www.ziyouz.com kutubxonasi
34
urushdan boshqa yana nimaga qarshi kurashishim kerak? Nima, sevikli ma’shuqam Kamoladan
nafratlanaymi? Yo‘q, odam odamdan nafrantlanmasligi kerak, Ishoq! Bil’aks, biz mazlum, yovuz,
badbaxt va qashshoq odamlarni yorug‘ dunyoga keltirayotgan hayotdan nafratlanishimiz kerak...
Shu payt Ishoq kutilmaganda ko‘pdan beri o‘zini qiynab kelayotgan jumboqli savollarga Anantning
aynan shu hikoyasidan javob topganday bo‘ldi. Bu javob Anantning so‘zlaridan ham ko‘ra ko‘proq
uning butun hayotida o‘z aksini topgan edi. Ishoq shuni o‘ylarkan, butun vujudi halovat va quvonch
ummoniga g‘arq bo‘lganini his etdi. U birdaniga jo‘shqin shijoat bilan Anantni quchib bag‘riga bosdi.
— Ie, bu nima qilganing? — deb so‘radi Anant Ishoqning ko‘ziga tikilgancha.
Ishoq javob bermadi...
Ular yotishga hozirlik ko‘ra boshladilar, shunda Ishoq Anantdan kameradagi yagona cho‘zinchoq
o‘tirg‘ichga yotishni talab qildi, o‘zi bo‘lsa, ko‘rpaga o‘ranib, zax yerga yotdi va sal vaqt o‘tmay uni
huzurbaxsh uyqu elitdi.
* * *
Vaqt yarim kechadan oqqanida kimdir Ishoqni yelkasiga turtib, uyg‘otib yubordi. U ko‘zini ochdi,
sapchib o‘rnidan turib o‘tirdi, lekin uyquli ko‘ziga qorong‘ida allaqanday tovoqyuz odamlarning
sharpalari g‘ira-shira ko‘rindi. Ishoq nima bo‘lganini tushunmay, ko‘zlarini ishqalab, nihoyat, yonida
turgan Abdul Majidni ko‘rdi. Undan sal nariroqda Elza iljaygancha, eshik oldida esa, politsiya
inspektori muovini Samant xomush kayfiyatda turardi. Uning belidagi qora kamari hadeb baqaloq
qornidan pastga sirg‘alar, formali kalta shimining pochalari tizzasigacha osilib tushgan edi.
— Bo‘laqol, tur tez, o‘rtog‘ingni ham uyg‘ot! — dedi Elza sho‘x ohangda. — Sizlarni garovga ozod
qilish masalasini hal qildim.
— Mem-sohib1 holi-jonimga qo‘ymadilar, — deya zorlandi Samant. — Bir Lonavala boshqarmasiga
telefon qildirdilar, bir u yoqdan qo‘ng‘iroq bo‘lishini kutdilar. Goh sud’yaga tahdid solsalar, goh otel
xo‘jayiniga zug‘um qildilar. Xullas, tinka-madorimni quritdi bu mem-sohib! — Samant Ishoqqa uzoq
vaqt ma’yus tikilib qoldi, so‘ng ginaxonlik qilib dedi: — Axir aytuvding-ku, bu yerda hech kimim yo‘q
deb.
Ishoq unga javoban faqat jilmayarkan, Mardikorni tortqilab uyg‘otar va yotgan o‘rnini yig‘ishtirardi.
— Qo‘yaver! — dedi Samant sal xafa bo‘lganday, — Abdul Majid yig‘ishtirib oladi. Ikkovinglar,
mana, mem-sohib bilan chiqib ketaveringlar.
Qamoqxonaning temir qoplangan eshigi g‘ijirlab ochildi, so‘ng yana yopildi.
Ishoq yengil tortib chuqur tin oldi.
Samant ularni tashqari eshikkacha kuzatib qo‘yib, ochiq yuz bilan xayrlashdi. U oqko‘ngil odam
bo‘lsa kerak, xayrlashganida hech ranjimadi, faqat umidi puchga chiqqani salgina sezilib turardi: rost-
da, hech qachon hech nima sodir bo‘lmaydigan bu yerda necha-necha yillardan beri endi bir
martagina mojaro bo‘lishi kutilgandi, buni ham xudo ko‘p ko‘rib, mahbuslarni garovga olib chiqib
ketishsa-ya...
Samant Ishoqning qo‘lini mahkam siqib xayrlasharkan:
— Kelib tur, do‘stim! — deb taklif qildi.
Uchovlari politsiya uchastkasidan chiqib, katta ko‘chaga tushishdi. Shu payt Ishoq o‘z oteli tomon
burilmoqchi bo‘lgan edi, lekin Elza uning qo‘lidan ushlab dedi:
— Yo‘q, u yoqqamas, bekatga boramiz.
— Men Bombayga ketmoqchi emasman hali! — dedi Ishoq sal g‘ijinganday bo‘lib. — Nima, sudya
meni ketqazib yuborish haqida hukm chiqarganmi?
— Yo‘q, yo‘q, — deb uni tinchitishga shoshildi Elza. — Sen bu yerda ko‘nglingga siqqancha
yashayverishing mumkin. Men jo‘nab ketyapman. Ertalabki poezdda. Hozir bo‘lsa... — u qo‘l soatiga
qarab qo‘ydi, — poezd jo‘nashiga faqat uch soat qolibdi. Yuragim bekatning kutish zalida. Yuringlar,
o‘sha yoqqa boramiz, biroz gurunglashib o‘tiramiz. Vaqtingiz bormi? — so‘radi Elza Anantdan.
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |