www.ziyouz.com kutubxonasi
87
buzishi mumkinligini o‘ylay boshlagan, avvalgi fikrlaridan qaytgan, boy amaldorga
o‘ynash bo‘lishning qisqa umrli baxt ekaniga tushunib qolgan edi. «Erta-indin urilib
ketish ehtimolidagi amaldorga o‘ynash bo‘lishdan, tagida vertolyoti bor olimga xotin
bo‘lish ming karra afzal», degan to‘xtamga kelganida uning mushkulotini Xudoning o‘zi
yengillatib berdi — o‘ynashni yo‘ldan olib tashladi. Unga qadar «norasmiy kuyovi»ning
marhamati bilan Sibiriya shaharlariga meva-cheva olib borib sotishni kasb qilayotgan
edi. Bu ish bilan shu paytgacha shug‘ullanib kelgan odamlari Tursunalining nazarida
g‘irromlik yo‘liga o‘tishgan, uncha-buncha pulni o‘marib qoladigan bo‘lishgan edi. Gulday
qizining nomusini hadya etishdan qaytmagan Toshboltaning sadoqatiga ishonib,
Magadanga olib boriladigan bir vagon pomidorni unga topshirdi. Toshbolta pulga qo‘shib,
bu yerlarda topilishi qiyin bo‘lgan tilla-javhar buyumlarni olib kelib bergach, mo‘ljalni
bexato olganidan o‘zicha quvondi. «Men buni bir laqma oshpaz deb yursam, baloning
o‘qi ekan-ku!» deb ishonch darvozalarini kengroq ochdi.
Toshboltaga aynan shu — ishonch darvozasidan o‘tib, ichkariroq kirib, yaxshiroq
o‘rnashib olish kerak edi. Aslida u yulduzni benarvon uradigan toifadan emasdi.
Tursunali gumon qilganidek, ozgina laqmaligi ham bor edi. Ammo kattaroq daromadning
hidi dimoqqa urilsa hiyla bosh ko‘tarib, laqmalikni quvar ekan. Vagon Magadanga yetib
borgunicha sheriklarining suhbatlariga zehn solib, pulni pulga urishtirib tilla «yasash»ni
o‘rgandi. Magadandagi mijozlar esa «direktorga yaqin odam»ni o‘zlariga og‘dirib olish
uchun bu kasbning sir-sinoatlarini o‘rgatdilar. Pulning bir qismiga javhar ko‘zli tilla uzuk
olib borish ham ana o‘shalarning maslahati bilan bo‘lgan edi. Birinchi safardayoq kishi
bilmas tarzda puldan o‘marib qoldi. Tursunali uning «sadoqati»dan, «vijdonan
ishlashi»dan mamnun bo‘lgan holda foydadan tuzukroq ulush ajratdi. Cho‘ntak pulga
to‘lgach, yurish-turish ham bo‘lakcha bo‘ldi. «Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin», deganlari
shu-da!
Tursunali qamaldi-yu, «norasmiy qaynota» ikki jumboq qafasida qoldi. Birinchi
jumboq — tilla bezaklarga oid edi. U Sibiriya tomonlardan har safar tilla-javhar bezak
olib kelardi. Tursunali qamalib, uyi tintuv qilinganda «boylik chiqmagan» emish. «Boylik
topishni bilgan yashirishni ham bilgandir, ammo qaerga yashirgan?» Toshboltaning
tinchini olgan jumboqning asosiysi shu edi. Qizidan bir necha marta so‘radi, Nafisa
«bilmayman», deb yelka qisib turaverdi. Ikkinchi jumboq Sibirga qatnashning to‘xtashi
yoki to‘xtamasligiga bog‘liq edi. Uning baxtiga yangi direktor begonalardan bo‘lmadi.
O‘zining qo‘lidan taom yeb yurgan, Tursunalining maishatiga sherik bosh muhandis yigit
direktorning kursisiga o‘tirdi. Bir oy mobaynida bog‘dagi mehmonxonaga qadam
bosmadi. Kelgan mehmonlarni ham idoradan nari kuzataverdi. Yangi «halol» rahbarning
ibratli ishlari haqida gap-so‘zlar boshlangach, ustozining yo‘liga pinhona tarzda o‘ta
qoldi. Meva-chevalar pishishi arafasida Toshboltani chaqirib, Sibiriya safari haqida
surishtirib, ishni avvalgiday davom ettirishi lozimligini aytdi. So‘ng:
— Nafisaxon sog‘-salomatmilar? Bu tomonlarga bir kelaman ham demaydilar-a?
Kelsalar bexabar qolmaylik, — deb qo‘ydi.
Bu bilan ustozining merosxo‘ri sifatida o‘ynashga ham ega chiqajagini shipshitgan
bo‘ldi.
«Obbo xunasa-ey, sening ham darding bormi?! — deb o‘yladi Toshbolta g‘ashlanib.
«E, bola, mening qizim fohisha emas, eri bor, uy-joyi bor!» — deb siltamoqchi bo‘ldi-yu,
o‘zini tiydi. «Gapiraveradi-da, ko‘z tikkani bilan qizim kelib to‘shagiga yotib olarmi-di»,
— deb o‘zini ovutdi.
El og‘zida «Ot bosgan joyni toy bosadi», degan naql yuradi. Shunga ko‘ra Tursunali ot
bo‘lsa, shogirdi toy misol edi. Qo‘polroq tarzda tavsif berilsa, Tursunali tupirganu u
yalagan edi. Ustozi qamalganida uning ham paytavasiga qurt tushdi. Harholda ustozi
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |