Chin muhabbat
Yarim tun.Atrofdagi xazonlarni shamol u yoqdan bu yoqqa olib uchurar , ariq bo’yida bir qator bo’lib terilgan navqiron teraklar bir-birlariga bosh urib g’iychillardi.Alamzada itlarning akillashi , onda-sonda eshaklarning uzundan-uzoq hangrashi , shitirlagan , vishillagan tovushlar erka shamoldan yangrayotgan ohangga hamoganglik qilardi. Birdan tabiatning jo’shqin kuyiga mashinaning g’ing’illagan ovozi-yu , so’ng eshikning taqillagan tovushlari kelib qo’shildi. Taxta eshik tinmay zarb bilan taqillamoqda. Zubayda aya shovqindan cho’chib uyg’onib , tashqariga quloq soldi . “Tinchlikmikan-a? Kim bo’ldi kechasi ” degan o’y bilan qo’rqa-pisa Nizom otani uyg’otmoqchi bo’lganida , “ Oyi , oyi , oyijon ! Eshikni ochinglar. Men Sadoqatman” degan ovozni eshitdi. Shundan so’ng ichidagi qo’rquv biroz yoyildi.Egniga kamzulini ilib , shosha-pisha tashqariga odimladi.Eshikka yaqinlashgach duduqlanib:
- K-kim u?Q- qizim, senmisan?- dedi past ovozda.
-Ha , men.Oyijon , oyijonim …- dedi Sadoqat ingrab.Zubayda ayaning yuragi tipirchilab shundoq eshikni ochdi , ro’parasida qizi turibdi .Qo’llarida tugun , sochlari hurpaygan, boshidagi ro’moli siliqib bo’yniga tushgan , egnidagi ko’ylagi shamolda hilpirar , kun ayozidanmi yo ichidagi iztirobdanmi dir-dir qaltirar , ko’zlarida esa jiqqa yosh.Qizini bu avholda ko’rgan Zubayda hech narsaga tushunmay garangsib qoldi:
- Qizim, nima bo’ldi senga? Tinchlikmi? – deyishi bilan Sadoqat qo’lidagi tugunlarini yerga tashladi-da , onasining bo’yniga osilgancha uvvos solib yig’ladi. Ularning shovqinidan Nizom ota ham o’rnidan turdi-da, tashqariga chiqdi. Xotinining quchog’ida yig’layotgan qizini ko’rib, yuragini vahima egalladi.
- E , nima bo’ldi ?Nega yig’layapsan,qizim?Nega bu yerdasan? Nega kech bo’lganda keldilaring? Mashrabjon qani? –deb so’radi otasi.Sadoqat ko’zidagi yoshni yengiga artib:
- Ketdi...
- Qayoqqa ketadi ?Nega ketadi? Nimaga uyga kirmadi? Yo oralaringda biror gap bo’ldimi?- deb so’radi Zubayda aya xavotirlanib.Sadoqat ota-onasining qaysi savoliga javob berishni bilmay , gangib qoldi.
- E xotin , bas qilsangchi. Nafasing ham o’zingga o’xshagan suvuqda .Qani, bu yerda turmasdan ichkariga yurlaring, - deb o’zi bosh bo’lib uyga kirdi. Zubayda aya gandiraklab pechkadagi langillab turgan ko’mir cho’qi ustiga maydalangan shoxlardan solib , shosha-pisha o’t qo’ydi. Keyin dasturxonni pala-partish yozib, qizining oldiga cho’kkaladi .
-Endi gapirchi.Nima bo’ldi o’zi?Tuzukmisan? – deb Nizom ota qiziga qaradi. Sadoqat “Ha” degandek bosh irg’itib qo’ydi.U bir og’iz so’z aytishga ham madori yo’q ,hamon boshini yerdan ko’tarmay o’tirardi. Nizom ota xotiniga bir ko’z yugurtirdi-da :
- Qani, bo’lmasa turaylik. Charchagan ko’rinasan.Borib damingni ol. Ertalab bafurja o’tirib gaplashamiz , xo’pmi qizim, - dedi otasi. Sadoqat sekingina bosh silkitib qo’ydi. Zubayda aya qizini o’rnini hozirlab bergach ,chiroqlarni o’chirib , o’zi ham uning yonida yotdi. Tashqarida boyagi kuy yanada kuchaygan , Zubayda aya “Nima bo’ldi ekan-a?” degan o’y-xayollar bilan band , Sadoqatning esa ko’rpa ichida bilinar-bilinmas“piq-piq” etib yig’lashlari eshitilardi .
Sadoqat bundan olti oy avval , yoz faslida , Mashrab ismli yigitga turmushga chiqqan edi . Mashrab yetimlikda o’sgan , ko’ngli yarim , juda aqlli , kim ko’rsa havas qiladigan yigit edi. Sadoqat latofat , iffat va nazokatda hech kimdan qolishmaydigan , qo’li ham gul qizlardan. Sadoqatga Mashrabjondan sovchi kelganida onasi “ Axir u g’irt yetimku! Na biror qarindoshlari bor. Odamlar mendan quda - andalaringgiz kim, deb so’rashsa nima deb javob beraman?” deb norozi bildirgan edi. Biroq Nizom ota “Yetim bo’lgani bilan o’zi zo’r yigit. Qaniydi mening bitta bo’lsa ham shunday o’g’lim bo’lsa” deb fikrida qattiq turib ,qizini unga bergandi. Mashrabjon olti oy ichida bu oilani mehrini keragidan ortiq qozondi. Nizom ota va Zubayda ayaning ikki qizlari bor edi , Mashrabjon esa ular uchun kuyov emas, o’g’ilga aylandi.Har hafta ularning holidan xabar olib turadi. Ro’zg’orga ham o’zi qaraydi.Har borganda qo’llarida to’la sovg’a-salomlar bilan kirib boradi.Nizom ota ba’zida xijolat tortadi , ba’zida esa qarigan chog’ida shunday izzat-ikrom ko’rsatayotganiga Allohga shukurlar qiladi. To’ydan so’ng , Mashrabjonning ishlari ham ancha yurishgandek bo’ldi. Avvallari “yetimcha” deb haqorat qiladiganlar hozir ko’klarga ko’tarib “ Mashrabboy” deb chaqirishadi. Yosh bo’lishiga qaramay uddaburonligi, ishbilarmonligi va mehnati bilan zamonasining badavlat kishisiga aylandi.Do’stlarlar havas qilishsa, dushmanlar hasaddan ichlari yonardi.Bir kuni Mashrabjon ish yuzasidan chet elga yetishga majbur bo’ldi.Sadoqat keng va hashamatli hovlida bir o’zi qoldi.Mashrabjon Sadoqatga otasining uyiga borib turishiga ruxsat berganida “Ayol kishi o’z uyida o’tirishi kerak. Siz ham uzoq qolib ketmassiz? O’zingiz aytyapsiz , bir haftaga qolmay kelaman , deb.Shu bir hafta ko’z yumib-ochguncha o’tib ketadi.Kechqurun bo’lsa , sheriklikka qo’shni qizlarni aytib chiqaveraman” deb norozilik bildirdi.Mashrabjon ketgach, biror marta ham ota uyiga bormadi , ko’chaga esa faqat zaruriyati bo’lgandagina chiqib , uni intiqlik bilan kutdi.Mashrabjonning safari cho’zilib , naq bir oy deganda qaytdi.Ayolining sadoqati , vafodorliligini ko’rgan Mashrabning ko’ngli ancha yorishdi.Mashrab safardan qaytgandan buyon tez-tez mazasi qochib, o’zini g’alati his qiladigan bo’lib qoldi.Sadoqatni biror marta ko’nglini og’ritmagan , uni doim asrab-avaylagan , chin dildan suygan Mashrab bir-necha kunlardan buyon boshqa kishiga aylangandek.Uni jerkiydi, bo’lar-bo’lmas gaplar bilan dilini og’ritadi , arzimagan narsalardan katta janjal chiqaradi.Mana ,bugun ham ishdan mast holda kech qaytdi.Sadoqat ming o’y – hayollar bilan xavotirlanib , eshik yonida uni kutib o’tirardi . Eshikdandan kiriboq , Sadoqatga ko’zi tushdi. Yana uni avvalgidek jerkib , haqoratlay boshladi.Sadoqat turmush o’rtog’ini bu holatda ko’rib ichi achidi. Chunki eri odatda bunday juda kech kelmas , umrida biror marta ham shayton suvini og’ziga olmagan edi.Avvaliga Sadoqat nomiga aytilgan haqoratlarni mastlikka yoydi.
- Sizga nima bo’ldi? Avval sizni hech bunday ahvolda ko’rmagandim.Nega ichdingiz? Turishingiz ham bir ahvol ,- dedi kuyinib.
- Sen menga ortiq mehribonchilik qilma ! Kerakmas, kerakmas … Meni endi boshqa mehribonim bor.Bir go’zalga ishqim tushdi.U shunday go’zal , voh-voh ,shunday go’zal bir malakki,sen uning bir tola sochiga ham arzimaysan! Bo’ldi , yetar ,sen bilan ortiq yashamayman. Javobingni berdim . Ket !Endi men ham , bu uy ham senga begona. Ket…” deb Sadoqatni itarib yubordi. Qancha yalinsa ham uni goh sochidan, goh qo’lidan tortib mashinaga soldi .Keng ko’chada mashina tebranib-tebranib , gandiraklab borardi. Sadoqat “Aybim nima? Axir sizga aqalli biror marta ham xiyonat qilmadimku! Nega bunday qilyapsiz!” deb tinmay yig’lardi.Mashrab esa uning gaplariga quloq solmay , uyiga olib kelib tashladi.O’zi esa yana mashinasini g’ildiratib ortiga qaytib ketgandi.
Ertalab hamma dasturxon atrofiga yig’ildi. Singlisi Xadicha opasining kelganidan bexabar edi. Har gal Sadoqat kelganida quvonchi ichiga sig’maydigan Xadicha opasining ahvolini ko’rib, yuzida quvonch alomatlari ko’rinmadi.Nizom ota qizidan gap nimada ekanligini so’rab bilgach:
-Ha, shunday qildi degin.Hmm… O’zing ham biror narsa qilgandirsanda? Balki ,sendan ham ayb o’tgandir. Mashrabjon o’z-o’zidan bunday demasa kerak?! Uni yaxshi bilaman.Seni ham biror aybing borki , shunday degan. Endi tur , narsalaringni yig’ishtirib, uyingga bor. Turmushga chiqqach ,qiz bolani ota uyida ko’p turishi yaxshi emas.
- Iye , nega unday deysiz.O’zi olib kelib tashladimi, o’zi olib ketsin. Meni qizimni shunchalik xo’rlaydi-yu , biz shunday qarab o’tiraveramizmi? Kelib kechirim so’rasin , inneykeyin ketadi , - dedi Zubayda aya qovoq uyib.
- Er-u xotin urushi , doka –ro’mol qurishi, - dedi Nizom ota qizini murosaga keltirmoqchi bo’lib -Bunday janjallar har bir xonadonda bo’lib turadi.Hammasiga sabr qilish kerak. Mayli, bir-ikki kun tursin. Mashrabjon kelsa keldi, kelmasa o’zimiz olib boramiz , - dedi va piyoladagi sovub qolgan choyini ho’plab o’rnidan turib ketdi.Sadoqat “ Otamning gaplarida jon borga o’xshaydi. Qarsak ham ikki qo’ldan chiqadi” deb o’zini ovutdi. Ammo o’sha kungi haqoratlaganlari , sochidan yulib, ko’chaga olib chiqqani ko’z o’ngidan ketmadi . Shunday bo’lishiga qaramay, erta-yu kech ko’zi yo’lda. “U bugun keladi.Albatta, keladi. Men usiz qanday azob chekayotgan bo’lsam , u ham shunday azob kechyapti” degan xayollar bilan kutdi. Ammo undan darak yo’q.Ikkinchi kuni ham “Balki kecha ishlari ko’payib ketgandir. Shunga kelolomagan. Mana endi bugun aniq keladi . Buni aniq sezyapman” deb o’ziga o’zi.Biroq u o’ylagandek bo’lmadi. Mahallada ham sekin-asta gap-so’z ko’paya boshladi. Sadoqat yumush bilan ko’chaga chiqqanida mahallasidagi xotinlarning “Nizom akaning qizi qaytib kelganmish. Eri haydab yuboribdi” , “ O’zi Sadoqat yaxshi qiz emasdida” , “ Ayb Sadoqatda emas , Mashrabda ekan” deganlari qulog’iga chalinib , ichidan zil ketardi.Uchinchi kuni ham kelmagach :
- Ha , ayb o’zimda .Erimga yaxshi qarolmabman , unga munosib bo’lolmadim.Agar yaxshi xotin bo’lganimda edi , meni tashlab ketmasdi . Endi bugun o’zim boraman , - dedi-yu tugunlarini yig’ishtirib, uydagilari bilan ham xayrlashmasdan yo’lga tushdi. Yo’lda borar ekan Mashrabjonning o’sha kungi “Endi mening boshqa mehribonim bor.Shunday go’zal, shunday go’zal” deganlari ko’z o’ngidan birin-ketin o’tdi.”Rostdanam o’sha juvonmargni yaxshi ko’rib qolgan bo’lsaya!Keyin nima qilaman?! Yo’q , unday bo’lishi mumkinmase.U meni yaxshi ko’radi.O’shanda alahsiragan.Aniq alahsiragan.Mastlikda og’izga kelganini gapiraverganda” deb o’ziga o’zi gapirib ketardi.Borsaki, eshik qulf.Ichkariga quloq soldi , jim-jit. “ Ha , ishda bo’lsa kerak” deb o’ylab eshik tagida kutib o’tirdi.Vaqt ham allamahal bo’ldi. Mashrabjonning ishdan qaytar vaqti bo’lsada, hamon undan darak yo’q.Qorong’u tushib , havo yana soviy boshladi. Qo’shnilari Sadoqatni bir o’zini tashqarida ko’rib:
- Voy , nega bu yerda turibsiz,poshsha.Ha, kelganmidingiz? Ammo Mashrabjonga bir-ikki kundan buyon ko’zim tushmadi.Bugun kelib qolar.Ungacha yuring ,biznikiga. Xabardor bo’lib turamiz , kelgandan keyin chiqaverasiz,- deb uylariga taklif qilishdi.Sadoqatga ham bu taklif ma’qul tushib , tunni ularnikida o’tgazdi.Tashqarida mashina ovozi eshitilsa,uyi tarafga qarab qo’yadi.Kechasi bilan ko’ziga uyqu kelmay, nimalarnidir o’ylab yotdi.Tong otganidan ko’ngli yorishdi , ammo Mashrabjonning kelmadi. Kun chiqqandan keyin ham tushgacha kutdi.Oxiri toqati toq bo’lib:
-Nahot shu paytgacha kelmasaya?! Yoki o’sha xotinni yonidamikan? – deb o’ylab yuragi ezildi. Og’ir qadamlar bilan yana ota uyiga qaytdi .Qalbidagi umid uchqunlari o’chdi.Qizini qaytib kelganini ko’rgan ota-onasining ham ko’ngli xira tortdi.Sadoqat kelganidan buyon na ovqatlanadi , na kim bilandir gaplashadi, na biror joyga boradi. Ko’ngliga hech narsa sig’may, uydan tashqariga chiqmadi.Bir qarasang qo’lida “ O’tkan kunlar” , bir qarasang “ Kecha va kunduz” .Shu kitoblar unga biroz bo’lsada tasalli bergandek edi. Guldek ochilgan Sadoqat kundan kunga so’lib borardi. Oriqib , ranglari siniqib qolgandi. Oradan bir hafta o’tib , eshik yoniga tanish mashina kelib to’xtadi. Bu mashina ovozlari Sadoqatga juda tanish edi. Eshitdi-yu tashqariga yugurdi. Eshikka yaqinlashgan sari yurak urushi tezlashdi.Tashqarida Mashrabjonning ovozini eshitgach esa yuragi quvonchdan yorilay dedi. Shoshilibgina eshikni ochmoqchi edi, birdan ortga tisarildi.
- Hozir uning yoniga shu ahvolda chiqamanmi? Turishimni ko’rsa , ko’ngli sovub, yana tashlab ketib qolsa nima qilaman!- deb xonasiga yugurdi. U eng chiroyli ko’ylaklarini kiydi, vujudini kuchli hayajon qamrab olgandi. Hayajondan qo’llari ham chalkashib oynaga qarar, o’ziga oro berardi.Nizom ota kuyovini kutib oldi va mehmonxonaga olib kirdi. Uning kelganidan Nizom ota va Zubayda aya xursand bo’ldilar. Chunki qizi kelganidan buyon tashqaridagi odamlarning gap- so’zidan butun oilaning boshi egik edi.Mashrabjonning qo’lidagi kattagina chamadonlarni ko’rib dong qotdi.Nizom ota qizining aytgan so’zlarini , uyiga borganda hech kim yo’qligi uchun yana qaytib kelganini so’zlab berdi.Sadoqat ichkariga kirishga uyalib, tashqarida , deraza tagida, ularning gaplarini eshitib turardi. Nizom ota bo’lgan voqealarni bir-bir bayon etgach, kuyoviga yuzlandi:
- Ochig’ini aytsam qizingizda ayb yo’q , ota. Hamma ayb o’zimda .Shoshqaloqlik qilib , kelajagimni o’ylamay ,qizingizga uylanibman- dedi Mashrabjon .
- Kechirasiz , o’g’lim. Gapingizga tushunmadim. Nega bunday deysiz?- dedi Nizom ota ajablanib.
-Sadoqat bu haqda indamadimi?
-Nimani? Ochiqroq qilib gapirsangizchi!- dedi qo’rquvdan ko’zlarini javdiratib.
-Gapning ochig’i, safarim davomida boshqa bir suluvga ko’nglim tushdi.Yulduzimiz yulduzimizga to’g’ri kelib qoldi .Safarim cho’zilib ketishining boisi ham shu.Muhabbat shunday, fursat tanlamas ekan.O’zi ham badavlat , tak-zotli boyning qizi.Endi shunga uylanmoqchiman,-dedi Mashrab.Sadoqat o’sha kuni bunday gaplarni gapirganida mastlikka yoyib , ishonmagandi. Ammo hozirgi aytgan gapidan so’ng ,ustiga bir chelak muzdek suv to’kilgandek bo’ldi.
-Yo tavba! Siz nima deyayotganingizni bilasizmi? Axir bu uyatku!- dedi Zubayda aya qoshlarini chimirib.
-Ha bilaman ,bu andishasizlik.Ammo ko’ngilga buyruq berib bo’lmas ekan.Lekin chet ellarda bu oddiy holat. Hech uyat joyi yo’q! Odam hayotga bir marta keladi.O’z suygani bilan baxtli yashasa , nimasi uyat! Mana , men suygan ayol ham turmush o’rtog’idan ajrashib , men bilan yangi turmush qurmoqchi.Men ham shunday…- deb qolgan gapini aytolmay jimib qoldi.
-Ya’ni? Siz ham o’sha ayol qilgan ishni qilmoqchimisiz?- deb so’radi Nizom ota g’azab bilan.Sadoqat tashqarida “Hozir u yo’q deydi.Yo’q deydi.Yo’q…” deb shu so’zlarni takrorlardi.
- Ha shunday.Qolaversa ,u tomonlarda ish ham, pul ham ko’p.Endi qishloq menga to’g’ri kelmaydi.Bu yerlarda yashashni xohlamayman.O’sha yerga ko’chib ketaman.Shunga sizlarni bundan boxabar qilish uchun kelgandim.Uy-joyimni ham sotdim.Erta-indin ketaman,- dedi gerdaygancha. Bu gaplarni eshitib Nizom ota kuyovining yuziga musht tushurmoqchi bo’lib qo’lini hozirlagan edi , Zubayda aya zo’rg’a to’xtatib qoldi. Sadoqat bu safar o’zini tutib turolmadi.Kafti bilan og’zini berkitib ,yig’lagancha xonasiga kirib ketdi.Qalbidagi umid uchquni o’chib, o’rnini yana qayg’u egalladi. Mashrabjon gapini davom ettirdi:
-Chamadonlardagi narsalar qizingizniki.Turmushi o’xshamagan qizning ko’chini olib borib tashlash uchun yuk mashinalarini chaqirishardilar. Sizning qizingizni ko’chi esa shu ikkita jamadonda , yuk mashinasiga ham hojat yo’q , – dedi istehzoli kulib . Bu gaplar Nizom otaga juda qattiq ta’sir qildi. Kuyovining gapi unga “ Qizingning sepini ham qilishga yaramagansan” degandek tuyulib, ichidan zil ketdi.Sadoqatni uzatayotganda Mashrabjon ularga hech qanday dabdaba, sarpo-surug’ qilmasliklarini , hammasini o’zi ta’minlashini aytganda , ko’ngillari tog’day ko’tarilgan edi. Mashrabjonning shu gapidan so’ng bo’lajak kuyoviga ixlosi yanada ortgan edi. Ammo hozirgi aytgan so’zlari yuragiga nayzadek sanchildi,nafasi bo’g’ilib,o’zini behush his qildi. Biroz avval kuyoviga musht ko’tarmoqchi bo’lgan Nizom ota endi uyatdan yuzlari qizardi.
-Qani , endi ota ,oqfotiha bering.Vaqt kam , qiladigan ishlarim esa ko’p. Hali narsalarimni yig’ishtirishim ham kerak,- deb o’rnidan turishga hozirlandi.Shuncha gapni gapirib bo’lgach uning “ota” , “oqfotiha” degan so’zlaridan so’ng Nizom ota g’azab otiga mindi.
- Tur , yo’qol!Ket uyimdan, uyatsiz! Yana “ ota” deydiya uyalmasdan. Hali oqfotiha kerak bo’lib qoldimi? Bor, o’sha benomusga uylan, xotinboz!Qizimni hayotini o’yinchoq qilganing uchun ikki dunyoda ham kechirmayman!Boshqa uyimga qadam bosma ! Men seni o’g’lim debmana , noinsof. Ket deyapman ,senga ,ket ,-dedi Nizom ota o’chqirib.Mashrabjon qo’rqqanidan rangi oqarib, orqa –oldiga qaramay chiqib ketdi.Shu-shu ketganicha boshqa qorasini ko’rsatmadi.Sadoqatning qalbi vayron , umri xazon bo’ldi. Bu voqeadan so’ng Sadoqat uni qancha unutishga harakat qilsada, biroq unga bo’lgan muhabbati bunga yo’l qo’ymadi. Kundan kunga sog’inchi ortib , sillasini quritdi . Ahvoli ham ajinarli:ko’zlari kirtaygan , cho’pdek ozib , rangi o’chgan. Sadoqatning ajrashgani butun qishloqqa tarqaldi.Nizom ota choyxona tugul , ko’chaga ham chiqmay qo’ydi.Zubayda ayaga mahallasidagilarning gap-so’zlari yetmagandek , qarindoshlari ham piching qilishni boshladilar. Ammo bir tarafdan Mashrabjon ketgan kundan boshlab Nizom otaning uyiga sovchilar qadami oraladi. Sadoqat go’zal , xushbichim , aqlli qiz bo’lgani uchunmi xaridorlari ko’paya berdi.Bundan Nizom ota va Zubayda ayalarning ko’ngli biroz bo’lsada yorishgandek bo’ldi.Lekin Sadoqat kelgan barcha sovchilarni qaytaraverdi.Qanchadan qancha yaxshi joylardan keldi. Biroq ko’ngli hamon Mashrabda edi. Hash-pash deguncha oradan bir yil o’tdi.Bir kuni Nizom ota xotinini yoniga chaqirib:
- Mana ,bir nomard qizimning hayotini barbod qilgani bilan ,bu yoqdan Alloh mehrini ayamayapti. Qara, uyimizdan sovchilar qadami uzilmaydiya. Ya ,tavba ! Hammasi tagi-zoti yaxshi odamlar yana. O’shanda sening gaplaringga kirsam bo’larkan , xotin. Mayli, o’tgan ishga salovat. Boshimizda shu kunlar ham bor ekan .
- Ha ,nimasini aytasiz. O’zingizni ayblamang. Siz qizingizni baxtini o’ylab unga bergansizda. Bunday bo’lishini kim ham bilib o’tiribdi, deysiz.
-Ha , to’g’ri aytasan. Endi bundoq qilamiz: sen qizingni ko’ndir.Mana ajrashganlariga bir yil bo’ldi.Qizim Mashrabdan ko’ngil uzolmayotganini sezib turibman. Ammo nailoj.Buyog’iga qizimizni uzatmasak bo’lmaydi.Yoshi ham o’tib ketyaptida. O’tgan safargi sovchilar tag-tugli, yaxshi odamlar edi. Ularni oilasini ham, farzandlarini ham yaxshi taniyman. Qizingga yaxshilab tushuntirgin. Keyingi haftalarga boyagi sovchilar kelishlarini aytgandi. Shunda bira to’la kechiktirmasdan fotihasini beramiz . Ko’nsa ham shu ,ko’nmasa ham shu, - dedi Nizom ota jiddiy tusda.Zubayda aya qiziga qanday tushuntirishni bilmadi.Bir- ikki kun gapni nimadan boshlashni bilmay , o’ylanib yurdi. Oxiri Nizom otaning bir-ikki qovoq uyushidan so’ng aytdi. Biroq Zubayda aya qancha urinmasin, qizi baribir rozi bo’lmadi. Nizom otaning jahli chiqib:
- Bir ishni ham eplolmaysan!Erta-indin sovchilar kelsa nima deb javob beramiz?Bor, chaqir qizingni , - dedi o’dag’aylab.Zubayda aya , Nizom ota va Sadoqat dasturxon boshida bir- birlariga qarab , so’zsiz o’tirardilar.Oxiri doimgidek Nizom ota gap boshladi:
- Qizim , onang aytgandir senga bo’lgan gaplarni.O’zing ham bilasan ,hozir nega seni chaqirib bu yerga yig’ilganimizni , - Sadoqatga bir qarab qo’ydida gapida davom etdi – Ota bo’lib bu gaplarni senga aytish menga ham og’ir. Ammo onang aytganda ko’nmabsan. Nima, seni tashlab ketgan bitta go’rso’xta bizdan shunchalik ustunmi?
- Yo’g’e unday emas. Men , men…-dedi-yu boshqa biror sabab topolmay duduqlanib qoldi.
-Unda nega qarshilik qilyapsan? Xo’sh , gap nimada bo’lmasa?- deb Nizom ota Sadoqatga ko’z tashladi. Otasining bu galgi savoliga javob berolmay, yuzi qizarib , yerga qaradi.Zubayda aya endi bir nima demoqchi bo’lib turgandi , Nizom ota yana gapini davom ettirdi.
- Xo’p ,o’sha noinsof ketgandan so’ng biror marta xabar oldimi sendan? Holing nima, deb so’radimi? Uylanib ketgan bo’lsa ham ,yo’qlash kerakku axir! Butunlay begona bo’lib ketmasdan. Hozir seni ko’rsa, tanimasa ham kerak. Sen bo’lsang, o’zingga o’zing azob beryapsan. Shu to’g’rimi ? Mahalladagi odamlarning gap-so’zlari qulog’ingga chalingan bo’lsa kerak. Bizni ham biroz o’ylada endi! Ko’cha- ko’yda yurish bor.Bu yoqda singlingni ham bo’yi yetib qolgan, - dedi Nizom ota yalingan ohangda.Bu so’zlardan Sadoqatning qalbi titradi.Otasining aytgan so’zlarini uzoq o’yladi. “ Otam menga tan olishni istammaydigan acchchiq haqiqatlarni aytdi.Ehh… Sizga shunchalik osonmi ,unutish?! Nahot zarracha bo’lsada muhabbatimiz hurmati yo’qmi?! Shu vaqtdan buyon biror marta ham yo’qlamadingiz-a? Shuncha go’zal xotiralar bari bekormu?! Hayf ,sizga muhabbat , hayf! Unday bo’lsa men uchun ham endi siz yo’qsiz. Butkul yo’q!Hayotingizdan meni qanday irg’itgan bo’lsangiz, men ham shunday chiqarib tashlayman. Tan olaman ,sizni butkul unutishim , yodimdan chiqarishim qiyin.Chunki sizga o’xshagan yuraksiz emasman ! Ota-onamning boshini egganingiz uchun ham sizni faqat va faqat nafrat bilan xotirlayman ” dedi ichida o’ziga o’zi.Og’ir xo’rsinib, uzoq vaqtdan buyon qarab turgan ota-onasiga:
- Roziman. Hammasiga roziman,- dedi bo’g’ziga nimadir tiqilib.Boshqa so’z aytolmay, xonasiga yo’l oldi. Ko’zlaridagi qat’iylik , qahr yaqqol ko’rinib turardi .Ota- onasi uning javobidan so’ng ko’ngillari ko’tarildi . Ayniqsa , Nizom ota hammadan ham xursand bo’ldi. Chunki qizining baxtsizligida o’zini zimdan ayblab yurardi.
Keyingi kuni sovchilar ham kelishdi. Fotiha berib , to’yni keyingi oyga, ko’klamning boshiga belgilashdi . Ikki taraf ham to’y harakatlarini boshlab yuborgan.Qarindosh-urug’lar tez-tez kelib , to’y yumushlarida ularga yordamlashishdi.Sadoqat bahor kabi jonlanib ,go’yoki yana hayotga qaytayotgandek edi. Yuzlariga tabassum oralab , ahvoli ham ancha-muncha yaxshilandi. Sadoqat go’yoki qalbidagi Mashrabjonga bo’lgan muhabbatini qahraton qishning qorlari ostiga ko’mgandek bo’ldi.Bir paytlar totli va unutilmas hisoblangan muhabbat sovuq qor tagida qoldi!
O’sha kun ham yetib keldi. Nizom otalarning hovlisi bugun yana bir to’y ko’rish arafasida. Tong sahardan ayollarning g’ala-g’ovuri , bolalarning hovlida qiy- chuvlari eshitilar , eshikdan mehmonlar kelishni boshlagan. Nizom ota va Zubayda aya barcha g’am-tashvishlarni unutib , qiziga baxt tilab , duolar qilardilar.Sadoqat hovlining bir chetidagi bezatilgan uy ichida dugonalari davrasida ko’ngil xushlasada , yuragining bir chetida muhabbatning qoldirgan izlari unga tinchlik bermasdi.Qizlar qiziq-qiziq hangomalar, laparlar aytib o’tirardilar.To’y ham to’kin- sochinlik bilan o’tdi.
Ikkinchi umr yo’ldoshi ,To’lqin , Sadoqatni juda yaxshi ko’radi.Mashrabga turmushga chiqmasdan avval ham unga oshiq bo’lib, ko’p bora sovchi qo’ygandi.Lekin unga yetisha olmagandi. Uning to’yidan so’ng ancha vaqtgacha uylanmay yurgandi.Sadoqatning ajrashganini eshitgach , ro’zg’or ko’rgan bo’lishiga qaramay ,tinmay sovchi jo’nataverdi.Axiri Sadoqatga yetishdi. Unga uylanib, baxtli qilish uchun qo’lidan kelganini qildi.Sadoqat ham qaynota-qaynonasini xizmatini qilib,ularning mehrini,ishonchini qozondi.U To’lqinni juda hurmat qilar , ammo Mashrabdek emasdi.Sof qalblarga faqat bittasi sig’gandek , Mashrabni butunlay unutib, qalbidan chiqarib tashlay olmadi.Ammo uni eslaganda faqat xunuk xotiralar bilan eslardi: ko’z o’ngida jirkanch,yovuz odam gavdalanganar , so’ng Sadoqat qoshlarini jimirib “Bunday insonlar eslashga ham arzimaydi” deb qo’yardi.Bir necha oylardan so’ng Sadoqat og’iroyoq bo’lib , ona bo’lish baxti unga ham nasib etishidan qalbini yoritayotgan mitti uchqun quyoshga aylanib butun hayotini yoritdi.Hayotga bo’lgan muhabbati kuchayib , har narsaga quvonch ko’zlari bilan boqardi.U o’zini juda baxtli his qildi.Sadoqatdagi o’zgarishlarni ko’rib To’lqin ham xursand bo’ldi. Chunki Sadoqat doim o’ychan , xomush va g’amgin bo’lib yurardi.Endi esa bu tuyg’ular asta-sekin chekinib ,o’rnini quvonch-u shodlik egallay boshladi. Bir kuni Sadoqat o’choq boshida kuymalanib ovqat pishitayotgan edi, eshikni kimdir taqillatib qoldi. Uyda bir o’zi. Oy-kuni ham yaqinlashib qolgandi .Qaynona- qaynotasi qarindoshlarinikiga , To’lqin esa bozorga tushib ketgandi.Sadoqat “Kim?” deya eshikni ochdi.Ochdi-yu ro’parasidagi odamni ko’rib beixtiyor Mashrabjon esiga tushdi. U Mashrabning eng yaqin do’sti Ikromjon edi.Ikromjon uning ko’zlariga goh Mashrab, goh Ikromjon bo’lib ko’rinardi.
- Assalomu alaykum.Yaxshimisiz , singlim. Uzur bezovta qilmadimmi?- dedi Ikromjon Sadoqatning yuzidagi hayajonni ko’rib.
-Yo’q, yo’q! Keling ,- dedi va “Menda biror yumushing bormi?” degandek unga qaradi. Ikromjon cho’ntagiga qo’l suqib taxlangan qog’ozni oldi va Sadoqatga tutdi.
- Bu xat sizga .Undan…Berib qo’yishimni tayinlagan edi. Bo’pti, mayli yaxshi qoling, - deb orqasiga endi burilmoqchi edi Sadoqat to’xtatdi:
-Iltimos , shoshmang. O’zi yaxshimi? – deb so’radi beixtiyor.Biroq Ikromjon bu savollarga javob bermadi.Uning g’amgin ko’zlarini ko’rib Sadoqat qo’rquvdan rangi o’chdi.
- Sizdan so’rayapman. Nega indamaysiz? Unga nimadir bo’ldimi?- dedi ovozi titrab.Ikromjon esa indamasdan , Sadoqat qancha gapirsa ham orqasiga qaramay chiqib ketdi. Sadoqat shosha – pisha xatni o’qiy boshladi: “Salom qalbim egasi , muhabbatim malikasi ,Sadoqat! Bilaman , sening qalbingni yaraladim. Iltimos , meni kechir. Bir insonni ko’nglini og’ritmoq, Ka’bani vayron qilmoq bilan barobar ekan. Biroq mening boshqa ilojim yo’q edi. Nailoj ,taqdirim shul ekan. Agar bu maktubimni o’qiyotgan bo’lsang , men allaqachon bu dunyoni tark etganman. O’limimdan oldin xatni bitib, do’stimga “vafot etganimdan keyin, qachonki Sadoqat turmushga chiqqanida berib qo’y”deb iltimos qilgandim.Agar bu xatni o’qiyotgan bo’lsang qanchalar baxtliman! O’sha , o’sha , seni qo’lingdan yetaklab yarim tunda uyingga olib kelib tashlashimdan bir- ikki kun avval o’zinga ma’lum , vujudimdagi xastalikdan qiynalganim uchun doktorga borgandim. Saraton kasaliga yo’liqqan ekanman.Doktorlar tekshirib ko’rib, bu dardning davosi yo’qligini , oz fursat umrim qolganini aytishdi. Chora izlab boshqa doktorlarga ham bordim. Ammo ular ham shu javobni berdilar. Keyin taqdirga tan berib , seni o’zimdan uzoqlashtirish, qalbingdagi muhabbat o’tini so’ndirib , meni xayolingdan chiqarish uchun shu ishlarni qilishga majbur bo’ldim.Meni deb azob chekishingni aslo xohlamayman. Lekin bular menga qanchalik og’ir ekanligini bilganingda edi..! Seni sababsiz haqoratlab , har gal qalbingga ozor yetkazganimda ming o’lib , ming tirilaman.Sensiz o’tgan har bir kunimda do’zax azobini his qildim.Faqat tanam olovda emas , hasratda yondi . Vujudimni esa ilon –chayonlar o’rniga, sog’inch- ayriliq chaqdi.Lekin sen uchun hammasiga chidadim.Seni yana baxtli bo’lishingni , o’zingga munosib juft topib ,hayotingni davom ettirishingni istayman. Meni sendan boshqa hech kimim yo’q. Zero , bu arzimagan dunyo bizni jisman ayirgan bo’lsa-da , qalban ayirmasin! Sendan yagona tilagim shu. Mendan rozi bo’l !
Baxti qaro oshig’ing – Mashrab”.
Sadoqatning fig’oni ko’kka chiqdi.Taqdirning daxshatli zarbasidan, boshi gangib qoldi.Qo’lidan tushib ketgan xatni yana olib, unga tikildi.Qayta , qayta , qayta o’qiyverdi.Boshini mushtlab , yuzini nimtalab faryod chekdi.U faqat bir so’zni tinmay takrorlardi:
- Sadoqatmasman , sadoqatmasman …
Do'stlaringiz bilan baham: |