bu (qasam) agar bilsangizlar, albatta, buyuk qasamdir -.
albatta, u Qur'oni karimdir
yashirin Kitobdagi (Lavhul-Mahfuzdagi).
Uni (Qur'onni) tahoratli kishilardan o'zgalar ushlamaslar.
(U) olamlar Parvardigori (tomoni)dan nozil qilingandir.
Bas, (ey, kofirlar,) sizlar shu So'zga (Qur'onga) beparvolik qilayapsizlarmi?!
Yana (Qur'onni) yolg'onga chiqarishingizni o'z rizqingiz qilib olayapsizlarmi?!
Bas, qachonki, (kishining joni) halqumga yetganida,
holbuki, o'sha vaqtda sizlar qarab turursizlar.
Biz esa unga sizlardan ko'ra yaqinroqdirmiz, lekin sizlar (buni) ko'rmassizlar.
Bas, qani endi, sizlar jazolanmaydigan bo'lsangizlar,
va rostgo'y bo'lsangizlaru, o'shani (jonni) qaytara olsangizlar!
Bas, agar o'sha (vafot etgan zot Allohga) yaqinlardan bo'lsa,
(uning uchun) rohat, rayhon (bo'yi) va ne'matlar jannati bordir.
Endi, agar u o'ng tomon egalaridan bo'lsa,
bas, (ey, saodatli banda,) senga o'ng tomon egalaridan salom!
Bordi-yu, u (dinni) inkor etuvchi gumrohlardan (chap tomon egalaridan) bo'lsa,
bas, qaynoq suvdan iborat "ziyofat"
va do'zaxning toblashi bordir.
Albatta, bu (zikr qilingan narsalar) ayni haqiqatning o'zidir.
Bas, Ulug' Rabbingiz nomi bilan tasbeh ayting!
HADID SURASI
Hadid - temir. Suraning 25-oyatida temirning xislatlari ko'p ekani haqida so'z yuritilgan. Shuningdek, surada ilohiy ko'rsatmalar va aqidaviy ta'limotga doir oyatlar bayon etilgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Allohga tasbeh aytur. U qudrat va hikmat sohibidir.
Osmonlar va Yer hukmronligi Unikidir. U tiriltiradi ham, o'ldiradi ham. U har narsaga qodirdir.
U Avval, Oxir, Zohir va Botindir. U barcha narsani biluvchidir.
Izoh: Allohning sifatlaridan ba'zilari keltirilmoqda. Avval, ya'ni, boshlanishi yo'q. Oxir, ya'ni, tugashi yo'q. U azaliy va abadiydir. Zohir, ya'ni, Uning borligi hamma narsadan bilinib turadi. Botin, ya'ni, Uni bu dunyoda beshta ma'lum sezgi a'zolari bilan ko'rib bo'lmas.
U osmonlar va Yerni olti kunda yaratib, so'ngra Arsh o'zra mustaviy bo'lgan zotdir. U yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, osmondan tushadigan narsalarni ham, unga (osmonga) ko'tariladigan (yaxshi amal va duolar kabi) narsalarni ham bilur. Sizlar qayerda bo'lsangizlar, U sizlar bilan birgadir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir.
Osmonlar va Yer hukmronligi Unikidir. Ishlar faqat Allohga qaytarilur!
U kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur. U dillardagi sirlarni biluvchidir.
(Ey, insonlar,) Allohga va uning payg'ambari (Muhammad)ga imon keltiringlar hamda U sizlarni xalifa qilib qo'ygan narsalardan (boyliklaringizdan) ehson qilinglar! Bas, sizlardan imon keltirgan va ehson qilgan zotlar uchun katta mukofot bordir.
Agar sizlar imon keltiruvchi bo'lsangizlar - payg'ambar sizlarni Rabbingizga imon keltirishga da'vat qilar ekan, ahdu paymoningizni olgach, nega sizlar Allohga imon keltirmayapsizlar?!
Izoh: Bu "Almiysoq" voqeasidir. Ya'ni, Alloh taolo dunyoga keluvchi barcha insonlarning ruhlarini ilk bor yaratib, ulardan: "Men Rabbingiz emasmanmi?!" - deb so'ragan. Shunda bo'lajak mo'minlarning ruhlari "Rabbimizsan" deb javob berishgan. Miysoq-ahd. Shu ahdga vafo qilish haqida so'z borayotir.
U O'z bandasi (Muhammad)ga sizlarni zulmatlar (kufr)dan nur (imon)ga olib chiqishi uchun aniq oyatlarni nozil qiladigan zotdir. Albatta, Alloh, sizlarga mehribon va rahmlidir.
Nega sizlar Alloh yo'lida ehson qilmayapsizlar?! Holbuki, osmonlar va Yer merosi yolg'iz Allohniki- ku! Sizlardan (Makka) fath bo'lishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar bo'lmas. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan Ulug'roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go'zal (mukofot jannat) va'da qilgandir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.
Allohga "qarzi hasana" (Uning yo'lida ehson) qiladigan kishi bormiki, (U) o'sha (kishi)ga bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarsa! Uning uchun yana sharafli mukofot ham bordir.
Mo'min va mo'minalarning oldilarida va o'ng tomonlarida (amal) nurlari yurganini ko'radigan Kunni (eslang)! (O'sha Kunda ulargadeyilur:) "Sizlar uchun bugungi xushxabar - ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu qolinadigan jannatlardir. Bu ulkan yutuqning o'zidir!
U Kunda munofiq va munofiqalar imon keltirgan zotlarga: "Bizga qaranglar, biz ham sizlarning nuringizdan ozgina olib foydalanaylik", - desalar, (ularga:) "Ortingizga qaytib nur istanglar", - deyilur. So'ng ular (bilan mo'minlar) o'rtasida darvozali bir devor urilurki, uning ichida rahmat (jannat), tashqarisida esa azob (do'zax) bo'lur.
Ular (mo'minlarga) "Biz (dunyoda) sizlar bilan birga emasmidik", - deb nido qilganlarida, (mo'minlar) derlar: "Ha, lekin sizlar o'zlaringizni fitnaga soldinglar va (bizlarga musibat yetishiga) ko'z tutdinglar hamda (dinimiz to'g'risida) shubhalandinglar va to Allohning amri (o'lim) kelgunicha xom xayollar sizlarni aldadi. Sizlarni Alloh haqida aldovchi (shayton) ham aldab qo'ydi".
Mana bugun sizlardan ham, (ey, munofiqlar,) kofir bo'lganlardan ham (azobdan qutulishlaringiz uchun) to'lov olinmas. Joylaringiz do'zaxdir! U sizlarning munosib joyingizdir! Naqadar yomon oqibat bu!
Imon keltirgan zotlar uchun dillari Allohning zikriga va nozil bo'lgan haq (Qur'on)ga moyil bo'lish (vaqti) kelmadimi?! (Yana ular uchun) ilgari kitob ato etilgan, so'ng (payg'ambarlaridan keyingi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) kabi bo'lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)?! Ulardan ko'plari fosiq (itoatsiz)dirlar!.
(Ey, mo'minlar,) bilinglarki, albatta, Alloh "o'lgan" yerni tiriltirur. Mana Biz aql yurgizishingiz uchun sizlarga (qudratimizga dalolat qiladigan) oyatlarni batafsil bayon qildik.
Albatta, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar hamda Allohga "qarzi hasana" berganlar uchun (sadaqalari) bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarilur va ular uchun yana sharafli mukofot bordir.
Allohga va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar - aynan o'shalar Parvardigorlari huzurida siddiqlar va shahidlarning o'zidirlar. Ular uchun (oxiratda) mukofotlari va (yo'llarini yorituvchi) nurlari bo'lur. Kofir bo'lgan va oyatlarimizni inkor etgan kimsalar - ular do'zax egalaridir.
Izoh: Siddiqlar imonida sadoqatli kishilardir. Tasavvufda Siddiq payg'ambarlikdan keyingi yuqori maqom, valiylik. Bu maqomga birinchi bo'lib Abu Bakr Siddiq erishganlar. Siddiq - so'zida, niyatida, amalida va va'dasida sadoqatli kishidir.
Bilinglarki, bu dunyo hayoti faqat o'yin, behudalik, ziynat, o'zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko'paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg'irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So'ngra u qurigach, uni sarqaygan holda ko'rursiz. So'ngra u o'tin bo'lib qolur. Oxiratda esa (qay birlaringiz uchun) qattiq azob (qay birlaringiz uchun) Alloh tomonidan mag'firat va rizolik bordir. Dunyo hayoti faqat aldov matosidir.
(Ey, insonlar,) Rabbingiz tomonidan bo'ladigan mag'firatga hamda Alloh va Uning payg'ambarlariga imon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo'yilgan, kengligi osmon va Yerning kengligi kabi bo'lgan jannatga shoshilingiz! Bu Allohning fazli bo'lib, uni O'zi xohlagan kishilarga ato etur. Alloh Ulug' fazl sohibidir.
Xoh yerga va xoh o'zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo'lur. Albatta, bu Allohga osondir.
Toki, sizlar qo'llaringizdan ketgan narsaga qayqurmagaysizlar va (Alloh) ato etgan narsa bilan shodlanib (havolanib) ketmagay sizlar. Alloh har qanday kibrli va maqtanchoq kimsalarni suymas.
Ular baxillik qiladigan va odamlarni ham baxillikka buyuradigan kimsalardir. Kim (baxillik qilib ehson qilishdan) yuz o'girsa, bas, albatta, Allohning O'zi behojat va hamdga loyiq zotdir.
Biz O'z payg'ambarlarimizni hujjat (mo''jiza)lar bilan yubordik va ular bilan birga Kitob hamda odamlar adolatni barpo qilishlari uchun mezon (tarozi) tushirdik. Yana, Biz temirni tushirdik. Unda quvvat va odamlar uchun manfaatlar bordir. Alloh O'ziga va ayg'ambarlariga (Alloh yo'lida jihod qilish bilan) qoyibona yordam beradigan kishilarni bilish uchun ham (temirni yaratdi). Albatta, Alloh kuchli va qudratlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |