Kutubxonachi.uz
23
Bu voqealar Borkni aeroportdayoq giribonidan oldi. Jessi uni eshik oldida olomon orasida qo‘lida qalin
gazetasi bilan kutib oldi va gazetani silkitar ekan, qandaydir g‘alati jilmayar, biron ayb qilib qo‘yganday
tashvishli va ma’yus edi. Jessi to‘satdan yoqqan sharros yomg‘irda qolgan kabi bir oz yasharganday
ko‘rindi. U Borkdan to‘qqiz yosh kichik edi, lekin o‘qtin-o‘qtin betob bo‘lar, qon bosimidan azob chekar,
hatto holdan toyib, rangi ketib qolar edi, bu gal esa aeroportda erining ko‘ziga u xuddi yoshlik yillaridagi
kabi hayajonga tushganday jo‘shqin bir holatda ko‘rindi. O’sha paytlarda u xotinining buyuk
navozandalardan bo‘lishiga qanchalar to‘sqinlik qilgan edi! Axir u ajabtovur violonchelist edi-ku! Unga
kanaday yopishib olgan: jinnisang‘i o‘sha Bork bo‘lmaganda edi, ehtimol, Jessi teatr orkestri bilangina
cheklanib qolmagan bo‘lur edi. Lekin har kimning taqdiri azali o‘zida.
Jessining aeroportda aylanma eshiklar oldidagi tiqilinchda aytgan so‘zlari jumlasida quyidagi jiddiy
ibora erini qarshi olishdan mamnunligini ham ifoda etar edi.
–
Bilmayman, Robert, nima balo, sen safarga otlanish oldidan o‘zingning bema’ni toshlaring
orasida qandaydir sehrli belgilar chizganmiding, bo‘lmasa yuz bergan bu voqealarni qanday izohlash
mumkin? Buni izohlab bo‘lmaydi, Robert, hech ham... Tushuntirib ham bo‘lmaydi. Bu mislsiz bir hol.
Ishon menga, bundan butun dunyo larzaga keladi!
–
Demak, mening mixxatlarim nimagadir arzir ekan-da?! — deb javob qaytardi uning so‘zlariga
yarasha Futurolog.
–
Lekin umuman olganda, yetishding, mening aziz Futurologim, sehrgarlikda yetishding... Mana
eni buyog‘ini bilib olaver.
Yo‘lda mashinani Jessi boshqardi. Bork gazetani ochdi, lekin u yoq-bu yog‘ini ko‘zdan kechirdi-da
gazetani yig‘ishtirib qo‘ydi.
–
Yo‘q, buni uyda bemalol o‘tirib diqqat bilan o‘qib chiqish kerak, — deb ko‘zoynagini g‘ilofiga solib
qo‘ydi Bork.
–
Sen nima deb o‘ylab eding?! — dedi Jessi. — Kosmosdan emas, biron kimsa yerdan turib shunday
bashorat qilganda bormi, uni olomon qilib o‘ldirib yuborishgan bo‘lur edi. Tasavvur qilasanmi: embrion,
zig‘irday pusht salkam fikr yuritar emish! Nimanidir faraz qilar ekan! Va tug‘ilishni xohlamayman deb
jar solar ekan. Bu jiddiy gap emish. Shunday bo‘lishi mumkinmi?!
–
Unchalik bo‘lmasa kerak, — dedi hayrat bilan yelka qisib Bork. Unga ayoli o‘ylamasdan
gapirganday tuyuldi, lekin bunaqasi kam bo‘lgan, negadir bu safar xotinining nohaq bo‘lishini xohladi.
— Ehtimol, mavjud embrion refleksiyasi nazarda tutilayotgandir. Lekin nima bo‘lganda ham mulohaza
qilish uchun bahona bor. Zora osiy dunyomizni idrok etishning, hisob-kitob qilishning halol yo‘li topilsa...
Bilasanmi, hozir birdan shu haqda o‘ylab ketdim. Bunaqasi chindan ham faqat embrion bosqichidagina
bo‘lishi mumkin. Shunda ham fantastik tasavvurlarda. To‘g‘risini aytganda, bir narsa deyish qiyin. Hozir
buni qo‘yib turaylik, avval uyga boraylik, o‘qib ko‘ray, shundan so‘ng masala jiddiy bo‘lsa,
gaplasharmiz... Bilasanmi, gapiraversam rosa kulasan.
Futurolog xotiniga nemislarning sinchkovligi va o‘taketgan rasmiyatchiligi haqida, shu bilan birga
yevropaliklarning ichki erkinligi to‘g‘risida, bu esa ularning amerikaliklar bilan ellashib ketishiga imkon
berganligi haqida jo‘shib gapira ketdi. U bir kun ertalab Reyn daryosining sohilida Dyusseldorf shahrida
velosipedga minib olib ovozining boricha mashhur bir ariyani ijro etib ketayotgan kishini ko‘rib qoldi;
velosipeddagi odam oq ko‘ylak, lak tufli kiyib, galstuk taqib olgan, boshiga shlyapa kiyganmi, yo‘qmi,
baribir xuddi opera sahnasidan chiqqanga o‘xshaydi. Daryo bo‘yida uning ashulasiga quloq osadigan
bironta jon yo‘q. Lekin velosipedda uchib ketayotgan ashulachining hech kim bilan ishi yo‘q. Uning o‘zi
xon, ko‘lankasi maydon; to‘lib-toshib oqayotgan Reyndan tortib daryo uzra ertalabdan suzib ketayotgan
yuk kemalari-yu paroxodlar barcha-barchasi go‘yo uning o‘zinikiday... Yoz quyoshi endigina ko‘tarilib
kelayotir. Bu manzara shu qadar ajib va ulug‘vor ediki, Bork o‘sha tentakvoy ashulachi ketidan quvib
ketguday bo‘ldi. Dunyodagi bor erkinlik, baxt uniki edi. Qani edi, Bork cheksiz sohil bo‘ylab xirgoyi qilib
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |