Kutubxonachi.uz
31
gapiga kirarmidi? Men shunday deb tushunaman. Ko‘rib turibsanki, mening dasturimning bosh g‘oyasi
abadiy muammodan — Hammaning va har bir kishining hayotini ertaga qanday qayta qurish kerakligi
masalasidan kelib chiqqan. Albatta, har bir kishi hayotda o‘zi uchun yaxshi o‘zgarishlar bo‘lishini istaydi,
istabgina qolmasdan bunga qanday erishish kerakligini, erishganda ham tezda farovon turmushga
erishishni xohlaydi. Senga kulgili tuyulmasin, lekin odamlar buni bila turib, o‘zlarini ishontirish va yana
ishontirish kerakligini tushunmaydilar.
Ordok o‘zining bu sohadagi mulohazalari va tashvishlarini hikoya qilib berguncha Bork prezidentlik
lavozimiga da’vogarning gapidan saylovoldi mashaqqatlarining ma’lum va mashhur mavzularini payqab
olish bilan birga nomzodning hozircha yashirinib yotgan fikrini, asl maqsadini ham anglab oldi.
Suhbat zamiriga nazar solinsa, Ordok suhbatdoshida yaxshi taassurot qoldirishga, grajdanlar va
demokratiya printsiplari manfaatlari yo‘lida go‘yo xavf-xatarga rozi bo‘lganiga va hayajonli nutqlar
bahonasida o‘zini bezovta qilgan qandaydir masalalarni oydinlashtirishga urinayotganini bilib olish
mumkin edi. U chindan ham ana shu maqsadda qo‘ng‘iroq qilgan ekan.
Bork Ordokni partiyaning mahalliy bo‘limining boshlig‘i sifatida shu firqaga qarashli binodagi katta
cho‘zinchoq oynali keng kabinetda, telefonlar va boshqa orgtexnika o‘rnatilgan stolda, qora ko‘n
qoplangan aylanma kursida patlarini hurpaytirgan qushga o‘xshab gavdasini sal orqaga tashlagancha,
o‘n beshinchi qavatning oynalari orqali qarshidagi xuddi shunday baland binolarning oynavand
qavatlariga telefonni qulog‘iga tutgancha ma’nosiz qarab o‘tirgan holatda tasavvur qildi. Oliver Ordok
har qancha dilkash va samimiy bo‘lmasin, u haqda xilma-xil fikrlar mavjud edi — birovlar yaxshi desa,
birovlar yomon der edi, hatto uning o‘taketgan ziqna ekanligi to‘g‘risida mish-mishlar ham yurar edi va
hokazo. U populist-siyosatchilik bobida itday hid bilar emish. Bunday mish-mishlar kimlar haqida
bo‘lmaydi deysiz. Buning ustiga ishni advokatlikdan boshlab yashin tezligida o‘ziga jamoat fikrini tortsa-
da, boshqalarning ko‘zini kuydirib g‘alaba ketidan g‘alaba quchsa, uni yaxshi bilganlarning tanqidiy
gaplariga tupurib, yo‘q yerdan martabaga erishaversa.
Ordok dastlab kasaba uyushmasi, so‘ngra ekologik harakat sohalarida amallarga mindi,
teleekranlarda va matbuot sahifalarida ko‘rinib, anchagina qobiliyatli ekanligini namoyish qildi. Bu esa
zamonning dolzarb talablariga, uning o‘z tili bilan aytganda, notanish kishilarning ehtiyojlariga to‘la
javob berar edi. U yirtqichning izidan tushgan itga o‘xshab, past tabaqalarning ijtimoiy kayfiyatini
xatosiz aniqlay olar va bu muhitga ta’sir etar ekan, yuqori tabaqaning tanqidiga matonat bilan bardosh
berar edi. Shu yo‘l bilan yutib yurdi. Shak-shubha yo‘qki, muvaffaqiyat qanot bag‘ishlar, ishonch ato
qilar, odamni o‘zgartirib yuborar edi. Ordokning hatto tashqi qiyofasi ham birdan tanib bo‘lmas darajada
o‘zgarib ketdi. Uning qushlarnikiga o‘xshagan yuzini va tomirlari bo‘rtib chiqqan bo‘ynini qoplab yotgan
qandaydir oqish-kulrang dog‘lar ham o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketdi.
Ordokning ko‘zlari ostiga qoramtir dog‘lar tushgan, go‘yo sho‘rva sachraganday yuzi yaqin-yaqinda
ham Gebbelsning hayajonli yuzini eslatardi. Bu yog‘ini eshiting, uning vrach bir raqibi o‘z vaqtida
shunday degan edi: Ordokning yuzidagi dog‘lar uning shuhratparast orzu-istaklarining, hokimiyatga
bo‘lgan chanqoqligining ruhiy ko‘rsatkichidir. Agar taqdir kulib boqmaganda edi, uning butun nimjon
badani boshidan oyog‘igacha ana shunday antiqa dog‘lar bilan qoplanar, u xuddi shu zaylda go‘rga
ketgan bo‘lur edi. Og‘ziga kuchi yetmaydiganlar ana shunday mish-mishlarni tarqatishar edi. Sir nimada
ekanligini biladiganlar aksincha, Ordokka achinar edilar, chunki bu dog‘lar kam uchraydigan va olapes
deb ataladigan asab kasalidan nishona edi. Ordokning yuzidagi dog‘larning o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketishiga
uning sabr-bardoshliligi va nihoyat, ko‘pdan buyon kutilgan maqsadlarga erishib ich-ichdan keskin
o‘zgarishi sabab bo‘ldi deyishdi. Ordokning basharasidagi nuqson uning siyosiy muvaffaqiyatlari tufayli
barham topdi desak kulgili tuyuladi. Lekin aslida shunday bo‘lib chiqdi. Ammo turmushning ikir-chikirlari
unutildi ham. Oliver Ordok ekranlarda soppa-sog‘ ko‘rinadi, dog‘lardan nishon ham yo‘q. Uning
serharakat, o‘ynoqi qora ko‘zlari yo‘qotgan narsasini axtarganday doimo jiddiy boqar edi. Ordokning
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |