(Alloh) dedi: "Bas, undan (jannatdan) chiq! Endi sen, (Mening dargohimdan) quvilgan - mal'unsan.
Izoh: Ehtimolki, osmondan yoki farishtalar ichidan chiq, degan bo'lsa.
To jazo kuni (qiyomat)gacha senga la'nat bo'lur".
(U) dedi: "Ey, Rabbim, u holda menga (ular) qayta tiriladigan kungacha muhlat bergin".
(Alloh) dedi: "Bas, sen muhlat berilganlardansan
ma'lum vaqt (qiyomat) kunigacha".
(Iblis) aytdi: "Ey, Rabbim, qasamki, endi meni yo'ldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga) yerdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli ko'rsatib qo'yurman va albatta, ularning hammalarini yo'ldan ozdirurman.
Illo ularning orasidagi ixlosli bandalaringgina (bundan mustasnodirlar).
(Alloh) dedi: "Mening zimmamdagi To'g'ri yo'l shudir.
Mening bandalarim ustidan sen uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo'qdir, illo senga ergashgan gumrohlarnigina (yo'ldan ozdira olursan)".
Ularning barchalari uchun va'da qilingan joy jahannamdir.
Uning yetti darvozasi bo'lib, har bir darvoza uchun ularning bir to'dasi taqsimlangan.
Izoh: Do'zax yoki jahannamning yetti darvozasi deganda, uning yetti qavati tushunilishi lozim. Birinchi qavatiga vaqtincha tushgan gunohkor mo'min-musulmonlar, ikkinchisiga Muhammad (a. s.) ga imon keltirmagan yahudiylar, uchinchisiga shu kabi nasroniylar, to'rtinchisiga sobiiynlar, beshinchisiga majuslar, oltinchisiga mushriklar, do'zaxning eng qa'ri sanalmish to'qqizinchisiga esa munofiqlar tushgaylar.
Taqvodorlar esa, albatta, bog'lar va chashmalardadirlar.
"U (yer)ga sog'-salomat, tinch-omon kiringlar" (deyilur).
Biz (jannatdagi) so'rilarda birodarona, bir-birlariga ro'baro' o'tirganlarning dillaridagi gina(- kuduratlar)ni chiqarib tashlaymiz.
U joyda ularga charchoq yetmas va ular u joydan chiqariluvchi ham emaslar!
(Ey, Muhammad,) bandalarimga bildirib qo'yingki, albatta, Men O'zim kechirimli va rahmlidirman.
Shuningdek, Mening azobim eng alamli azobdir.
Yana ularga Ibrohimning mehmon(lar)i haqida xabar bering!
O'shanda ular uning huzuriga kirib: "Salom", - dedilar. (Taomga qo'l cho'zishmagach,) u: "Biz sizlardan qo'rqmoqdamiz (Kimsizlar o'zi)?" - dedi.
Ular dedilar: "Qo'rqmagin (biz farishtalarmiz). Biz senga bir bilimdon o'g'il (ya'ni, Ishoqni) xushxabarini yetkazurmiz".
U dedi: "Menga keksalik yetgan paytida (farzand ko'rishim haqida) xushxabar keltirdingizmi? Endi menga (bu yoshimda) nimaning ham xushxabarini berursizlar?"
Ular aytdilar: "Biz senga rostdan ham (farzand ko'rishing) xushxabarini keltirdik. Bas, sen umidsizlardan bo'lmagin!"
U dedi: "Parvardigorining rahmatidan faqat gumroh kimsalargina noumid bo'lurlar".
(So'ngra, ularga qarab) dedi: "Ey, elchilar! Arzingiz ne?"
Ular dedilar: "Bizlar bir jinoyatchi qavmga (Lut qavmiga, ularni halok qilish uchun) yuborilganmiz.
Lekin biz Lutning butun oilasini qutqaruvchidirmiz.
Faqat uning xotiniga (najot yo'qdir)". (Chunki Biz - Alloh) uning (azob-uqubatda) qoluvchilardan bo'lishini taqdir qilib qo'yganmiz.
Qachonki, Lut oilasiga elchilarimiz kelgach,
U (Lut) dedi: "Sizlar notanish qavmsiz".
(Ular) dedilar: "Yo'q! (aksincha, biz) senga ular (ya'ni, qavming) shak qilayotgan narsani (Allohning azobini) keltirdik.
Biz senga (azobni) haqiqatan keltirdik. Biz, albatta, rostgo'ydirmiz.
Endi sen tunning bir qismida oilang bilan yo'lga tush va o'zing ularning ortida yur. Sizlardan biror kishi atrofga alanglamasin va (sizlar) buyurilgan tarafga qarab ketaveringlar!"
Biz unga (Lutga) tong paytida ana o'shalar (kofirlar)ning dumi qirqilishi (halok bo'lishi) haqidagi mana shu farmonni vahiy qildik.
Shahar aholisi (mehmonlarni eshitib) xursand bo'lgan hollarida keldilar. (Chunki ular bachchabozlik illatiga mubtalo bo'lgan edilar. )
(Shunda Lut) dedi: "Bu (yigit)lar mening mehmonlarimdir. Meni sharmanda qilmanglar.
Allohdan qo'rqinglar! Meni rasvo qilmanglar!"
Aytdilar: "Biz seni barcha olam (odamlarni himoya qilish)dan qaytarmaganmidik?!"
(Lut) dedi: "Agar (shu ishni) qiluvchi bo'lsangizlar, ana qizlarim! (O'shalarni nikohlaringizga olaveringlar)".
(Ey, Muhammad,) umringizga qasamki, ular o'z "mastliklarida" tentirab yurar edilar.
Tong paytida (to'satdan) ularni dahshatli qichqiriq tutdi.
Bas, Biz u shaharni ostin-ustun qilib yubordik va ularning ustiga sopoldan (yasalgan) tosh yog'dirdik.
Albatta, bu (hodisa)da farosatli kishilar uchun alomatlar bordir.
Darvoqe, u (shahar) doimiy yo'l ustidadir.
Izoh: Ya'ni Hijoz (hozirgi Saudiya)dan Shom (Suriya) tomonga qarab o'tgan yo'l bo'yidadir. Uning asoratlarini ko'rib, ibrat olsinlar.
Albatta, bunda mo'minlar uchun alomatlar bordir.
Shubhasiz, o'rmon egalari (Shuayb qavmi) zolim (kofir) bo'lgan edilar.
Bas, (Biz) ulardan intiqom oldik. Darvoqe, ularning (ya'ni, Lut va Shuayb qavmlarining shaharlari) ikkisi ham aniq yo'l ustidadir.
Aniqki, Hijr (vodiy) egalari (Samud qavmi) ham payg'ambarlarni, (xususan, Solihni) yolg'onchiga chiqargan edilar.
Biz ularga O'z oyatlarimizni keltirgan edik, lekin ulardan yuz o'giruvchi bo'ldilar.
(Ular) tog'lardan yo'nib, uy yasab tinchgina yurar edilar.
Bas, ularni tong pallasida dahshatli qichqiriq tutdi.
Ularga qilib yurgan narsalari (tosh qal'alari) foyda bermadi.
(Biz) osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi narsalarni faqat haq (hikmat) bilan yaratdik. Qiyomat ham, shaksiz, keluvchidir. Bas, (shunday ekan, siz johillarning aziyatlariga sabr qiling va ularni) chiroyli yuz o'girish bilan tark eting!
Albatta, Rabbingizning O'zigina yaratuvchi va biluvchidir.
Darhaqiqat, Biz Sizga yetti takrorlanuvchi (yetti oyatli "Fotiha" surasi)ni va Ulug' Qur'onni ato etdik.
Ko'zlaringizni Biz u (kofirlardan ayrim) toifalarni bahramand qilgan narsalarga (ya'ni, ularning boyliklariga) tikmang! Ularning (imonsizliklari) ustida g'amgin ham bo'lmang! Mo'minlar uchun qanotingizni quyi tuting (kamtar bo'ling)!
(Ularga) ayting: "Albatta, men (sizlarga Allohning azobidan) oshkora ogohlantiruvchiman".
Xuddi taqsimlab oluvchilarga nozil qilganimiz kabi,
qaysilariki, Qur'onni bo'lak-bo'lak qilib olgan edilar.
Izoh: Ya'ni o'zlariga xush kelganicha imon keltirib, ma'qul kelmagan oyatlarni inkor qilganlari kabi.
Rabbingizga qasamki, albatta, ularning barchasini so'roqlagayman
qilgan ishlari to'g'risida.
Bas, Siz o'zingizga buyurilgan ishni (ya'ni, Haq dinga da'vatni) oshkora qiling va mushriklardan yuz o'giring!
Do'stlaringiz bilan baham: |