www.ziyouz.com kutubxonasi
54
egalik qilmay boshqalarga ham hukm o‘tkazmoqqa jazm etganini ko‘rsang bilki, u ozod
emasdir. U boshqalarga hokimlik qilishni istadimi, demak, u o‘z istagi, nafsi qulidir...»
Tengiz shunday deb boshini egdi. Qo‘lidagi kosov bilan gulxanni titdi. Olov bag‘ridan
alam bilan otilib chiqqan hisobsiz uchqunlarni qor zarralari yutdi. Tengiz hozir bir necha
daqiqaga o‘g‘rilik botqog‘ini ruhan tark etib, talabalik dunyosiga, faylasuf bo‘lib
yetishmoq orzusidagi yigitning pokiza olamiga qaytgan edi. Nuriddin uni bu holatda
avval ko‘rmagani sababli ajablanganicha o‘tiraverdi. Unga biron so‘z aytish yoki
aytmasligini ham bilmadi.
— Bu oddiy gaplarga o‘xshaydi, — dedi Tengiz boshini ko‘tarib. — Lekin uni tushunish
oson emas. Amal qilish esa, mushkul... juda ham mushkul. Biz... o‘g‘rilar, o‘zimizni ozod
insonlar deb hisoblaymiz. Bu nisbiy tushuncha. Aslida esa Epiktet haq — biz qullarmiz!..
Ana endi o‘ylab ko‘r: bu dunyoda ozod inson ko‘pmi yoki qulmi? Men Cho‘michni ahmaq
o‘rgimchakka o‘xshatdim. Aslida biz ham o‘sha ahmaq o‘rgimchaklarning birimiz. Faqat
qaysi bog‘bon qanday yanchib o‘ldirishini bilmaymiz. Bizning qismatimiz shu —
boshqacha bo‘lishi mumkin emas... Shunaqa gaplar ham bor bu dunyoda, oshnam.
Akangga aytib qo‘y, talvasaga tushmasin. Cho‘michni tinchita oladigan aqlimiz bordir.
Nuriddin suhbat yakunlanganini anglab, o‘rnidan turdi. Yarim soatdan so‘ng
Pachoqburun Tursunalini boshlab keldi. U kelguniga qadar Tengiz o‘rnidan turib, egniga
qo‘ngan qorni qoqib, gulxan yaqinida u yoqdan bu yoqqa yurdi. Unga Murikning maqsadi
oz bo‘lsa-da ayon edi. Sobiq sovxoz direktoridan nimani istash mumkin? Pul. Balki
Gobelyan unga shu ishni topshirgandir? «Uch harf»dan olgan vazifasi-chi? «Bu qanjiq
hamma yoqni chigallashtirib tashladi-ku?» deb g‘ijindi Tengiz. Kalavaning uchini topa
olmay yuragi siqilayotganda Tursunali yaqinlashib, salom berdi.
— Nima gaping bor? — dedi Tengiz salomga alik olay.
Bunday qo‘rsliklarga ko‘nikib qolgan Tursunali joyida qotib, atrofiga qo‘rquv aralash
bir alanglab oldi.
— U meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, — dedi miskinlik bilan.
— Nega o‘ldirmadi?
«Nima uchun o‘ldirmoqchi edi», degan savolni kutgan Tursunali javobga
taraddudlandi.
— U «boylikni qaerga yashirding?» deb zug‘um qildi.
— Xo‘sh, aytdingmi?
— U yoqda boylik qolmagan o‘zi...
— Seni Gobelyan so‘roq qilganmi?
— Ha.
— Boyliging qaerdaligini unga aytganmisan?
— Bo‘lsa aytaman-da.
— Qanjiq seni nega o‘ldirmadi?
— Unga aytdim.
— Demak, bor ekan-da? — Tengiz shunday deb unga g‘azabli nigohini qadadi.
— O‘zi yo‘q, bo‘lsa sizga aytmasmidim. Unga aytgan yerimda sariq chaqa ham
qolmagan. Meni qutqarish uchun xotinim hammasini sovurib, ado qilgan.
— Boyliging qolmagan bo‘lsa, nega qaqshayapsan? Nimadan qo‘rqyapsan?
— U meni o‘ldirmoqchi.
— O‘ldirsa savobga qoladi.
— Nega, axir?.. — najot umidi bilan kelgan Tursunali sovuq tarzda aytilgan bu gapni
eshitib bir seskandi. «Shartga binoan siz meni himoya qilishingiz kerak-ku!» demoqchi
bo‘ldi-yu, da’vo qilishga tili bormadi — qo‘rqdi. «Nega, axir...» dan nariga o‘ta olmadi.
Da’vosini aytolmagan bo‘lsa ham, Tengiz uning maqsadini angladi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |