Kutubxonachi.uz
89
aloqa o‘rnatadigan yordamchilari edi. Ular bir zumda kaltaklanib jon berayotgan Borkning yoniga yetib
kelishdi.
— Buni kim qildi?! Kim?! – baqirdi Entoni Yunger hammani turli tarafga itarar va uloqtirar ekan.
Ko‘cha ustida paydo bo‘lgan politsiyaning vertoleti pasaya boshladi. Parrak ovozi baqiriqchaqiriqlarni
bosib, kuchli shamol ko‘tarildi. Bu ovozsiz filmdagi sahnani eslatar edi – olomon quturadi-yu, ovozi
eshitilmaydi. Vertolyot qo‘ndi, undan rezina kaltaklar bilan qurollangan politsiyachilar sakrab tushishdi.
Odamlar tum-taraqay qocha boshlashdi. Ko‘plar supermarket tomonga, o‘z mashinalariga qarab chopa
ketishdi. Ko‘pchilik quyon bo‘lib qolishdi. Yana bir necha daqiqadan so‘ng hech kim qolmadi.
Entoni Yunger ikkita yordamchisi bilan Robert Borkning tilka-pora qilingan jasadini ko‘tarib ketishdi,
yana bittasi es-hushini yo‘qotib, yiqilib surilayotgan Jessining qo‘ltig‘idan ushlab vertolyot yoniga obordi.
Ular hammasi politsiyachilar bilan birga vertolyotga o‘tirishdi, Yungerning yordamchilari esa
vertolyotdan tushib kosmik aloqa jihozlari solingan mashinalarga chiqishdi. Vertolyot uy ustidan tik
ko‘tarilib uchib ketdi. So‘ng hech narsa eshitilmay qoldi.
Atrofda bir jon qolmadi; Borklarning eshik-derazalari urib sindirilgan, uzun o‘rindiqlar, fonuslar
majaqlangan, futurologning toshlar bog‘i oyoq osti qilingan edi. Bu qirg‘inbarotdan keyingi manzarani
eslatar edi.
Oradan bir daqiqa o‘tgach vertolyot golf maydoni ustidan uchib o‘ta boshladi, qachonlardir Robert
Bork ana shu yerga kelishni xush ko‘rar, yorug‘, yashil va keng ana shu o‘tloqlar yaqin-yaqinda ham
uning tushlariga kirgan, marhum do‘sti Maks Fray esa uni tushida oydagi golf maydonlariga chaqirgan
edi.
Vertolyot shahar gospitaliga qarab yo‘l oldi...
Entoni Yunger Robert Bork jasadi ustiga engashdi. Qon oqishini to‘xtatish uchun ko‘ylagini yechib
Robertning boshiga o‘rab bog‘lab qo‘ydi. Entoni Robertning boshini tizzasiga qo‘yib olib, jonidan nishona
bormikan deb uning yuziga termildi. Bir lahza futurologning yuzida hayot alomati sezilganday, qovoqlari
uchganday, Yungerga tik boqqanday bo‘ldi. Ha, Yunger bilan Borkning ko‘zlari to‘qnashdi. Ehtimol, Bork
Yungerni tanigandir. Ular hayotlarida birinchi bor uchrashishdi-yu shu onda vidolashishdi. Abadiylikka,
mangulikka vidolashishdi. Robert Borkning boshi shilq etib tushdi.
Yunger o‘kirib yubordi. Jessi erining murdasiga ma’nosiz boqib turardi. Politsiyachilar boshlarini irg‘ab
unga hamdardlik bildirgan bo‘lishdi.
Vertolyot gospital maydoniga kelib qo‘ndi, lekin endi vaqt o‘tgan edi...
* * *
Hozir okeanda bo‘ron o‘ynamoqda edi. Meteorologiya xizmati Atlantika sohili bo‘ylab kuchli bo‘ron
bo‘lib to‘lqinlar quturajagini barcha kompyuter kanallari orqali xabar qilgan. Atlantika okeani ustidan
o‘tayotgan samolyotlar kuchli chayqalar, havo kemalarining komandirlari yo‘lovchilardan kamarni
bog‘lab olib, o‘rinlaridan turmasliklarini o‘tinar va parvoz mushkulliklari haqida yerdagi xizmat idoralariga
xabar berib borar edi. Styuardessalar iljayib boqishga urinar, lekin tabassum qilishning o‘rni emas edi
– Atlantika okeani hazillashmayotgan edi...
Va faqat kitlar – koinot radarlari – Har doimgidek o‘zlarining jamiki kechinmalarini, tuyg‘ularini,
Koinotning aks sadosini o‘zida jamlagan edi. Kitlar ana shunday axborotlarni jo qilib, osmondagi
turnalarga o‘xshash o‘tkir uchburchak shaklida tizilib borar edi. Okean bo‘lsa ularning uchburchak
shaklidagi safini buzib orqaga qaytarmoqchi bo‘lardi. Lekin ular barcha g‘ov-to‘siqlarga dosh berib olg‘a
qarab borar, ba’zan bahaybat to‘lqinlar qa’rida ko‘rinmay ketar, yana yuzaga qalqib chiqar edi.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |