Kutubxonachi.uz
45
–
U nima degan ekan?
–
Umuman, men shunday tushundimki, u sizning fikringizga suyanib Filofeyning kashfiyoti bor
narsa, u bilan barcha odamlarning, jamiyatning barcha tabaqalari, barcha qit’alardagi odamlarning
hisoblashmasligi mumkin emas deb sharhlashga moyil. Shunday emasmi? Menimcha shunday. Ordok
taxminan shunday dedi.
–
Buning bor narsa ekanligini ma’lumot uchun qabul qilish — bu bir gap, bu boshlang‘ich nuqta.
Xo‘sh, undan keyin-chi? Kassandra-embrionlarning paydo bo‘lishiga olib kelgan va olib kelayotgan
sabablar nima bo‘ladi? Ijtimoiy, tarixiy, psixologik jabhalarda-chi. Bu sohada savollar to‘lib-toshib
yotipti.
–
Siz haqsiz, mister Bork, — dedi Entoni va yana nimalardir demoqchi, o‘zining xayrixohligini
bildirmoqchi edi, lekin Bork yana tilga kirdi:
–
Bu hodisa mening butun borlig‘imni qamrab oldi, hatto shunday tuyuladiki, men kechagi odam
emasman, va hayotning mag‘zini qaytadan chaqishim kerak, lekin men umrning tugayotganini ham
unutmasligim joyiz. Filofey kashfiyoti inson taqdiri masalasiga doir bizning oldingi fikrlarimizni yo‘qqa
chiqaradi. Biz ilgarilari tan olmagan narsalar oshkor bo‘lib qoldi. Taraqqiyot, tsivilizatsiya bor joyda
salbiy narsalar ham bo‘lib turadi deb o‘ylardik. Daraxt kessang, payraxa uchadi. Ruslarda shunday matal
bor.
–
Ha, bu matal juda mashhur. Masalan, Stalin ommaviy repressiyalarni shu matal bilan oqlamoqchi
bo‘lgan. Gapiravering, men jon qulog‘im bilan eshityapman.
–
Mana shunday gaplar. Men nima demoqchi edim? Filofey kashfiyoti shuni ko‘rsatdiki,
ko‘rsatganda ham shafqatsizlik bilan ochib tashladiki, odamlar butun tarix davomida, avloddan avlodga
muntazam suratda bir-birlarini qiynab jonlarini olib kelishgan, oqibatda insoniyat yashab kelgan dunyo
ko‘p narsa yo‘qotgan; o‘zlarining tarixiy takomil topish yo‘lida qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p
yutuqlardan mahrum bo‘lishgan. Umumiy tarzda aytganda, manzara ana shunday. Barcha uzluksiz
urushlar, jumladan shonli urushlar deb nom olgan urushlar, barcha inqiloblar, g‘alayonlar, qo‘zg‘olonlar,
jinoyatlar, hokimlarning shafqatsizligi, ta’limot hamda mafkuralarning zulumkorligi — bularning
hammasi, kishilarning hayotini, taqdirlarini mudom chil-parchin qilib egib ezib turadigan, xalqlarda bir-
birlariga nisbatan nafrat uyg‘otadigan, odamlarni ochko‘z maxluqlarga aylantiradigan jamiki vositalar,
bularning barcha-barchasi Filofey ko‘zi bilan qaraganda borgan sari ko‘payib ketayotgan kassandra-
embrionlarning nidosiz noroziligida o‘z ifodasini topmaganmikin? hayotdan bosh tortish oxirzamon
nishonasi emasmikin? Nima bo‘ldi deng: uzil-kesil ishonilmagan afsona — oxirzamon to‘g‘risidagi afsona
hayot taqozosi bilan bor narsa bo‘lib chiqdi. Shu bugun kechasi boshlagan maqolamda shu haqda
yozyapman. Oliver Ordok Filofeyga va uning kashfiyotiga o‘z nuqtai nazari bilan qarashi mumkin, lekin
nima bo‘lganda ham Ordok ham, uning komandasi ham – Hammamiz qanday murakkab vaziyatga to‘g‘ri
kelib qolganimizni anglab olmog‘imiz lozim. Men kecha Ordokka taxminan shunday dedim.
–
Bugun ham, kecha ham sizni telefonda uzoq vaqt band qilib qo‘yib yaxshi qilmadim. Lekin
bundan o‘zim mamnunman — bilmoqchi bo‘lgan narsalarimni bilib oldim. Sizning fikringizga
qo‘shilaman, albatta, Filofey nazariyasida hali o‘ylash kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. Har qanday bo‘lganda
ham u bizning oldimizga misli ko‘rilmagan masalani qo‘ydi. Hammaning oldiga, butun insoniyat oldiga!
Mana buni shaxs deydilar! U koinot kalitini burab yubordi! Kechirasiz, agar barcha o‘tmish zamonlarning
jabrini biz tortguday bo‘lsak, — shunday bo‘ladiganga o‘xshab qoldi o‘zi, — sizning iborangiz bilan
aytganda, ochko‘z mavjudotlar, ya’ni bizlar, hammamiz va bizdan oldin o‘tganlarning gunohi kabiralari
kasriga biz qoladigan bo‘lsak, bizlar o‘zimizga o‘zimiz norozilik bildirmasak kim norozilik bildiradi?! Shu
narsa aniqlandiki, yovuzlik uni ijro etgan kishilar bilan birgalikda izsiz, javobsiz ketmas ekan, balki
irsiyatning qaysi bir xampalarida talay vaqtgacha saqlanib turar ekan. Bundan chiqadiki, ertami-kechmi
kimdir hayotidan voz kechib o‘shaning kasriga qolar ekan?!
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |