Kutubxonachi.uz
24
uchib ketayotgan xonandani qarshi olish uchun Reynga kalla tashlab, suza ketsa-yu, unga qo‘l silkitsa,
suvdan boshini chiqarib biron bir shirin so‘z ila uning ko‘nglini olsa, yonma-yon birga chopib, dunyoning
jamiki tashvishlarini unutsa.
Ular katta yo‘lda g‘izillab ketayotib o‘sha g‘alati hofizni eslab rosa kulishdi.
Bork yana o‘z uyiga, o‘lan to‘shagiga, ishxonasi, yozuv stoliga qaytish ishtiyoqida yonar ekan, “Endi
uyga, uyga. Ishlash kerak, ishlash!” deb qo‘yar edi o‘z-o‘ziga. Bu haqda o‘ylar ekan, odatdagiday
vujudida ikki xil tuyg‘u jo‘sh urar edi — Har gal safardan qaytib kelganda bo‘lgani kabi aeroportda —
Jessi bilan uchrashganda qandaydir o‘kinch, hafta davomida uyda bo‘lmaganligi, qo‘ldan boy berilgan
kunlar uchun achinish hissi uning dilini tirnar edi. Inson o‘z umrida qancha kunlarni behuda
o‘tkazganligini, bu kunlarning qadr-qiymatini juda kech tushunadi.
Bu safar odatdagi kayfiyatga yana bir his — samolyotda ekanligidayoq eshitilgan xabarning aks
sadosi qo‘shilganday bo‘ldi. Bunday axborotlar odatda, hammani hayratda qoldiradigan sensatsiya bo‘lib
alanga oladi-da tezda so‘nib qoladi. Lekin Bork bu safar qulog‘iga chalingan voqea haqida o‘ylagan sari
ro‘y bergan hodisaga o‘zini daxldorday, daxldor bo‘lganda ham endi undan bosh torta olmaydigan,
o‘ziga hech aloqasi bo‘lmagan mojaroni miyasidan tamomila chiqarib tashlay olmaydigan darajada
daxldorday sezib, o‘zi o‘zidan tobora ko‘proq hayratlanardi. Agar tasodifan u sudxonaga kelib qolganda
kutilmaganda birdan hukm chiqarishib, sudlanuvchigina emas, balki shu paytda ishni eshitish uchun
kelgan barcha kishilar sud protsessida ishtirok etganliklari uchungina aybdor deb topilsa qanday
bo‘lardi? Bu hukmnomani o‘qib eshittirilganligi uchungina bekor qilib bo‘lmasa-ya!
Kosmosdan kelgan yangilikdan chindan ham g‘alati, kutilmagan va tushuntirib bo‘lmaydigan vaziyat
vujudga keldi. Rulda o‘tirgan Jessi ham bu yangilik og‘ushida g‘arqday ko‘rinadi. Buni Bork xotinining
chehrasidan, ko‘zlaridan bilib oldi. Tabiat Jessiga chaqnoq nigoh ato qilgan — ko‘z ilg‘amas darajada
tovlanib turadigan bu nigoh Robert Bork uchun butun bir olam desa arzigulik. Ular birinchi bor xayriya
kontsertida tanishishgan edi — o‘shanda Bork uni yosh musiqachilar orasida, Jessi esa Borkni sahna
yaqinida, tomoshabinlar o‘rtasida ko‘rgan edi; shundan so‘ng ular bot-bot uchrashib turishdi; o‘sha
birinchi kundan boshlab, uning ko‘zidan “hayotning issiq-sovuqlarini” o‘qib olishni o‘rgandi, uning butun
borlig‘ini bilib oldi va Jessi ham erining butun fe’l-atvorini o‘rgandi. Bir-birlarini bir so‘zdan, bir qarashdan
tushuna olishlari ularning inoq va baxtli oilaviy hayot qurishlariga zamin yaratdi.
U o‘z tabiatiga xos bo‘lmagan tarzda o‘yga tolib jimib qolgan ziyrak xotinini oldi-qochdi gaplar bilan
alahsitmaslikka harakat qildi. Jessining tashvishlanishi uchun durustroq asos ham yo‘q edi. Ularning
turmush poydevorlari o‘ta mustahkam edi, oldindan aytib bo‘lmaydigan birdan-bir narsa shu ediki,
Xudoning qancha umr ato qilganini hech kim bilmas edi. Hozircha ular o‘zlarining ijodiy rejalarini vaqt
va sog‘lik imkon bergan qadar amalga oshirishga harakat qilishmoqda edilar. Bork shu narsani tushunar
ediki, hozir Jessining avzoyi buzuq ekan, demak, u samoviy rohib Filofeyning haligi xatidan g‘alati
ahvolga tushib qolgan edi.
“Uyda gaplashib olarmiz, — deb o‘yladi Robert Bork. — Ehtimol, hozir yo‘ldayoq dorilfunundagi
do‘stlardan birontasiga qo‘ng‘iroq qilib, gaplashgan ma’qulmidi? — U telefon dastasini ko‘tarmoqchi
bo‘ldi-yu, yana o‘ylanib qoldi.
–
hozir emas, oldin o‘sha samoviy folbinning maktubini diqqat bilan o‘qib ko‘ray-chi, undan
keyin...”
–
Radioni qo‘yaymi? – Erining fikrini o‘qiganday so‘radi Jessi.
–
Kerak emas... Radiodagi valdirashlarning menga nima keragi bor? Sen yonimdasan, shuning o‘zi
yetadi.
–
Bu gapingga jon deb ishonaman, juda ishonaman, — dedi Jessi bosiq istehzo bilan, yana bir
mashinani quvib o‘tar ekan.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |