Kutubxonachi.uz
84
–
Nega takrorlamas ekanman? Masala bunda emas: mening gapimni eshitisharmikan, uqib
olisharmikin? Sen tilga olgan norozi kimsalar mag‘lubiyatdan qo‘rqadilar, issiq o‘rindan ajralib qolishdan
cho‘chiydilar. Axir kelajakda tafakkurda tub o‘zgarishlar ro‘y bermog‘i kerak, o‘shanda turmushdagi
barcha axloqsizliklar, jamiki palidlik inkor etiladiki, kassandra-embrionlarning instinktiv qo‘rqadigani
ham ana shu falokatlardir. Bunda o‘zini o‘zi anglashning o‘zgarishi ezgu axloqiy xohishistaklar tufayli
ro‘y bermaydi, bu omon qolish va taraqqiyotning birdan-bir real sharti bo‘lib qoladi. Hozirgi paytda buni
hatto tasavvur qilib bo‘lmaydi.
–
Aytgancha, mister Bork, turli diniy mazhablarning noroziliklari haqida hozirning o‘zidayoq talay
ma’lumotlar bor.
–
Shunday bo‘lishi kerak edi. Kassandra tamg‘asi o‘z tabiatiga ko‘ra hammaga va barchaga bir xil
darajada taalluqlidir. Shu ma’noda kassandra-embrionning aks sadosi ko‘p qirralidir. Insoniyatning turli
guruhlarga, bloklarga, oqimlarga, o‘zimiznikilarga va o‘zgalarga bo‘linishidan foydalanadigan va ana shu
tabaqalanishlar hamda qarama-qarshiliklardan ma’naviy tekinxo‘rlik yo‘lida manfaat oladigan kuchlarga
kassandra-embrionlar umuman kerak emas. Kassandra-embrionlar ular uchun g‘ov, fitna va umuman
muammo. Bunday kuchlar Filofeyni va uning kashfiyotini barcha tillarda va shevalarda har qanday qilib
bo‘lsa ham qoralaydi. Bunda mening hayratda qolishimga o‘rin yo‘q.
–
Bu borada ham men sizning fikringizga qo‘shilaman, mister Bork, bu suhbatda men yana ham
ko‘proq narsani bilib oldim. Kechirasiz, bir daqiqa alahsishga ruxsat berasiz. Meni shoshilich suratda
kodli telefonga chaqirib qolishdi. Yo‘q, yo‘q, telefon dastasini qo‘ymay turing. Nima gap ekanini so‘rab
bilaman-da, suhbatimizni davom ettiramiz. (Allo, allo, qanday yangiliklar bor? Shundaymi? O’h-ho‘!
Yaxshi bo‘lmapti! Xo‘p bo‘ladi. Tushundim. Birgalikda harakat qilamiz.) Mister Bork, uzr, uzr,
ma’lumotlarga qaraganda vaziyat murakkablashmoqda. Men sizdan iltimos qilar edim: mahalliy
politsiyaga telefon qilib, supermarket tomondan bir talay namoyishchilar bizning uyimizga tomon
kelayotir deb aytsangiz. Turgan gap ular norozilik bildirishadi, oynamiz yonida baqirib-chaqirib to‘polon
qilishadi, deysiz.
–
Xo‘p, Entoni, politsiyaga hozir telefon qilaman. Xotinim ham o‘zi anchadan beri qo‘ng‘iroq qil deb
hiqillardi, men paysalga solib kelardim. Sahardan boshlab devorlarga bizga qarshi turli varaqalar
yopishtirib tashlashdi. Politsiyachilarga hozir Jessi o‘zi telefon qiladi.
–
Ha, mister Bork, o‘zini ehtiyot qilganni xudo ham ehtiyot qiladi. Yana deng “Tribyun” gazetasining
sizning maqolangiz bosilgan shoshilinch soni hozirgina gazetxonlarning qo‘liga yetib boribdi.
–
Shundaymi?! — xitob qildi Robert Bork asabiylashib. — Demak, gazetchilar fursatni boy
berishmapti.
–
Shunday. Siz eng yirik futurologsiz, hozir sizning so‘zingiz oltin bilan barovar. Endi gazeta
atrofidagi shov-shuvlarni ko‘ring. Bu qamal qilingan qal’adan otilgan zambarak o‘qi. Shu bilan birga bu
Ordokka qarab uzilgan birinchi o‘q. Ochig‘ini aytsam, bu hol mening dilimni siyoh qilayotir. O’ylaymanki,
bizning mavqeimizni ma’qullaydigan odamlar bor, bor bo‘lganda ham oz emas. Yangicha fikr yuritadigan
zukkolarning kassandra-embrionlar fenomeni haqida o‘ylamasliklari mumkin emas. Axir bu o‘z-o‘zimizni
tushunishimizda burilish nuqtasi-ku! Bunaqasi tarixda qachon bo‘lgan?! Ana shu hodisaning mohiyatiga
tushungan har bir jon daraxt tepasida bahor qushi bo‘lib sayramog‘i lozim edi. Biroq imonim komil —
afsuslar bo‘lsinkim, zukkolarning aksari qismi oqizib ketadigan toshqin selga qarshi borishga jur’at
etolmaydi. Aql-idrokli zukko inson olomonga qarshi chiqadi deysizmi – yo‘q, u ovozini chiqarmay,
muyulishda buxmalab turaberadi. Shuning uchun ham Ordok qo‘liga mash’ala olib chopib chiqdi-da
butun dunyo bo‘ylab odamlarning ongida va dilida yong‘in chiqarib, avomni og‘ziga qarata oldi va
safarbar qila bildi. Qayoqqa qaramang qiy-chuv. Barcha junbushga kirgan, olomonga qo‘shilsam deydi.
Fohishalarki uyushib mitingga chiqishibdimi, boshqalarni qo‘yavering.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |