi. Murdani osib yoqib yuborgan akaxonlarining katta xatoga yo‘l
qo‘yganlariga unda shubha yo‘q edi. Ularning olamida katta xatolar qon evaziga
tuzatilguvchi edi. Bu xato kimning qoni evaziga tuzatiladi?
Jamshid shu savolga javob izlab o‘tirgan damda tanish ovozni eshitdi:
— Ha, yigitning guli, bormisan bu olamda?
Jamshid Kesakpolvonni Asadbek huzurida ko‘rgandan beri uchrashmagan edi. Uning
uyga kirib kelishidan ajablangan holda salomlashdi. Kesakpolvon batartib xonaga ko‘z
tashlab olgach, divanga o‘tirdi.
— Haydar degan akaxonim bor edi, deb bir yo‘qlab ham qo‘ymaysan-a? — dedi u gina
ohangida.
— Bizdan nariroq yursin, degan gapni eshituvdim,— dedi Jamshid xuddi shu ohangda.
— Bu Bek akangning gapi. Sen undan xafa bo‘lma. Hozir kasal, yuragiga hech narsa
sig‘mayapti.
— Bek akamdan xafa bo‘lgan kunim — o‘lgan kunim.
— Bu gapni yaxshi aytding. Asadday odam bu dunyoda boshqa yo‘q. Sen o‘zimizning
odamsan. Shuning uchun seni o‘limdan olib qoldim. — Kesakpolvon «o‘limdan olib
qoldim» degan gapga alohida urg‘u berib, «tirikliging uchun Mahmud akangga emas,
menga qulluq qil», deb shama qildi. — Hozir ishlarimiz biroz notinchligini bilarsan? Har
holda Krasnoyarlarda bekor yurmagandirsan?
— Kozlovni qidirdik.
— Buni bilaman. Sen Xongireyning qo‘liga qanday tushib qolding?
Jamshid bu tafsilotni yashirmay, barchasini aytib berdi.
— Xongirey bilan hech gaplashdingmi?
— Yo‘q.
— Senga ular qanday topshiriq berishdi?
— Hech qanday. Yurtingga jo‘na, deyishdi, vassalom.
— Kuzatib yur, biron gap bo‘lsa yetkazasan, deyishmadimi?
— Men gap yetkazadigan xotinchalish emasman.
— Erkaksan, erkak! — Kesakpolvon unga bir oz tikildi-da, so‘ng gapini davom ettirdi. —
Maskovdan Mahmud akang bilan otamlashib kelibsan-da, a? Mahmud akang senga
qanaqa topshiriq beryapti?
— Hozircha uyda o‘tir, deganlar.
— Sen uyda tuxum bosib o‘tirishni xohlamasding, shekilli?
— Ish bo‘lsa, ayting, qilay?
— Bir ish bor. Lekin buni ikkalamiz bilamiz. Bek akang ham, Mahmud akang ham
sezmasligi kerak. Shu shartga ko‘nsang, aytay.
— Siz... ulardan yashirincha ish yuritmoqchimisiz?
— Aqling o‘tmaslashib qolibdi, bola. Xayolingga darrov buzuq fikr keldimi? Men
sheriklarimga qarshi ish qiladigan nomardmanmi?
— Unday deganim yo‘q.
— He, seni ustozingni... — Kesakpolvon ikki og‘iz «shirin so‘zlar»dan so‘ng muddaosiga
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |