www.ziyouz.com kutubxonasi
94
— Gapirolmaydi, til ketgan. Oyoq-qo‘l ham ketgan. Tirik o‘likning o‘zginasi, — dedi
Adolat.
Bu qo‘pollik Omonulloga malol keldi.
— Kechirasiz opa, siz bu kishiga kim bo‘lasiz? — dedi dag‘alroq ohangda.
— Xotiniman, — dedi Adolat ayvon chetiga omonat o‘tirib. Keyin izoh berdi: —
Ikkinchi xotiniman. O‘zingiz kimsiz?
— Men shahar militsiyasidanman. Nafisa Boltaevaning ishi bilan shug‘ullanyapman, —
Omonullo shuday deb guvohnomasini uzatdi. Adolat guvohnomani olib, qiziqish bilan
tikildi.
— O‘zi nima bo‘lgan? Qiz o‘lgurni nimaga o‘ldirishibdi? — dedi u guvohnomani egasiga
uzatar ekan.
— Eringiz aytmadilarmi?
— Aytolmadi. Shu zinadan yiqildi-yu, shunaqa ado bo‘ldi. O‘lib o‘lmaydi, jonlanib
jonlanmaydi. Boshimga bitgan bir balo bo‘ldi. Traktorchiligida yag‘irlarini yuvaverib
qo‘lim qavargan edi, endi isqirtlarini yuvish ham peshonamga yozilgan ekan. Peshonam
sho‘r bo‘lmasa shunga tegarmidim. Shu savilga tegib men bir ro‘shnolik ko‘rmadim.
Yotishini qarang. Bu yoqda uchta qizi yetilib turibdi. Hali bittasining ham orzu-havasini
ko‘rganim yo‘q. Ayting, ayting, o‘lib qolmasin, o‘lsa butun yiqqan-terganlarim sovruladi.
Hali ham dorilari hamyonni o‘pirib ketyapti. Arzonroq dorilar bo‘lsa ham go‘rga edi.
Do‘xtur o‘lgur nuqul qimmatini tanlab yozib beribdi.
Omonullo xotinlarning turli toifasini ko‘rgan, ammo bunaqasini endi uchratishi edi.
«Qani, gapiraversinchi», — deb bir oz qo‘yib berdi. Lekin uzoq toqat qila olmadi. Adolat
«shu aytayotganlarim bularga kerakmi?» — deb fikr qilmay, tiliga kelganini qaytarmay
gapiraverardi. Telba desa telbaga o‘xshamasdi, sog‘ desa sog‘ga. G‘ashi kela boshlagan
Omonullo uning gapini qoq belida shart bo‘ldi:
— Eringiz traktorchimidilar?
— Traktorchi bo‘lmay go‘r bo‘larmidi? Boshqa hunari yo‘q.
— Irkutskga nima uchun borgan edilar? Traktor olib kelgani emasmi?
— Traktorga balo bormi? Ozgina meva-cheva olib ketuvdi.
— Tez-tez borib turarmidilar?
Adolatning ahmoq ham, telba ham emasligi shu savoldan keyin aniq bilindi. U
militsiya xodimi bekorga savol bermasligini anglab, tilini jilovladi. Bir oz o‘ylagan bo‘lib:
— Bu yil birinchi borishi, — dedi.
— O‘tgan yillarichi?
— O‘tgan yili ham bir marta borgan.
— Sheriklari bormidi?
— Bilmayman.
— Boltaevaning uyida ancha mol bor ekan. «Sheriklarimniki» dedilar. Irkutskdan
olingan toza mollar ekan.
Adolat eriga g‘azabli nigohini bir qadab oldi-yu, indamadi.
— Bu mollarni biz egalariga qaytarishimiz kerak. Egasi chiqmasa davlat hisobiga
o‘tadi.
Omonullo mo‘ljalni nihoyatda aniq olgan edi. Adolat moldan ayrilishi mumkinligini his
qilib bir seskandi-da, Omonulloga yomon qarash qildi:
— Davlatga o‘tadi? Nimaga o‘tarkan? Egalariga qaytaraman, deysizmi, kim ekan
egasi?
— Sheriklari-da. Eringizning o‘zlari menga shunday deganlar.
— Bekor aytibdi. Hech qanaqa sherik-perigi yo‘q. Mol happi halol bizniki.
— Irkutskka qachon ketib, qachon keldilar?
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |