(Ey, Muhammad,) agar Siz u (mushrik)larning hidoyat topishlariga qiziquvchan bo'lsangiz (bilingki), Alloh o'zi adashtiradigan kimsalarni sira hidoyat qilmas va ularga madad beruvchilar ham bo'lmas.
Ular zo'r berib: "Alloh o'lganlarni qayta tiriltirmaydi", - deb Alloh nomiga qasam ichdilar. Yo'q! (Albatta, tiriltirur!) Bu - Uning haqqoniy va'dasidir. Lekin, odamlarning aksariyati bilmaydilar.
Ularga o'zlari ixtilof qilayotgan narsalarini ajrim qilib berish uchun, hamda kofir bo'lganlar o'zlarining yolg'onchi ekanliklarini bilishlari uchun ham (qayta tiriltirur).
Biz biror narsani iroda qilsak, unga aytadigan so'zimiz: "Bo'l!" - deyishdir. Bas, (o'sha narsa) bo'lur.
Zulm qilinganlaridan so'ng, Alloh yo'lida hijrat qilganlarni, albatta, bu dunyoda ham go'zal (maqomlar)ga joylashtirurmiz. Oxirat mukofoti esa, yanada kattaroqdir. Qani, endi (buni odamlar) bilsalar edi!
Ular sabr qilgan va Parvardigorlarigagina tavakkul etganlardir.
(Ey, Muhammad,) Sizdan oldin ham faqat (Siz kabi) kishilarnigina (payg'ambar qilib) yuborib, ularga vahiy nozil etib turganmiz. Agar (bu haqda) bilmaydigan bo'lsangizlar, ahli zikrlardan (ya'ni, Tavrot va Injilni biladiganlardan) so'rangizlar!
(Biz payg'ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ahkomlar)ni bayon qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur'onni) nozil qildik.
Yomonliklar makrini qilganlar o'zlarini yer yutishidan yoki sezmagan taraflaridan azob kelib qolishidan xotirjammilar?!
Yoki (safarda) aylanib yurganlarida ularni (ofat) tutgach, (hech kimni) ojiz qoldira olmasliklaridan (qo'rqmaydilarmi)?!
Yoki (qilmishlari oqibatidan) qo'rqib yurgan paytlarida, ularni (biror ofat) ushlab qolishidan (qo'rqmaydilarmi?!) Darhaqiqat, (yana ham) Rabbingiz mehribon va rahmlidir.
Axir, ular Alloh yaratgan barcha narsalarning soyalari o'ngu so'llariga, Allohga bo'yin sunib sajda qilgan holda egilayotganini ko'rmadilarmi?!
Osmonlar va Yerdagi barcha narsa - jonivorlar va farishtalar ham kibr qilmagan hollarida faqat Allohga sajda qilurlar.
Ular (farishtalar) ustilaridagi (kuzatib turgan) Parvardigorlaridan qo'rqurlar va faqat o'zlariga buyurilgan ishlarnigina qilurlar. (49-50-oyat. Sajda oyati. )
Alloh: "Ikki xudoni iloh qilib olmanglar! Albatta, U yagona ilohdir! Bas, Mendangina qo'rqingiz!" - dedi.
Osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalar Uning mulkidir. Din (itoat qilish) Ungagina (bo'lishi) vojibdir. Allohdan o'zgasidan qo'rqasizlarmi?!
Sizlarda qaysi bir ne'mat bo'lsa, albatta, u Allohdandir. Shuningdek, qachon sizlarga musibat yetsa ham faqat Ungagina yolborasizlar.
So'ngra, (U) sizlardan (o'sha) musibatni daf etgach, sizlarning orangizdan bir to'da (chiqib) Parvardigorlariga shirk keltirurlar.
Bu ularga berganlarimizga noshukrchiliklaridir. Bas, (ey, mushriklar,) "foydalanib" qolinglar. Yaqinda, (qiyomat kunida haqiqatni) bilursizlar.
Ular Biz rizq qilib bergan narsalardan o'zlari bilmaydigan narsa (butlari) uchun nasiba ajraturlar. (Ey, mushriklar), Allohga qasamki, albatta, sizlar o'zlaringiz to'qib olgan narsa (butlaringiz) to'g'risida, albatta, so'ralursizlar.
Ular "Farishtalar Allohning qizlari" deyishib, da'vo qilishadi, U (bunday bo'htondan) pokdir. O'zlariga esa ko'ngillari xushlaydigan narsani (ya'ni, o'g'illarni) nisbat berishadi.
Izoh: Ya'ni farishtalar Allohning qizlari deb, ikki jinsning a'losini o'zlariga, zaifini Allohga nisbat berishadi. Vaholanki, o'zlariga qiz farzand bo'lishini xohlashmaydi. Bu ularning dunyoqarashlariga binoan mantiqiy bahsdir. Aslida esa Allohning nazdida erkak bilan ayolning sharafi barobardir.
Qaysi birlariga qiz (ko'rgani haqida) xushxabar berilsa, g'azabi kelib, yuzlari qorayib ketar.
U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to'g'risida o'y surib), o'ziga xushxabar berilgan narsaning "yomon"ligidan (oriyat qilib,) odamlardan yashirinib olur. Ogoh bo'lingizkim, ularning bu hukmlari yaroqsizdir.
Oxiratga imon keltirmaydiganlarda yomon masal bordir. Allohda esa eng oliy masal (sifat) bordir. U qudrat va hikmat egasidir.
Agar Alloh odamlarni zulmlari sababli ushlaydigan (jazolaydigan) bo'lsa, unda (Yer yuzida) biror jonivorni (tirik) qo'ymagan bo'lur edi. Lekin, ularni ma'lum muddatgacha qo'yib berur. O'sha
muddatlari yetib kelganida esa, uni biror soat ketga ham sura olmaydilar, oldinga ham.
Ular o'zlari yomon ko'radigan narsa (qiz bolalar)ni Allohga tirkab, yana tillari o'zlariga chiroyli mukofot (jannat) bo'lishi haqida yolg'on so'zlaydi. Shubha yo'qki, ular do'zax ahllaridir va albatta, ular (do'zaxga) birinchilar (qatorida tashlanuvchilar)dir.
(Ey, Muhammad), Alloh (nomim)ga qasamki, darhaqiqat, Biz Sizdan oldingi ummatlarga ham payg'ambarlar yuborganimizda, shayton ularga o'zlarining (razil) ishlarini chiroyli qilib ko'rsatgan edi. U bugun (bu dunyoda) ularning "do'sti"dir. (Oxiratda esa) ular uchun alamli azob bordir.
Biz Sizga imon keltiradigan qavm uchun hidoyat va rahmat bo'lmish Kitob (Qur'on)ni ularga o'zlari ixtilof etayotgan narsalarini aniq qilib berishingiz uchungina nozil qildik.
Alloh osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, u sababli "o'lik" yerni "tiriltirdi". Albatta, bunda (nasihatga) quloq tutadigan qavm uchun alomat bordir.
Darvoqe, sizlar uchun chorva hayvonlarida ham ibrat bordir; sizlarni ularning qorinlaridagi najosat va qon oralaridan chiquvchi, (lekin) ichuvchilar uchun ishtahali toza sut bilan sug'orurmiz.
Xurmo va uzumlarning mevalaridan esa aroq va go'zal (halol) rizq olursizlar. Albatta, bunda ham anglaydigan qavm uchun alomat bordir.
Izoh: Bu oyat nozil qilingan paytda hanuz aroq shar'an man etilmagan edi.
(Ey, Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (bo'yruq) qildi: "Tog'larga, daraxtlarga va (odamlar) quradigan narsalarga in quringiz.
So'ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo'ygan yo'llardan yuringiz!" Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo'lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir.
Sizlarni Alloh yaratdi. So'ngra vafot etdiradi ham. Sizlarning orangizda eng tuban umr ko'rishga (keksayib, zaif holatga) qaytarilib, ilgari bilgan narsalarining hech birini bilmay qoladigan kishilar ham bordir. Albatta, Alloh bilimli va qudratlidir.
Izoh: Islomda oyat va hadis matnidan olingan "arzalul-umr" degan ibora bor. Ya'ni, eng tuban umr, qarib qartaygan yosh. Shu necha yoshdan boshlanadi, degan masalada turli tafsirlar bor: birida 60 dan desa, boshqasida 75 dan, yana bir rivoyatda 80 dan, boshqasida 90 dan keyin boshlanadi, deyiladi.
Alloh ba'zilaringizdan ba'zilaringizni rizqda yuqori qilib qo'ydi. Bas, bu (rizqda) yuqori qilinganlar o'zlarining rizqlarini qo'l ostidagi (qul)lariga bermaydilarki, barchalari (rizqda) barobar bo'lib olsalar. Bas, Allohning ne'matini inkor eturlarmi?!
Alloh sizlar uchun o'zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o'g'illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi. Bas, (ular) botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne'matini inkor eturlarmi?!
Izoh: O'zlaringizdan, ya'ni, inson jinsidan. Bu oyatda ishorat borki, juftlarimizning jinlardan yoki farishtalardan bo'lmay, o'z jinsimiz - odamzotdan bo'lishi ham ulug' ne'mat ekan.
Allohni qo'yib, ular uchun osmonlar va yerdan biror narsani rizq qilib bermaydigan va bera olmaydigan (but)larga sig'inadilarmi?!
Bas, Allohga (zarbul) masal to'qimanglar! Albatta, Alloh bilur, sizlar bilmaysizlar.
Alloh shunday bir misol keltirur: hech narsaga kuchi yetmaydigan qaram qul bilan Biz o'z tarafimizdan yaxshigina rizq berib, o'sha rizqdan yashirin va oshkora ehson qilayotgan (hur) kishi barobar bo'ladimi? Hamd Allohga (xos)dir. Lekin ularning aksariyati (buni) bilmaydilar.
Izoh: Ya'ni harakatsiz, jonsiz but-sanamlar bilan butun koinot yaratuvchisi Alloh teng bo'lurmi?!
Do'stlaringiz bilan baham: |