Qasamlaringizni o'zaro aldov vositasi qilib olmangiz! Aks holda (Islom yo'lida) mahkam o'rnashgan oyoq toyib ketur va Alloh yo'lidan to'sganingiz sababli yomonlik (balo va musibatlar)ni totib qolursizlar hamda (oxiratda) sizlar uchun ulkan azob bordir.
Allohning ahdini ozgina qiymatga sotib yubormangiz! Agar bilsangizlar, albatta, Alloh dargohidagi narsa (ajr-savob) sizlar uchun (dunyo matohlaridan) yaxshiroqdir.
Sizlarning huzurlaringizdagi narsa(lar) tugab ketur. Alloh dargohidagi narsa(lar) esa boqiydir. Biz, albatta, sabr etganlarni o'zlari qilib o'tgan amallarining chiroylilari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz.
Erkakmi yo ayolmi - kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga pok hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan amallarining chiroyligi barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz.
Qachonki, Qur'on o'qisangiz, albatta, quvg'in etilgan shayton (vasvasasi)dan Alloh panoh berishini so'rangiz!
Albatta, imon keltirgan va faqat Parvardigorlariga tavakkul qiladiganlar ustidan u (shayton) uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo'qdir.
Uning hukmronligi faqat uni do'st tutib, Unga shirk keltiruvchilar ustidandir.
Qachonki, (Biz) bir oyat o'rniga boshqa bir oyatni almashtirsak, - holbuki, Alloh o'zi nozil qiladigan oyatlarni yaxshi biluvchidir - ular (payg'ambarga): "Haqiqatan, sen o'zing to'qib oluvchisan", -
deydilar! Yo'q! Ularning ko'plari (buning hikmatini) bilmaydilar!
(Ey, Muhammad! Ularga) uni (ya'ni, Qur'onni) Ruhul-Qudus (Jabroil) Rabbingiz (tarafi)dan imon keltirganlarni (dinda) sobitqadam qilish uchun musulmonlarga hidoyat va bashorat bo'lgan holida barhaq nozil qilganini ayting!.
Aniqki, (Biz) ularning: "Unga (Muhammadga Qur'onni) biror odam o'rgatmoqda", - deyayotganlarini bilurmiz. (Lekin) ular ishora qilayotgan kimsaning tili ajamiy (arabiy emas), bu (Qur'on) esa aniq arabiydir.
Izoh: Payg'ambarimiz (a. s.) bir ajam, ya'ni arab bo'lmagan kishiga uning tilida Islomdan ta'lim berayotganini ko'rgan mushriklar "Muhammad Qur'onni balki shu odamdan o'rganib, bizga o'qib berayotgandir", - degan tuhmatni qilishganda, Alloh taolo "Sizlar aytayotgan odam ajam bo'lsa, Qur'on tili xolis arabiy bo'lsa, qanday qilib ajam Payg'ambarga bu kabi mo''jiza Qur'ondan ta'lim bera oladi?!" - deb raddiya bildirishmoqda.
Albatta, Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlarni Alloh hidoyat qilmas. Ular uchun alamli azob bordir.
Yolg'on so'zlarni faqat Alloh oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to'qurlar. Aynan o'shalarning o'zlari yolg'onchilardir.
Kim Allohga imon keltirganidan keyin (yana qaytib) kofir bo'lsa (holiga voy!) Lekin kimning qalbi imon bilan xotirjam holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, u mustasnodir. Ammo kimki ko'ngilni kufrga ochsa, bas, u (kabi)larga Alloh (tomoni)dan g'azab va ulkan azob bordir!
Izoh: Bu oyatlar imon yo'lida zahmat chekkan Ammor ibn G'sir to'g'risida nozil qilingan. Uni Islom dinidan qaytarish maqsadida qattiq qiynaganlar va Hubal ismli butga imon keltirsang qo'yib yuboramiz deganda, jonini saqlab qolish uchun ularning talabini bajargan. So'ng Rasul (a. s.) huzurlariga yig'lab borib: "Endi mening imonim nima bo'ldi?" - deb so'ganida, janob: "Agar dilingni imon bilan mustahkam qilib turib faqat tiling bilangina aytgan bo'lsang zarari yo'q", - deb marhamat qilganlar.
Bu (azob-uqubatlar)ga sabab ularning dunyo hayotini oxiratdan afzal bilishlari va Allohning kofirlar qavmini hidoyat qilmasligidir.
Ana o'shalar dillarini, quloqlarini va ko'zlarini Alloh muhrlab qo'ygan kishilardir va ana o'shalar g'ofillardir.
Shak yo'qki, oxiratda ziyon ko'ruvchilar ham o'shalardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |