Haqiqiy mo'minlar Alloh va Uning Payg'ambariga imon keltirib, so'ngra shubha qilmagan va mollari va jonlari bilan Alloh yo'lida jihod qilgan zotlardir. Aynan o'shalargina (imonlarida) sodiqdirlar.
Izoh: Tilidagina imon keltirib, dilida imon qaror topmagan a'robiylar (badaviy arablar) bilan komil mo'minlar o'rtasidagi farq bayon qilinmoqda. Jihod haqida Tavba surasi, 88-oyat izohiga qaralsin.
(Ey, Muhammad, a'robiylarga) ayting: "Sizlar Allohga diningizni bildirmoqchimisizlar?! Vaholanki, Alloh osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsani bilur. Alloh barcha narsani biluvchidir".
Ular Sizga islomga kirganlarini minnat qilurlar. Ayting: "Sizlar menga islomingizni minnat qilmangiz. Balki agar (imoningizda) sodiq bo'lsangiz, bilingizki, Alloh sizlarni imonga hidoyat qilganini minnat qilur.
Albatta, Alloh osmonlar va Yerdagi g'ayb (sirlar)ni bilur. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir".
QOF SURASI
Qof - arab alifbosining 21-harfi. Bu kabi harflarning sura boshida kelganda qanday tushunish kerakligi haqida Baqara surasi avvalidagi izohda bayon qilindi. Qof bir yashil tog'ning nomi sifatida ham keladi. Surada imon- e'tiqod, kufru shirk, dunyo va oxirat kabi tushunchalar, xususan, o'lgandan keyin qiyomatda tirilib, Alloh huzurida hisobot berishlikning haqligi to'g'risida uqdiriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Do'stlaringiz bilan baham: |