Kutubxonachi.uz
86
Bork bo‘lsa iztirob bilan o‘ylay boshladi: bular kim, o‘sha nusxalar! Ular nimaga va nima maqsadda
bir paytda to‘planishdi? Ular bir-birlarini hech qachon ko‘rishmagan, bilishmagan. Pes pesni qorong‘ida
topadi deyishadi. Ular og‘iz-burun o‘pishib favqulodda hodisani kutib ko‘chada shang‘illashmoqda —
oqlar va qoralar, erkaklar va ayollar, yoshlar va keksalar, birovlarining qo‘lida radiokarnay,
boshqalarinikida fotoapparatura va kinoapparatura, ko‘plar qo‘llarida radiotelefon orqali boshqa joydagi
kishilar bilan gaplashishmoqda. Ular ilgarigilari tarixiy tadqiqotlarda, nazariy maqolalarda hikoya
qilingan, shuningdek, turli rangtasvirlarda, teatr sahnalarida o‘z aksini topgan, kirdikorlarini oldindan
bilib bo‘lmaydigan kuchlar ekanligini tushunish qiyin emas edi.
Mana, ular olomon bo‘lib to‘planishdi. Panjara yonida zich bo‘lib turishibdi, ularning afti-angori
derazalardan aniq ko‘rinmoqda. Ular nima qilishmoqchi, nimani istashadi? Oxir-oqibat nimani
xohlashadi? Ularning qo‘llarida Varfolomey qirg‘inidan esdalik bo‘lib qolgan mash’ala yonib turganday,
oyoqlari Rimda isyon ko‘targanlar qoniga bo‘yalgan ko‘cha toshlariga urilib borayotganday, tepalarida
zahar sochishga tayyor arilar o‘z uyasi atrofida g‘uvillab uchib yurganday. Falokat yoki qandaydir shum
qudrat ularni ko‘rgilik uchun bu yerga haydab kelgan bo‘lsa, bu ularning aybimidi? Nima qilmoq kerak,
ularga nima desa bo‘larkin? Axir yaqindagina fyurer paydo bo‘ldi deguncha yuz minglarcha ovoz bilan
zavq-shavq va sodiqlik ifodasi sifatida maydonlarda osmonni teshguday baqirib-chaqirgan, fyurer qo‘lini
ko‘tarib ishora qilsa bas — tizzadan qon kechishga, g‘arbga ham, sharqqa ham, janubga ham, shimolga
ham yelishga tayyor turgan olomonni eslatmaydimi ular? Yaqin yillardagina o‘lguday sevikli dohiysining
murdasini bir lahza bo‘lsa ham ko‘rib qolish uchun Stalin tobuti atrofidagi ajal tiqilinchida bir-birlarini
bosib oyoq osti qilib ketgan, ustozi bilan birgalikda narigi dunyoga rixlat qilishdan, qatag‘on qurbonlari
— otib va osib o‘ldirilganlar qit’asi ustidan yuzi qaro arvoh bo‘lib parvoz qilishdan qaytmagan olomonga
nima desa bo‘larkin? Kechagina Tehron aerodromida intiqomdan boshini olib qochayotgan Eron
shahanshohini ko‘tarib parvoz qilmoqchi bo‘lgan avialaynerni g‘ildiragidan ushlab to‘xtatish uchun tun
qorong‘isida shovqin-suron ko‘tarib samolyotga peshvoz yugurgan olomonga nima deyish mumkin?
O’shanda savdoyi olomon samolyotlar parvoz qiladigan yo‘lda talay joygacha chopib bordi, samolyot
esa qasoskorlarning ko‘zini kuydirib tepada ancha vaqtgacha chiroqlarini lipillatib parvoz qilib ketdi,
osmoni falakda bo‘lsa inson izmiga bo‘ysunmaydigan yulduzlar telbalarni mazax qilganday jimirlab turar,
o‘ch ololmaganidan alamga to‘lgan odamlar battar g‘azab otiga minishar, Olloga iltijo qilib o‘sha
samolyotni zudlik bilan qaytarib keltirishni so‘rashar edi.
Endi bu yerda, yangi bir makonda, Bork darvozasi oldida olomon.
U deraza oldida turar edi, yonida Jessi. Ularning suhbati havosiz fazoda suzishga o‘xshab ketar edi:
— Eshitayapsanmi, Robert, ular hazillashmayapti.
–
Ha-ha!
–
Nima qilamiz?
–
Men chiqishim, ularning oldiga borishim kerak!
–
Nima deyapsan, Robert?! Aqling joyidami?!
–
Joyida bo‘lganda qanday. Ular meni yashirinib oldi deb o‘ylashmasin. Ular isyon ko‘tarib genetik
inqirozni to‘xtata olmasligini, aksincha, zo‘ravonlik oxirzamonni yaqinlashtirajagini bilib qo‘yishsin
deyman. Ularga aytib qo‘ymoqchimanki, Kassandra tamg‘asi — taqdir taqozosidir. Har bir
kassandraembrion signali barchamizga taalluqlidir. Biz ana shuni tushunsak bo‘ldi, yo‘l, imkoniyat
topildi degan so‘z. Oldimizda nima borligini ko‘rish uchun ko‘zni kattaroq ochish kerak.
–
Bu to‘g‘ri, lekin oldin o‘ylab ko‘r, Robert, buning hammasini kimga tushuntirib bermoqchisan. Bu
dorilfununda o‘qiladigan lektsiya emas-ku! Senga kim quloq soladi? Ular gaplaringni eshitish uchun
kelishgan emas-ku!
–
Mening boshqa imkonim yo‘q.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |