Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
65
Asadbekday odamning ham joni qil ustida ekanini Jalil yaxshi tushunardi. Avvalo g‘anim
qasd qilmasin. Qasd qilsa birov uning jonini saqlab qololmaydi. Atrofini o‘nta
ishonchli
yigit o‘rab tursa ham bitta o‘q sig‘adigan tuynukcha topilib qolar. Shunday ekan, bu
o‘yinga kirganlarning umri xotimasi aniq. Asadbek shuni sezdimi? Yuragi sezgani uchun
birodari bilan vidolashib olmoqchi bo‘ldimi? Asadbekning bevaqt chorlovi Jalilni bu fikr
iskanjasiga topshirdi.
Jalilning nazarida televizordagi bejirim lablari kulib turgan qiz-juvonlar,
tirjayib turib
ashula aytayotgan xonandalardan tashqari butun el tashvishga burkangan edi. Hamisha
miriqib ko‘radigan tomoshalari bu kech unga yoqmadi. «Yangi yil kutish» degan gap
ham birdaniga erish tuyuldi. Kuyovi bilan piyolani cho‘qishtirib qo‘ydiyu aroqni ichmadi.
Doimo zavq beruvchi farzandlar davrasi ham tatimadi. Yuragi tars yorilguday bo‘lib
o‘rnidan turib ketdi. «Tobim qochdi», deb xonasiga kirib cho‘zildi. «Tinchlikmi, adasi,
o‘rtog‘ingiz tinchmilar ishqilib», deb kirgan xotiniga bobillab berdi.
Soat o‘n ikkida farzandlari bir-bir kirib yangi yil bilan tabriklab chiqishdi. Qo‘shni xonada
tongga qadar televizor sayradi. Jalil tongni it azobida kutdi. Chala-yarim nonushta qilib,
ota mahallasiga jo‘nadi. Asadbekning bolaligi o‘tgan
hovli eshigi ichkaridan
tanbalangan, demak, chiqib ketibdi. Jalil uyiga kirib ukasini yo‘qladi-yu, Asadbeknikiga
qarab yo‘l oldi.
O‘rtog‘i uyiga kelmabdi. Manzura odatiga xiyonat qilmagan ravishda yerdan ko‘zini
uzmay so‘rashdi.
— Tinchlikmi, o‘zi kelin?
— Tinchlik, — dedi u past ovozda. Bu oilaga samimiy munosabatda bo‘luvchi eng yaqin
odamning
Jalil ekanini, hatto unga ham oila sirlarini ishonib aytish mumkinmasligini
Manzura biladi. Ko‘z yoshi to‘kib hasrat daftarini ochgisi keladi. Ammo... eri aytmagan
sirni u aytolmaydi...
— Agar tinchlik shunaqa bo‘lsa, g‘alvasi qanaqa bo‘larkan, — dedi u iziga qaytayotib. —
Galvars eringizga ming marta aytdim, shu ishlarni yig‘ishtir, deb.
— O‘rtog‘ingizni bilasiz-ku...
«Ha, bilaman, — deb o‘yladi Jalil, — Xudo unga boylik berganu tariqcha aql bermagan.
Million so‘mi yo‘qlar qirilib ketyaptimi,
shuncha boylik kammi unga, go‘riga ortmoqlab
boradimi? Lahadda boshiga bittagina guvala qo‘yiladi, pul qo‘yilmaydi, shunga farosati
yetmaydimi?..»
Shu gaplar xayoliga keldi-yu, ammo ayolga qarab vaysashdan o‘zini tiydi. Shu topda
eshikdan
Asadbek kirib kelsa, shu zahar gaplarni ayta olarmidi? Aytish ham gapmi?!
Xo‘sh, shaharni yotqizib-turg‘izish qo‘lidan keladigan Asadbek-chi? Eski yuz so‘mlikni
uzoqdan ko‘rib qolgan, yangisi chiqqanini ko‘rish u yoqda tursin, hali eshitmagan oddiy
ishchining haqorat chegarasini ham bosib o‘tib ketuvchi so‘zlariga nima deydi? Jalil
gapira-gapira jo‘shib ketsa, shartta biqinini chimchilaydi yo songa shapatilab urib qoladi
— shunda Asadbek nima qiladi? Kayfiyati yaxshi bo‘lsa — kulib qo‘ya qoladi.
Hatto
o‘rtog‘ining bu qilig‘idan yayraydi. Bolalik damlari esiga tushib shirin entikadi. Bolaligida
bir ro‘shnolik ko‘rmagan bo‘lsa ham vujudiga rohat o‘rmalaydi... Jalil zaharga bulab
otayotgan so‘z o‘qlariga kayfiyati nobop paytida duch kelsa ham g‘azablanmaydi. O‘zini
bosadi. «Ha, qilig‘i sovuq» deb to‘ng‘illab qo‘yadi... Shunday ekan, Jalil ichini
yondirayotgan gaplarini Manzuraga aytadimi yo
soqchi yigitlargami, yo Asadbekning
o‘zigami — farqi yo‘q, so‘zlar samoga sochilgan o‘qlardek samara bermaydi.
Jalil Manzuraga qaradi-yu «xayr» deb tashqariga chiqdi. Endi qayoqqa borishini bilmay
garangsidi. Katta ko‘chaga qadar kalovlanib bordi. So‘ng pishillab to‘xtagan avtobusga
chiqib uyiga ketdi.