Kutubxonachi.uz
75
Hozirgina televidenie orqali ko‘rsatishdi: “Moskvadagi Qizil maydonda (men bu yerda kezib yurishni
xush ko‘rardim) dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Ikki toifa namoyishchilar: harbiy-sanoat kompleksi
tarafdorlari bilan konversiya uchun kurashuvchilar to‘qnashdi. Oqibatda bir qiz o‘z joniga qasd qildi —
Hammaning ko‘z oldida o‘ziga o‘t qo‘yib yonib ketdi. Bu judayam dahshatli manzara bo‘ldi.
Sharhlovchilarning gaplariga qaraganda, o‘sha yonib ketgan qizning hamrohi — bir talaba mitingga
ko‘tarib kelgan shior ehtiroslarning alanga olishiga sabab bo‘lgan. O’sha shiorda... Men hozir gapimni
davom ettiraman... varaq tugadi.”
“Xudo haqqi, faksni o‘chira ko‘rmanglar, men Qizil maydonda bo‘lib o‘tgan voqea haqida hikoya
qilmoqchiman...
Mister Bork, gap shundaki, o‘sha shiorda “Inson qurol ishlab chiqarish uchun yorug‘ dunyoga
kelmasligi kerak!” deb yozib qo‘yilgan ekan. Turgan gap, bunday shiorni Rossiyada “Mudofaachilar” deb
nom olgan hamda davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kishilar qahr-g‘azab bilan kutib
oldilar, chunki gap qo‘rg‘oshin pitradan tortib (“mudofaachilar” dunyodagi har bir kishiga yuztadan ana
shunday o‘qchalar g‘amlab qo‘yishgan edi) tovushdan tez uchadigan samolyotlar, okean qa’rida
kechayu kunduz navbatchilik qilib turadigan suv osti atom kemalarigacha va birinchi buyruq berilishi
bilan parvozga tayyor turgan qit’alararo raketalargacha bo‘lgan qirg‘in qurollarni ishlab chiqaradigan
harbiy sanoat taqdiri haqida borar edi. Buni behudaga sarflangan mablag‘ va mehnat, deb hisoblar edi
o‘sha sog‘lom aqilli talaba. Amerikamizning harbiy-sanoat kompleksiga ham xuddi ana shunday
munosabatda bo‘lmoq kerak. Bu ham odamlarni qiradigan qurollar ishlab chiqarayotir va o‘z qilmishini
mudofaa manfaatlari bilan oqlamoqchi bo‘layotir.
Lekin, ikkinchi tomondan o‘ldirilishi kerak bo‘lganlar ham farishta emas, ular ham tish-tirnog‘igacha
qurollangan va ular ham o‘zlarining o‘ta qimmatli g‘oyalari yo‘lida (endi eng ta’sirchan shiorlar
millatchilik shiorlaridir), adolat yo‘lida va o‘zlarining iqtisodiy manfaatlari yo‘lida o‘ldirish-qirishga
chanqoqdirlar.
Noiloj qolganda, pichoq etdan o‘tib suyakka qadalgandan keyin odam bolasi o‘zini o‘tga ham, suvga
ham uradi. Bechora talaba ayyuhannos solmay nima qilsin, ehtimol, odamlarning bir-birlari bilan
so‘zlashish qobiliyatiga ega bo‘lgan zamondan buyon o‘ylab kelganlarini, urush bilan qurol aql ustidan
tantana qilgan davrdan e’tiboran inson bolasi diliga jo qilgan so‘zlarni plakatga o‘z qo‘li bilan yozmay
nima qilsin?! Saxarov Rossiyada vodorod bombasini yaratgandan keyin xuddi ana shu narsani tushunib
yetdi va shu yerda to‘xtab, o‘z taqdiriga qarshi bordi.
Yerda qurol ko‘paygandan ko‘payib borayotir, qaerda bo‘lmasin hamma qurollanishni xohlaydi.
Dunyoda har bir tug‘ilayotgan insonga kamida yuzta portlovchi o‘q g‘amlab qo‘yilgan bo‘lsa,
peshonasiga birovlarni o‘ldirasan yoki seni o‘ldirishadi deb yozilgan bo‘lsa, homilador ayollarning
peshonasidagi Kassandra tamg‘asi ana shundan ogoh qilmayaptimikan, kassandra-embrionlar ona
qornida turib sassiz ayyuhannos solmayaptimikin? Shunday bo‘lgach haligi talaba bu haqda jar solmay
tura olarmidi?! Qizil maydonda o‘ziga o‘t qo‘ygan qizda homiladorlik paytida nishona bergan bo‘lsa ham,
hech kim sezmagan Kassandra tamg‘asi endi o‘zini namoyon qilmadimikin? Oxirzamonning yaqinlashib
kelayotganidan tashvishga tushgan homilaning bergan xabariga kim e’tibor beribdi deysiz?!
Idealistik nuqtai nazardan kurakda turmaydigan bo‘lsa ham shunday bir fikr keladi miyaga: agar
insoniyat qurol ixtiro qilmasdan va urush nima ekanini bilmasdan rivojlansa nima bo‘lardi? O’shanda
odam hozirgiday mavjudod bo‘larmidi, tsivilizatsiyamiz hozirgiday ahvolda yasharmidi yoki yerda
butunlay boshqa bir jamiyat hukm surarmidi va inson sifat jihatdan butunlay o‘zgacha bo‘larmidi?
Nahotki taraqqiyotning shunday yo‘li azaldan yopiq bo‘lsa? Agar chindan ham yopiq bo‘lsa, buning tub
sababi nimada? Buning ustiga odamda aql — ilohiy xilqat bo‘lsa-chi, aql — biologik hodisa emas,
yuksakroq hodisa bo‘lsa-chi?
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |