Kutubxonachi.uz
25
–
Agar o‘sha yerdan turib aytganlari chindan ham bor narsa bo‘lsa, unda hech kim chetda
qolmaydi, albatta, — deb yuqoriga qaradi Bork.
–
Nahotki, sen shu narsaning haqiqatda ham bo‘lishi mumkinligiga ishonsang?
–
Bilmayman. Bordi-yu bu to‘g‘ri bo‘lsa, hammaning e’tiborini tortishi turgan gap.
–
Tilingga tirsak, Futurolog! — rostakamiga tashvishlanib javob berdi Jessi. – Olomon qo‘zg‘aldimi,
undan qo‘rqqulik.
— Odamlar o‘zlarini halokatga yo‘liqqanday his qilishsa bormi, aytib qo‘yay, genetika biologiyaning
sirli sohasidan siyosatga aylanib ketishi hech gap emas.
–
Bu endi quyushqonga sig‘maydigan gaplar, Robert, — kuchayib borayotgan ko‘ngil vahimasini
sal bosib qo‘yishga urinib, dedi Jessi. — Yana ham kim biladi, — dedi u endi o‘ychan bir qiyofada. —
Artur bilan Yelizabet mening jo‘nab ketishim oldidan Shnaera aeroportiga telefon qilishdi. Ular ham
xavotir olishayapti. Bizning Jon Koshut Atlantadan qo‘ng‘iroq qildi, spektakl qo‘yyapti ekan. U birdan
esiga kelib aytdiki, insoniyat tarixining tugashi to‘g‘risida Fukuyama nazariyasiga bag‘ishlangan
munozarada sen odamzodni yangi bir fojia, yangi bir ko‘rgilik kutyapti degan emishsan. Mana buyog‘ini
eshit, sening sovuqnafas Futurologing qag‘illab, bashorat qilibdiki, tilla topgan tentakday, dunyodagi
jamiiyki yovuzliklar orasidan qidirib, jahon urushi o‘rniga odamning qalbidagi urushni — tug‘ilsammikin,
tug‘ilmasammikin degan muammoni tanlab opti. Futurologing jimib turganda bunchalik bo‘lmasmidi. U
bo‘lsa, o‘ylamay-netmay darvozani lang ochib qo‘ydi, mana oqibati, dedi.
Men: bunisi nimasi, deb so‘rasam u “bu shunaqasi” deydi. O’shanisining oti ham yo‘q ekan.
–
Ha, bilaman, bilaman, Koshutni, — dedi Bork istehzo bilan, yelkasini qisib. — Hamma vaqt hazil-
huzul qilib kulib yuradi, o‘zi bo‘lsa teatrda Shekspir, Esxil va boshqalarning asarlaridan tragediyalar
qo‘yib dunyosini naq ag‘dar-to‘ntar qiladi. Men bo‘lsam devorga chiqib olib qag‘illayotgan qarg‘a
emishman. Rahmat bunisiga, “do‘stingdan top” degani shu-da.
–
E, uni qo‘yaver, qandaydir g‘alati o‘zi. Esingdami, bir kun bunday desa bo‘ladimi: senga havasim
keladi, Robert, xotining ham jononmisan jonon, sochlaring esa hali quyuq. “Meniki-chi” deb edi u. Sen
esa unga “Xotinimni tortib olishing mumkin, lekin sochimni, oq bo‘lsa ham hurpaygan sochimni hecham
ololmaysan” degansan. O’shanda u ko‘ziga yosh olgan, kulganini ham, yig‘laganini ham bilmaysan, naq
artist-a!
Bork uning so‘zlarini ma’qullaganday boshini o‘ychan chayqab qo‘ydi. U uyiga dilini bezovta qiladigan
qandaydir og‘ir tashvish bilan qaytib kelayotgan edi.
–
Bob, sen chindan ham okeandagi kitlarni ko‘rdingmi? — dedi Jessi uning fikrini chalg‘itib.
–
Ko‘rganda qanday?! Shuning uchun ham senga qo‘ng‘iroq qilgandim-da, — qaytadan jonlanib
tilga kirdi u. — Tasavvur qilolasanmi? Bu manzarani so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Ko‘z oldingga keltir:
okeanda bahaybat hayvonlar kemalarga o‘xshab suzib ketayotir, suzganda ham kitlar galasi osmonda
uchib ketayotgan qator turnalarga o‘xshab o‘tkir uchburchak hosil qilib suzib borayotir. Ko‘z uzib
bo‘lmaydigan manzara. O’shanda yonimda bo‘lsang edi. Yaxshiyamki, telefonda gaplasha oldim. — Bork
jim bo‘lib qoldi, so‘ngra qizishib ketib, so‘zini davom ettirdi: — Senga qanday tushuntirsam ekan,
bilasanmi, hozir o‘ylasam, bu hecham tasodifiy bir hol emas ekan. Mana, quloq sol. Frankfurtda bu
safar tanish-bilishlardan tashqari Avstraliyadan, Melburn dorilfununidan kelgan bir olim ishtirok etgan
edi. Har holda avstraliyaliklar bizlardan nima bilandir farq qilishadi, sababini tushunmayman, ehtimol,
tupkanning tubida bo‘lishgani uchundir. Balki uning o‘zi tabiatan shundaydir. Uni men o‘zimcha
delfinshunos deb atadim, chunki delfinlar bilan juda qiziqar ekan. U tiyrak, risoladagiday, sinchkov, o‘zi
gapga chechan odam ekan. O’shanda gap tasodifan delfindan boshlanib kitlarga borib taqaldi. Kitlar
haqidagi uzoq suhbatdan so‘ng biz do‘stlashib qoldik. Ehtimol bu senga kulgili tuyular. Ana shu suhbatda
men o‘zim uchun jumboq bo‘lib kelayotgan bir masalani — kitlarning gala-gala bo‘lib o‘zlarini o‘ldirish
hodisasini tushunib olganday bo‘ldim. Axir buni fan hali-hamon tushuntirib berolmaydi-ku!
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |