www.ziyouz.com kutubxonasi
85
— Buning ustiga bo‘lajak akademikning eriman.
— Ha, shunaqa desak ham bo‘ladi. Lekin siz gapni burmay turing. Siz menga ayting:
Boburni bilmagan, tushunmagan odamni ziyoli deyish mumkinmi? Qani, mana bu yerga
o‘tiring-chi!
Omonullo kulimsiragan holda itoat etdi.
— Kulmang, deyapman.
— Xonim, tarix darsi uchun tunning qolgan yarmi yetarli bo‘larmikin? Balki boshqa
tunga qoldirarmiz?
— Yo‘q, hozir aytmasam, yorilib ketaman. Eshiting: — Fotima shunday deb kitobning
kerakli varag‘ini ochib, o‘qiy boshladi: — ...Muhammad Humoyun... olti oygacha anda
edi: zohiran ani yer va suyi xush yoqmadi. Isitma tutar ekandur, bora-bora uzoqqa
tortar» Tushundingizmi? — Fotima kitobdan bosh ko‘tarib, eriga gapira ketdi: —
Boburning o‘g‘li xasta ekan. Uni avval Dehliga keyin kemaga o‘tqazib Agraga olib
kelishni buyuryapti. Humoyun mirzoga tabiblar chora topib berisholmagach, Mir
Abulqosim degan kishi deydiki, — Fotima endi yoddan ayta boshladi: — «Ushmundoq
dardlarga davo budurkim, yaxshi nimarsalardan tasadduq qilmoq kerak. Toinki Tengri-
taolo sihhat bergay. Mening ko‘nglumga keldikim, Muhammad Humoyunning mendin
o‘zga yaxshiroq nimarsasi yo‘q. Men o‘zum tasadduq bo‘layin, Xudoy qabul qilsun. Xoja
Xalifa, o‘zga muqarrablardin arzga tegurdilarkim, Muhammad Humoyun sihhat topar, siz
bu so‘zi nechun tilingizga kelturasiz? G‘araz budirkim, dunyo molidin yaxshisini tasadduq
qilmoq kerak. Bas, o‘sha olmoskim, Ibrohimni urushida tushub erdi...» bu yerda
dunyoga mashhur Ko‘hi nur olmosi nazarda tutilayotgan bo‘lsa kerak. Tushunyapsizmi?
Ular «o‘zingizni emas, shu qimmatbaho buyumni sadaqa qilsangiz ham yetar»,
deyishibdi. Bobur nima debdi: «Tilga keldikim, dunyo moli aning evaziga nechuk bo‘lgay,
men aning fidosi qilurmenkim, hol anga mushkul bo‘lubdur. Va andin o‘tubturkim, men
aning betoqatligini toqat keltur-g‘aymen. O‘shal holatga kirib, uch qatla boshidin
o‘rgulub, dedimkim, men ko‘tardim har ne darding bor. O‘shal zamon men og‘ir bo‘ldum,
ul yengil bo‘ldi. Ul sihhat bo‘lub qo‘pti. Men noxush bo‘lub yiqildim...» Xo‘sh, bunga nima
deysiz? Qaysi podsho o‘g‘liga jonini sadaqa qilgan? Husayn Boyqaromi? Ikkovini
solishtiring: biri nabirasini o‘ldirtirdi, biri jonini o‘g‘liga hadya qildi.
— Men ham gapirsam maylimi? — dedi Omonullo xuddi o‘quvchi bola kabi qo‘l
ko‘tarib. Fotima sal chegaradan chiqqanini fahmladi-yu, ammo sir boy bergisi kelmay bir
oz jilmaygan holda amr etdi:
— Gapiring, o‘rtoq kapitan, so‘z sizga!
— Birinchidan, bu satrlarni menga avval ham o‘qib bergan edingiz, xonim. Ikkinchi
gapim shuki, avval aytmovdim, endi aytaman: agar mening o‘g‘lim bo‘lganida uch marta
emas, uch ming marta atrofini aylanardim. Bitta emas, uch mingta jonim bo‘lsa,
hammasini sadaqa qilib yuborardim.
Fotima yarim tundagi suhbatning bu tarzda nozik torlarni chertib yuborishini sira
kutmagan edi. Shu sababli taslim bo‘lishdan o‘zga chorasi qolmadi. Kitobni yopdi.
Kipriklari nigohini to‘sdi. Siniq ovozda:
— Ovqat yemaysizmi? — deb qayta so‘radi. So‘ng eriga iltijo bilan boqdi: — Yana
ozgina sabr qiling...
Omonullo hozir uy yo‘lagida turib shuni esladi. Hovlida o‘ynab yurgan bolalarga qarab
havasi keldi. «Uylangan yilim tug‘ib berganida hozir yetti yoshga to‘lardi. Qo‘lidan
yetaklab yurardim. Maktabiga olib borib, olib kelardim. O‘zi Hindistonida yursa
yuraverardi...»
Do'stlaringiz bilan baham: |