Agar Sizga (ular uchun) va'da qilgan ba'zi narsalarni (ya'ni, azoblarimizni) ko'rsatsak ham yoki Sizni (oldinroq) vafot qildirsak ham, albatta, Sizning zimmangizda (dinni odamlarga to'la) yetkazish, Bizning zimmamizda esa hisob(-kitob) qilish bordir.
(Makka mushriklari) Biz yer(lari)ga kelib, uni atrofidan qisqartirayotganimizni (fath qilinib kelayotganini) ko'rmadilarmi?! Alloh hukm qilur - Uning hukmini ta'qib etuvchi bo'lmas. U tez hisob(- kitob) qiluvchidir.
Ulardan ilgarigi kimsalar ham (o'zlarining payg'ambarlariga nisbatan) makr qilganlar. Bas, makrning hammasi Allohnikidir. U har bir jonning qilayotgan ishini bilur. Yaqinda kofirlar diyor (oxirat) oqibati kimniki ekanini bilajaklar.
Izoh: Allohga makr sifatini nisbat berish majoziy bo'lib, ularning makriga javoban beriladigan jazo yoki ko'riladigan tadbir deb bilmoq kerak.
Kofir bo'lgan kimsalar (sizga): "Payg'ambar emassan", - deydilar. Ayting: "Men bilan sizlarning oramizda Alloh va Kitob (Qur'on) ilmidan xabardor bo'lgan kishilar guvohlikka kifoya qilur".
IBROHIM SURASI
Ibrohim (a. s.)ning Qudsdan Makkaga kelishlari, u yerda qilgan duolari haqida oyatlar bo'lgani uchun suraga shu nom berilgan. Unda asosan - tavhid, e'tiqod, qiyomat, jannat, do'zax, hisobot, payg'ambarlarning yuborilishidan ko'zlangan maqsad va boshqa muhim ma'lumotlar mavjud.
Mehribon va rahmli Alloh nomi ila boshlayman.
Do'stlaringiz bilan baham: |