www.ziyouz.com kutubxonasi
99
«Politbyuro» berkitilgan boylik va boylik egasining taqdirini hal qilayotganida Nuriddin
bilan Tursunali o‘zaro munosabatlarini oydinlashtirayotgan edilar. Aniqrog‘i, Nuriddin
oydinlashtirayotgan edi. Bu ovloqda bir-birlarini ko‘rganlarida hali notanish bo‘lsalar ham
suyunib ketishgan edi. Harholda begonalar orasida hamyurtlarning bir-birlariga dalda
bo‘lishi yaxshi-da. Kunlar, haftalar o‘tgani sayin fe’li, tabiati, dunyoqarashi turlicha
bo‘lgan bu ikki mahbusning dastlabki suyunchlari so‘na bordi. Ayniqsa, Nuriddinda bu
odamdan uzoqlashish istagi tug‘ildi. Tursunalining ham bu mag‘rur yigitga da’vosi ko‘pa-
yib borayotgan bo‘lsa-da, lozim paytda himoya qila olishi mumkinligi sababli undan nari
ketishni xohlamadi. U «O‘zbekning kichigi bo‘lgunicha kuchugi bo‘lgin», degan maqolni
bu yerda ham amal qilishini istar edi. U avvaliga Nuriddinni «tug‘ishgandan a’loroq
ukamsan», deb izzat qilib yurdi. Keyinroq «aka»lik martabasi kamlik qilib, «xojalik»ni
da’vo qila boshladi. U hordiq chiqarish paytlarida o‘zining mavqei, shon-shuhrati haqida,
shu shuhrati oqibatida ko‘p dushman orttirgani va tuhmat bilan bu baloga uchragani
to‘g‘risida gapirardi. Shaharda hali ham baland martabali akaxonlari, og‘aynilari borligi,
Nuriddin ozodlikka chiqqach quchoq ochib kutib olajaklarini tez-tez pisanda qilardi. Bora-
bora bu gaplar Nuriddinning me’dasiga tegdi. Pisanda soyasida «Sen menga hozir
sidqidildan xizmat qilaver, ozodlikka chiqqaningdan keyin mening valine’matlarim seni
panohlariga olishadi», degan ma’no yashiringanini ham fahm etdi. Shu bois
Tursunalining hasrat daftari ochilishi bilan bir narsani bahona qilib, turib ketadigan
bo‘ldi. Tursunali buni sezdi-yu, «bilagida kuch bor-u, boshida aqli yo‘q bu bolaning»,
degan hukmga keldi. Dorulomon kunlari bo‘lganda-ku, bu «boshida aqli yo‘q bola»ni
sariq chaqaga ham olmas edi-ya! Bu ovloqda suyanadigan boshqa odami bo‘lmagani
uchun chidadi. Hatto bir kuni Nuriddin «Aka, yukni hadeb menga yuklayvermang,
aravangizni o‘zingiz ham torting-da, judayla o‘ligingizni tashlab oldingiz», deb qo‘rslik
qilganida ham tishini tishiga qo‘ydi. Bunga o‘xshagan «manqa yigitlar» ilgari ostonasida
sarg‘ayib o‘tirishardi. Bu esa...
«Politbyuro» ish boshlaganida qamoq lagerining tobelari kechqurungi ovqat bilan
qorinlarini aldab, yotar joylarga tarqalayotgan edilar. «Qorinlarini aldab», deyilishining
boisi — oshxonada alyumin kosalarga suzib beriluvchi suyuqlikning nomigina «ov-qat»
edi. Tursunaliga o‘xshab umri maishatda o‘tganlarning oshqozonlari bunday aldovga
chiday olmasdan qiynalardi. Xullas, navbatdagi aldovdan so‘ng nazoratchi mayor dam
olish umidida chiqib ketayotgan Tursunali bilan Nuriddinni to‘xtatib, «idish-tovoq
yuvishga o‘tlaring», deb buyurdi. Agar «nima uchun biz yuvishimiz kerak?» deb e’tiroz
bildirilguday bo‘lsa, bu kamlik qilib, tuni bilan ishlab chiqishlari mumkinligini bilganlari
uchun, mulla mingan eshak holida buyurilgan ishni bajarishga kirishdilar. Nuriddin uchun
bunday yumushning og‘irligi ham, malolligi ham yo‘q, u bundan battar yumushlarni
bajaraverib o‘rganib ketgan. Tursunali uchun esa mazkur holat xorlikning bir ko‘rinishi
edi. Shu sababli nazoratchi sal nari ketishi bilan diydiyosini boshladi:
— Bu dunyoda adolat deganning o‘zi yo‘q, — dedi u ming‘irlab. — Kun bo‘yi ishlab
berganim kammi bunga? Shunaqa paytda Xudodan ham xafa bo‘lib ketaman. Men
xalqning noni butun bo‘lsin, deb tunu kun tinim bilmas edim. Terim paytida haftalab
uyga kelolmas edim...
Tursunali shu tarzda yana eski ashulasini boshladi. Nuriddin uning gaplarini
eshitmaslik uchun kosalarni atayin bir-biriga urishtirib, shovqin chiqarib yuvardi.
Tursunali esa buning fahmiga yetmay bitta kosani ko‘tarib olganicha likopcha ushlab,
katta ashulani olayotgan hofiz kabi turib, ming‘irlashini davom ettirdi. Me’daga teguvchi
bu «katta ashula» oxiri Nuriddinning sabr kosasini toshirdi:
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |