Bizni (to'g'ri) yo'limizga hidoyat qilgan Allohga nechun tavakkul qilmaylik?! Albatta, biz sizlar yetkazgan aziyatlarga sabr qilurmiz! Tavakkul qiluvchilar Allohgagina tavakkul qilsinlar!"
Kufr yo'lidagi kimsalar o'z payg'ambarlariga: "Albatta, biz sizlarni yerimizdan (haydab) chiqarurmiz yoki sizlar bizning dinimizga qaytursizlar", - dedilar. Shunda Parvardigorlari ularga ( payg'ambarlarga): "Albatta, Biz zolimlarni halok qilurmiz.
Ulardan so'ng (shu) yerga sizlarni joylashtirurmiz. Bu (va'da) Mening huzurimda (hisobot uchun) turishdan qo'rquvchi va Mening ogohlantirishimdan xavf qiluvchi kishilar uchundir",- deb vahiy yubordi.
(So'ngra payg'ambarlar Allohdan) madad tilaydilar va har bir jabr va sarkashlik egasi umidsiz bo'lur.
Uning ro'parasida jahannam turar. (Jahannamda) unga yiring suvidan berilur.
Uni yutmoqchi bo'ladi-yu, (tomog'idan) o'tkaza olmas, unga har tomondan o'lim keladi-yu, u o'la olmas. Uning ortida (bundan ham) og'ir azob bordir.
Parvardigorlariga kofir bo'lganlarning amallari bamisoli bo'ronli kunda qattiq shamol uchirib ketgan kuldir - ular qilgan amallaridan biror narsaga ega bo'la olmaydilar. Bu o'ta gumrohlikdir.
(Ey, inson), Alloh osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratib qo'yganini ko'rmadingmi?! Agar u xohlasa sizlarni ketkazib, (o'rningizga) yangi xalqni keltirur.
Do'stlaringiz bilan baham: |