Kutubxonachi.uz
91
kaltaklar bilan tashlansa, boshqalar qurol-yaroqsiz, lekin bo‘riday qahr-g‘azab-la kurashib, qirg‘inbarotu
yong‘inlar alangasida to‘qnashishar edi. Turli mamlakatlar va shaharlardagi mahbuslar isyonlarining
tashqi sababi nima ekanligidan qat’iy nazar, mash’um Kassandra tamg‘asi – jazo muddatini o‘tayotgan
jinoyatchilarning g‘ashiga tekkan o‘sha mash’um xol asosiy sabab bo‘lganligi aniq.
Jurnalistlar o‘sha kuni yanada g‘aroyib xabarlar keltirishdi, masalan, portlarning birida uyushtirilgan
reportajda dengizchilar norozilik bildirib safarga chiqishdan bosh tortishgan. Langar tashlangan kemalar
oyna-derazalari singan kimsasiz uylarga o‘xshab qaqqayib turar ekan.
Gapirganlarning hammasi bir narsani – samoviy tajovuzkor Filofeyni raketa bilan urib tushirishni,
zondaj-nurlarning manbai bo‘lmish orbital stantsiyani yo‘qotishni talab qilishar edi.
Televizorlarda sayyoraning turli nuqtalaridagi shu kabi voqealar darhol ko‘zdan kechirilgandan keyin
nihoyat ekranda matbuot konferentsiyasi o‘tkaziladigan zal paydo bo‘ldi. Zalda odam liq to‘la edi.
Odamlar devorlarga suyanib tik turishar, yo‘laklarga o‘tirib olishgan edi. Hammaning ko‘zi tegishli
asbob-uskunalar bilan jihozlangan sahnada edi – orbitadagi Filofey ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan katta
ekran sahnaning yon tomonida zalga qiya turar edi. Har biri talay mikrofonlar qurshovida ikki kishi –
Entoni Yunger va teleko‘rsatuvlarni olib boruvchi, ma’lum va mashhur Uolter Shermet sahnadagi stol
atrofidan o‘rin olishdi. Zaldagilar hammasi hayajonda – buni sokin va umidvor chehralardan, balqib
turgan sergak ko‘zlardan, cho‘zilgan bo‘yinlardan ham ko‘rsa bo‘lardi. Kerak bo‘lsa shaytonni ham
suratga ola biladigan ko‘pni ko‘rgan fotoreportyorlar daryodan suzib o‘tishga majbur bo‘lgan echkilarga
o‘xshab qo‘rqa-pisa ishga kirishishmoqda edi.
Tepakal, bashang kiyinib olgan so‘zamol Uolter Shermet kasbi-kori taqozosi ila tabassum qilmoqchi
bo‘ldi-yu, uddasidan chiqa olmadi. Hozir uning so‘zamolligiyu artistlarga xos beparvoligi ham ish
bermadi. Entoni Yunger esa, aksincha, xayolchanlik bilan ish tutdi. Uning musibatdan dili vayron
ekanligidan va iroda kuchi ila o‘zini dadil tutgani bilan kimning ne ishi bor deysiz, axir u Robert Borkning
o‘rnini bosishi, million-million teletomoshabinlarning ko‘z o‘ngida kosmosdagi Filofey bilan muloqotda
ishtirok etishi kerak-ku! Buning ustiga kechasi uning qallig‘i Ketti onasi bilan Dublin shahridan kelgan,
matbuot konferentsiyasi deb ularni aeroportda kutib ololmadi. Bu ham uning dilini g‘ash qilar edi. Entoni
diqqat-e’tibor bilan ish ko‘rar, yonoqlarida g‘urralar bo‘rtib chiqqanday edi. Entoni tushunar edi: u o‘z
qo‘lida vafot etgan Robert Borkning ishi haq ekanligiga ishongan holda o‘z fikrida mudom turishi yoki
Ordok qo‘mondasidan bo‘lgan kechagi og‘aynilarning mazaxlariyu ahmoqona harakatlari, ko‘chalardagi
hushtakbozliklaru otilgan toshlar dastidan Bork singari nobud bo‘lishi uchun taqdir uni voqealar
peshsahnasiga olib chiqqan edi.
Shu asnoda qutqudan o‘zini unutgan odamlar orasidagi asabiy vaziyat taranglashib so‘nggi nuqtasiga
yetdi. Hamma eng muhim paytni – teleefirda Filofeyning paydo bo‘lishini kutar, sharhlovchilardan biri
aytganidek, uni ko‘plashib dunyoviy nafrat oloviga uloqtirish uchun tayyor turar edi. Bu lahza tobora
yaqinlashmoqda. Endi portlatish oldidan bo‘lgani kabi sekundlar ko‘plikdan ozlik sari teskari yo‘nalishda
sanalmog‘i kerak edi.
Kunduzi kuni gospitalda Robert Borkning o‘z ajalidan o‘lmaganligi haqida xulosa chiqarilganda Jessi
ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiyib, dedi:
— Entoni, agar seni mening Robertimning qismati kutayotgan bo‘lsa, bu yo‘ldan qayt. Robert uchun
haqiqat hamma narsadan muhim edi, u shu yo‘lda halok bo‘ldi. Sen o‘zing haqingda o‘yla. Hali yoshsan.
Sening o‘n gulingdan bir guling ochilgan emas. Robertga o‘xshab joningni tikishing shartmi?
Shu daqiqada suhbatni davom ettirish oson bo‘lmaganidan u qisqagina javob qildi:
— Men sizni tushunyapman, Jessi. Lekin Robert Bork o‘z qismatiga chap berishni xohlamagan ekan,
nega men chap berishim kerak?
Ular gospitalning kutish xonasida katta deraza yonida, kasallar bilan shifokorlardan nariroqda turishar
edi. Quyosh oyna orqali xonaga shaffof yog‘dusini sochib turar, osmon ham osoyishta va tiniq edi, sal
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |