Kutubxonachi.uz
62
— Men seni tushunib turibman, Robert, — rozi bo‘ldi Jessi. — O’zingni zo‘rlab bo‘lsa ham kabinetingga
kir, ishla. Maqolangni tugat. Kofe tayyorlayman, — oshxonada ichamiz, xohlasang olib kelib beraman.
Ishlasang bo‘ldi. Harakat qil. Men mehmonxonaga boraman. Violonchel chalgim kelyapti.
Shostakovichni chalaman. Beshinchi simfoniyasini. Sen yoz. Nimalar haqida yozishni bilasan. Hech
qayoqqa telefon qila ko‘rma, iltimos qilaman. Telefonlarni o‘chirib qo‘ydim. Uchalasini ham. Bor.
Sen pastdan meni eshitmaysan. Eshik-derazalarni yopib olaman.
Ye t t i n ch i b o b
Musiqaning ovozi mehmonxonadan ikkinchi qavatga elas-elas eshitilib turardi. Violonchelning nolasi
o‘sha kechasi Borkka bir umr o‘z taqdirini uning taqdiri bilan qo‘shgan ayol borligini eslatib turdi.
Keyinchalik ularning ruhlari ham bir-birini tanib, shu kechadagi tinimsiz musiqani beadad masofalardan
eshitib turishsa ne ajab...
U o‘sha kechasi ham kompyuter oldida o‘tirib, ertangi gazeta matnining monitordagi elektron
satrlarini ko‘zdan kechirar ekan, yana ummondagi kitlarning tashvishli ohlarini eshitdi. Ular yana qayon
yo‘l olishgan? Yer kurrasining qaysi bir go‘shasida qandaydir bir hodisa yuz berganmikin? Yana odamlar
hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilishdimikin? To‘lqinlar bir-birlarini ustiga tog‘ qulaganday yopirilib, suv
quturib, okeanning kuch-qudratini yamlab yutar, yana kuchiga kuch qo‘shar edi, kitlar esa suzishda
davom etar edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan uning o‘zi ham kitlarga qo‘shilib ketdi. Ummon suvi yuzasi
kompyuter ekranida tun qa’rida milt-milt etib o‘chib turar edi; kompyuter ekrani esa shu onda uzoq
koinotni ham, onalar qornidagi homilalarni ham abadiylikning Bork so‘zida o‘z ifodasini topgan bir butun
uzluksiz silsilasida qamrab olganday; u okeanda suzar ekan abadiylikni Dunyoviy ruh siymosida
izohlashga harakat qildi, axir Dunyoviy ruh hamma uchun bitta va har bir kishi uchun alohida bo‘lib,
yerdagi borliqning bir butunligida va uzuq-yuluqligida namoyon-ku... Ekranda satrlar birin-ketin paydo
bo‘lar ekan, bir butun matnga qovushdi: “Kassandra tamg‘asi o‘zlarining siyosiy maqsadlari yo‘lida
kuyib-pishib yurgan qay bir notiqlar aytganchalik sharmandalik va haqorat nishonasi emas, balki bu —
baloyi ofat belgisi, kutilmaganda yuz ko‘rsatgan, oldinlari odamlarning tushiga ham kirmagan, dunyo
miqyosida ko‘zga tashlanmaydigan va insoniyat uchun mash’um ijtimoiy-biologik hodisa o‘laroq
favqulodda tadbirlar ko‘rishni taqozo qiladigan baloyi kabiramizning jimitdek xabaridir. Filofeyning
kashfiyoti shundan darak beradiki, bizning o‘z-o‘zimizni anglashimizga genetik bosqichdayoq shikast
yetgan — avloddan avlodga dunyoviy ruh ideallariga zid yashab kelgan odam aybi bilan shikast yetgan.
Fojia shundaki, biz kassandra-embrionlarning yashash uchun kurashdan bosh tortishga olib kelgan
sabablarini tan olmayotirmiz, o‘zimizni chetga olamiz, chunonchi, saylovoldi majlisida ana shunday
bo‘ldi. Yashashga bo‘lgan xohishning so‘nishi jahon tsivilizatsiyasining so‘nishidir. Ana shu oxirzamon
demakdir. Boshqacha aytganda, oxirzamon o‘zimizda voqedir. Instinktiv sezish qobiliyatiga ega bo‘lgan
kassandra-embrionlar ana shuni ilg‘ab oladi va dunyoni qamrab oladigan kompyuter ekraniga o‘xshab,
homilador ayollar manglayida nishon beradigan Kassandra tamg‘asi orqali hayotdan qo‘rqayotgani
haqida xabar qiladi. Kassandra tamg‘asining o‘zidan emas, balki genetika qa’rida ana shu oxir zamon
o‘pirilishiga olib keladigan sabablardan qo‘rqmoq kerak. Biz mislsiz xatoga yo‘l qo‘yayotirmiz... Filofey
ig‘vogar emas, u – samoviy payg‘ambar...”
Bork shu onda xuddi kitlarning shovqin ko‘tarib okeanda suzayotganini, yo‘lini to‘sgan to‘lqinlarni bor
vujudi bilan yorib o‘tayotganini eshitdi va kitlar yo‘lida okean suvi yonganday yog‘dulanayotganini
kompyuter ekranidan ko‘rib turdi...
* * *
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |