www.ziyouz.com kutubxonasi
91
ettirdi:
— Pulning halol-haromi bo‘lmaydi. Har kim o‘z bilgicha topadi. Lekin pulni harom-
xarishga ham, savobga ham ishlatish mumkin. Topgan puliga masjid qurdiribdi,
imoratda nima gunoh? Shu pullarni yeb-ichib, aysh-ishratga sarf etsa ham bo‘lardi-ku?
— Sizning qarichingiz bilan o‘lchansa shundaydir. Ammo Allohning uyi halol peshona teri
bilan topilgan pulga qurilmog‘i lozim.
— Qaysi masjid shunday qurilgan? Peshona teri evaziga topilgan pul qorin to‘yg‘azishga
yetmaydi hozir, siz machit qurishdan gapirasiz. Asadbekdan bekorga gumondor bo‘lasiz.
U bunaqa mayda ishlarni o‘ziga ep bilmaydi.
— Vo ajabo, o‘zi ham menga shu gaplarni aytdi. Ammo unga uchrashganim hamon
moshinam topildi-da?
— Topdirib bergandir.
— Siz uni taniysizmi? Uni juda avaylab gapiryapsiz? Piringiz emasmi, mabodo?
Anvar Elchinga so‘z bermaslik maqsadida gapni ilib ketdi. Tanishtirmagani uchun uzr
so‘rab, do‘stini ta’riflab berdi.
— Elchin sizmisiz? — dedi qori ma’nodor qilib. — Ashulalaringiz yodimda. Hozir ko‘p
hamkasblaringiz islom yo‘liga o‘tib ibrat bo‘lishyapti.
Elchin bir gapdan qolib, «ha», deb qo‘ya qolsa bo‘lardi. Biroq, «islomga xizmat
qilayotganlar»ning kimligini yaxshi bilgani uchun o‘zini tutib turolmadi:
— Hamma noma’qulchiliklarni qilib ko‘rib, endi musulmon bo‘lib qolishibdimi? Nima edi,
o‘g‘ri qarisa so‘fi bo‘larkanmi?
— Qattiq ketmang, birodar. Gunohlari bo‘lsa, Alloh oldida o‘zlari javob beradilar. Ashula
boshlashlaridan avval «bismillohir rahmonir rohiym» deyishlarining o‘zi ulug‘ savob.
Elchin bu gapni eshitib kulib yubordi, bu kulgi qorini g‘azabga soldi. Anvar ularni
murosaga keltirish yo‘lini topa olmay kalovlandi.
— Kulmang, birodar, gunohga botmang, — dedi qori asabiy ohangda.
Elchin kulgidan birdan to‘xtab, unga jahl bilan tikildi.
— Qoshu ko‘zingdan akang aylansin, qachon qo‘yningga kiraman, qo‘limga qachon
qo‘nasan, deyish uchun ham bismillo aytish kerakmi? Sizga shu nayrangbozlik
yoqadimi? Hech bo‘lmasa dinni nayranglardan tozalab qo‘yinglar.
Sobitxon qori «astag‘firulloh!» deb pichirlab, «bu iblisning dastyori» bilan
bahslashishning foydasizligini angladi-da, Anvarga qaradi:
— Chindan ham bemavrid kiribman. Anvarjon, menga ruxsat, — u ruxsatni kutmayoq,
fotihaga qo‘l ochdi, — barchamizni Alloh taboraka va taolo iymonda va islomda barqaror
etsin, ovmin...
Elchin odob yuzasidan turib, xayrlashmadi, o‘tirgan yerida bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.
— Nimaga unga osilasan, arpangni xom o‘rganmi? — dedi Anvar, qorini kuzatib
qaytgach.
Elchin qo‘l siltab qo‘ydi.
— Hammasi nayrangboz. Qur’onni sharillatib o‘qib, barchani mahliyo qiladi-yu, bu yoqda
maishatdan bo‘shamaydi. Menga bittasi aytuvdi: qiyomatda imomlardan tutantiriq
qilinar ekan. Tushundingmi, do‘zax olovini yoqish uchun shu imomlar tutantiriq
bo‘larkan. Birinchi shular yonadi. Chunki sen bilan men bilmay gunoh qilamiz. Bular bilib
turib qilishadi. Har- holda men shu imomingdan keyin yonaman do‘zax o‘tida.
— Sobitxon sen aytgan toifadanmas, uni bekor ranjitding. Ilmi puxta, birovdan bir tanga
ta’ma qilmaydi. Millat deb jonini berishga tayyor. Bunaqalar kam...
— Qo‘y, o‘shaningni, — Elchin shunday deb yana qo‘l siltadi.
— Mana, Asadbek akangning iltifotlari bilan «tuzalib» chiqdim. Menda nima ishing bor?
— Sendami?.. Senda ishim yo‘q... Eng muhim ishim shuki, uyingda tuxum bosib o‘tir,
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |