www.ziyouz.com kutubxonasi
89
Toshbolta ertalab uyg‘onib, bu tushidan ajablandi. U tush yo‘yishni bilmas edi.
Harholda bu tush yaxshilikka ishora emasligiga aqli yetdi. Keyingi uyqusida xotinini yana
ko‘rdi. Xotini juldur kiyimda emish. Keyin qaynonasi paydo bo‘ldi. U qarg‘adi,
qarg‘ayverdi, xotini esa kuldi, kulaverdi...
Jomadon ustida boshini changallaganicha tebranib o‘tirgan Toshbolta shularni esladi.
Keyin... odamlar kelishdi.
Keyin... tergovchi so‘roq qildi...
Bularning hammasi tush kabi edi. Go‘yo hozir uyg‘onadiganday, dahshatli tush
barham topadiganday edi.
Tekshiruvchilar tekshiradiganlarini tekshirib bo‘lishgach (Sibiriyadan keltirgan mollari
ham e’tibordan chetda qolmadi — xatga tushirildi), «uyni berkitib, muhrlaymiz»,
deyishdi. Qalbi muhrlangan banda uyni muhrlamoqchi bo‘lganlarga nima ham deya
olardi? Boshini xam qilib uydan chiqdi. Qizining nomusi sotilganda egilishi lozim bo‘lgan
bosh ajal tig‘i qo‘zg‘olgach, birato‘la egildi.
Toshbolta uyiga anchagina mol-dunyo ko‘tarib kelishni reja qilgan edi. Bu safar
adoqsiz alam-g‘am dunyosini yelkasiga ortmoqlab kirib keldi. Erini g‘amnok ahvolda
ko‘rgan Adolat avvaliga ajablanib qarab turdi. Keyin uch-to‘rt qadam qo‘yib peshvoz
chiqdi-da. «Salomaykum», deb savol muhrlangan nazarini eridan uzmay qarab turdi.
Savol so‘ralmagan bo‘lsa ham Toshbolta bu qarashda «Ha, nima bo‘ldi, yuklaringiz
qani?» degan ma’noni uqib g‘ijindi-da, ichida «He, saloming boshingni yesin!» — deb
qo‘ydi.
...Toshbolta qamoqdan chiqib qishlog‘ida uzoq yashay olmagan edi. Xuddi birov
atayin uyushtirayotganday qaynotasiga, qaynog‘asi, qaynilariga duch kelaverdi. Ular,
ayniqsa qaynonasi, tilda gapirmasalar ham ko‘z qarashlari bilan qarg‘ardilar.
Traktorchilikka birga o‘qigan oshnasi cho‘ldagi yangi sovxozda brigada boshlig‘i ekan,
onasining ziyoratiga kelganda Toshboltani uchratib, ishga taklif qildi. Tasodifni qarangki,
o‘sha yili Adolat ham «qalb da’vati» va komsomol yo‘llanmasi bilan «cho‘l quvgani»
kelgan ekan. Uning shahardagi qiliqlaridan bexabar Toshbolta jilmayib qo‘yishlariga
xushtor bo‘lib, «o‘qituvchi xalqi yaxshi bo‘ladi», degan fikrda odam qo‘ydi. Adolat
«qamalib chiqqan traktorchiga tegamanmi», deb nozlanib o‘tirmadi. Zero, bu yerga
kelishdan maqsadi cho‘l quvish emas, biron laqmani topib er qilib olish edi. Unga nomi
uchun er bo‘lsa bas edi. Shunga binoan uning maqsadi shoirlarning tili bilan aytiluvchi
«cho‘lquvarlik» emas, balki «erquvarlik» edi. Toshbolta uylangach, «xotinimning ismi
o‘ziga mos ekan», deb qizini olib keldi. Dastlab turmushidan rozi edi. Adolat ko‘p jihatlari
bilan birinchi xotinidan a’loroq tuyuldi. Keyin-keyin asal oylari tugab, zahar kunlari
boshlangach, «Agar Adolat degani shu bo‘lsa, adolatiga ming la’nat!» deb peshonasiga
shapati urdi. «Qo‘shning yomon bo‘lsa, ko‘chib qutulasan, xotining yomon bo‘lsa qo‘yib
qutulasan», deyishadi. Toshbolta bu maqolni birinchi kim to‘qiganini bilmaydi. Bilganida
edi, o‘sha aytgan odam hayot bo‘lganida edi, unga tik boqib: «Bekor aytibsan! — derdi.
— Gapimga ishonmasang, ana, Adolat degan shaytonning urg‘ochisiga uylanib ko‘r-chi,
qo‘yib qutula olarmikansan!»
Yomon xotun shayotun qamchisidur,
Qo‘lung bog‘laguvchi arg‘amchisidur.
O‘shal xotunki nomahram nazardur,
Agar u shamsu qamardur mochaxardur.
Agar chandiki buzrukzodadur ul,
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |