www.ziyouz.com kutubxonasi
95
— Ketganiga ancha bo‘ldi, bir oydan oshdi. Kelishi... shu, avvalgi kuni. Keldiyu shu
baloga yo‘liqa qoldi.
— Bizga ma’lum bo‘lishicha, bir hafta oldin kelganlar?
Omonullo «otasi o‘ldirgan bo‘lishi mumkin», degan gumondan uzoqlashgan bo‘lsa-da,
yana bir qarmoq tashlab ko‘rmoqda edi.
— Bir hafta oldin kelgan ekanmi? Qaysi go‘rlarda yurgan ekan?
— Bu yerga kelmadilarmi?
— Kelsa bir qadam siljitmas edim.
— Nega?
— Uy-joyga ham qarash kerakmi? Erkak o‘lgur qaramasa, kim qaraydi? Men xotin
boshim bilan yuguraymi?
— Siz «ikkinchi xotiniman» dedingiz, birinchisi qaerda?
— Go‘rda.
Omonullo buni to‘g‘ri ma’noda aytyaptimi yo piching qilyaptimi, fahmiga yetolmay,
savol nazari bilan qaradi.
— Ha, nimaga qaraysiz? Go‘rda dedim-ku? O‘lgan-da.
— Qachon?
— Bilmayman. Qamoqdan chiqib kelganidan keyin tekkanman men bu yer yutkurga.
Aniq bilmayman-u, ammo xotinini urib o‘ldirgan ekan. Shunaqa jinniligi bor, menga ham
tashlanib qolardi.
— Urib o‘ldirgan? Qamalish sababi boshqacha-ku?
— Boshqa bo‘lsa boshqadir, men eshitganimni aytdim.
— Boltaeva bu yerga tez-tez kelib turarmidi?
— Kelardi, lekin tez kelarmidi yo‘qmi, hisoblamaganman.
Omonullo portfelidan Sanjar Ibrohimovning suratini olib ko‘rsatdi:
— Shu odam bilan kelganmi hech?
Adolat suratga tikilib turib, bosh chayqadi:
— Tanimadim. To‘g‘risini aytaymi, bir-ikki marta sariq-moshak eri bilan kelgan edi.
Keyin o‘zi kelib-ketib yuruvdi. O‘sha savil qolgur er bilan birga yurishga uyalgan-da. U
odamni ko‘rgandirsiz? Qanday qilib ko‘ngli tortib er qildi, hayronman. Undan ko‘ra, ersiz
o‘tgani ming marta yaxshi. Shunaqa deyman-u, lekigin bu «shilta»ni o‘sha taviyadan
boshqasi olmas ham edi-da.
Adolat shu gapni aytganidan keyin Toshbolta g‘alati ovoz chiqarib ingradi. Omonullo
ovoz chiqishi bilan unga qaradi. Toshbolta kipriklarini pirpiratib, iltijo bilan boqardi.
So‘ng ko‘zlarida yosh paydo bo‘ldi. «Xotinining gapi yoqmay bir nima demoqchi bo‘lyap-
ti», — deb o‘yladi Omonullo. Keyin tinmay javrayotgan xotinning gapini bo‘lib, so‘radi:
— «Shilta» deyishga biror asosingiz bormi?
— Voy, asosmi? Asos tiqilib yotibdi. Bu qiz o‘lgurning oldingi direktorga o‘ynash
bo‘lganini yetti yoshdan yetmish yoshgacha — hamma biladi. Endi yangi direktorning
to‘shagini obod qilyatuvdi.
Bu gapdan keyin ham Toshbolta ingradi.
— Nimaga g‘ingshiysiz? — dedi Adolat ovozini balandlatib. — Boqqa borib kelganlaring
yolg‘onmi? G‘ar bo‘l, o‘g‘ri bo‘l, insof bilan bo‘l-da! Boshingda ering bo‘lganidan keyin
o‘tirmaysanmi uyingda...
Adolatning og‘zidan chiqqan keyingi gaplarni Omonullo bozor yo‘lida «folingdan
ochayinmi, molingdan ochayinmi», deb o‘tirguvchi lo‘li xotinlardan eshitib, bulardan
boshqa tuzukroq gap chiqmasligini bilgani uchun ham achchiqlanmagan edi. Ammo eri
bu ahvolda yotgan ayoldan shu gapni eshitib g‘azabi qo‘zg‘adi.
— Siz biron yerda ishlaysizmi? — deb so‘radi dag‘allik bilan.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |