www.ziyouz.com kutubxonasi
98
ham «buning taqdiri nima bo‘ladi?» deb fikr qilmagan edi. Alhol, Tengizning gaplaridan
keyin ham bularni o‘ylamadi. U faqat o‘z qizlarining taqdiridan tashvishda edi.
Tengiz uning yuziga yengil shapati urib, o‘zini xotirjam ko‘rsatgani bilan tashvishi
o‘ziga yetarli edi. U kim bilan o‘ynashayotganini bilardi. Agar bir it qoqsuyakning hidini
olib, yaqinlashsa-yu, bu suyakni birov bosib, olsa, naq ilikdan tishlashi tayin. Gobelyan
esa it emas, hid olgani ham qoqsuyak emas. U itga o‘xshab ilikdan ham olmaydi, naq
bo‘g‘izga yopishadi. Lekin uning navbatdagi odami qachon paydo bo‘ladi, qachon va
qanaqasiga tashlanadi — ana bu muammo edi. Yana bir muammo — bu safar kimni
yuboradi? Tursunalining yolg‘on ma’lumoti bilan Murikning o‘limi orasida bog‘liqlik
borligiga ularning aqllari yetadi.
Tengiz shu savollarga javob izlaydi. Uning lagerdagi sheriklari esa betoqat bo‘lishadi.
Tursunali besabrlik bilan so‘ragan kunning ertasiga «Politbyuro» yig‘ilishida Koshak
xazina nima bo‘lganini so‘radi.
— Hozircha xazina yo‘q ekan, deb turaveraylik, — dedi Tengiz.
Bu gapni eshitib, Qo‘tos unga ajablanib qaradi. Koshak esa, joyida bir qimirlab olib:
— Yolg‘on gapirma, knyaz, — dedi. — Sen bu xabarni teletaypga qo‘ymagansan.
— To‘g‘ri, qo‘ymaganman, — dedi Tengiz xotirjam.— Aqling bo‘lsa, o‘ylab ko‘r-chi? Bu
xabarni teletaypga qo‘yish mumkinmi? Undan ko‘ra Moskva radiosiga chiqib jar sola
qolmaysanmi?
— Teletaypga qo‘ymagan bo‘lsang, kim orqali chiqarding xabarni?
— Hech kim orqali chiqarmadim. Chiqarmayman ham.
— Knyaz, gapni burmay, to‘g‘ri tushuntir. Bizga yolg‘on gapirma, — dedi Qo‘tos norozi
ohangda. — Bilasan, menga boylikning keragi yo‘q. O‘rtaga o‘g‘rilik nomusi tikilgan.
— Men nomusini sotadigan odamga o‘xshayapmanmi?— dedi Tengiz ovozini bir parda
baland ko‘tarib. — Koshak, sen ham shunday o‘ydamisan?
— Senga birov bunaqa degani yo‘q. Shunaqa o‘ylasam Murikning yonida yotgan
bo‘larding. Sen «xazina yo‘q», deyapsan. Biz «yolg‘on gapirma», deyapmiz.
— Yolg‘on gapirmadim. «Xazina yo‘q», ham demadim. «Xazina yo‘q ekan, deb
turaveraylik», dedim. Nima, ruschaga tushunmay qoldilaringmi? Ozgina payt
poylashimiz kerak. Cho‘michni yuborganlarni ahmaq deb o‘ylamalaring. Tuzoqlarini
tayyorlab turishibdi ular. Koshakka o‘xshagan bir ahmaq xabar chiqarar, yana bir ahmaq
xazinani olgani kelar, deb poylashmaydimi? Mayli, ular bizni ahmaq deb
kutishaverishsin. Kuta-kuta charchashadi. Shunda biz ishni boshlaymiz. Shunda ham
lager teletaypidan chiqarmaymiz xabarni.
— Nima qilmoqchisan, ayt, — dedi Qo‘tos.
— Hozir boshqa odam yuborishsa-chi? Bu laqmani boshqa lagerga jo‘natishsa-chi? —
dedi Qo‘tos.
— Ha, shunaqa bo‘lishi aniq, — dedi Koshak. — Vaqt borida uni ham gum qilish kerak.
Agar birov hiqildog‘idan olsa, gullab qo‘yadi.
— O‘ldirishga shoshilma. Boylik topishni bilgan odam sen bilan menga o‘xshagan
yuzta odamni laqillata olmaydimi? Cho‘michni aldadi. Balki bizni ham aldagandir? Boyligi
boshqa yerdadir? Bugun o‘ldirsang, ertaga attang, deb yurasan.
— Knyaz, hamma gaplaring to‘g‘ri. Lekin chaynayotgan luqmangni oldirib qo‘yma, —
dedi Qo‘tos ma’nodor ohangda.
Tengiz unga norozi qiyofada bir qarab qo‘ydi. «Politbyuro» ahli undan uzil-kesil qaror
kutayotgan edi. U biroz o‘ylangan bo‘ldi-da, o‘rnidan turib, ahdini ma’lum qildi:
— Ovqatni qanday chaynab, qanday yutishni o‘zimga qo‘yib beringlar. Hali hech bir
kavkazlik og‘zidagi luqmasini birovga oldirib qo‘ymagan. Dunyo turgunicha shunday
bo‘lib qoladi!
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |