www.ziyouz.com kutubxonasi
52
ko‘rgan Murik zaharli tarzda tirjaydi. U mamnun edi. Murik turli joylarda, turli holatlarda,
turli boylardan pul undirgan, lekin bunaqangi vaziyat, bunaqangi odamga birinchi duch
kelishi edi. Shu paytgacha hech kim birgina tepki zarbidan bunday hiqillab qolmagan
edi. Kievga «gastrol»ga borganida Abramovich degan ziqnani to‘rt kechayu to‘rt kunduz
temir quvurga kishanlab, och qoldirib, tepkilaganda ham aytmagan, to‘rt kecha-kunduz
najot kutib yashagan. Beshinchi kuni o‘lib ketishiga ko‘zi yetgach, aytgan edi. Bu
odamga esa birgina tepki kifoya qildi. «Bulardan qaysi biri aqlliroq? — deb o‘yladi Murik,
so‘ng o‘z qarichi bilan hukm qildi: — Shunisi aqlli. Qiynalib jon bergandan ko‘ra, boylikni
osongina berib qo‘ya qolgani durust...»
Murik «Pul qo‘lning kiri, pul chiriydi, pulni Gorbach almashtiradi...» deb o‘ljasining
ko‘ngliga g‘ashlik solganday edi. Agar berkitilgan boylik qog‘oz puldan iborat bo‘lganida
Tursunali bu qadar talvasaga tushmasmi edi. «O‘g‘ilbolacha ish qilaman, yarmini
olaman», deydi. Tillayu javohir, duru gavharni ko‘rganda kim yarmiga qanoat qilar
ekan? Tursunalini ayblash balki noo‘rindir: boylikni peshona teri bilan topmagan bo‘lsa-
da, tillayu javohirning jilosi yurak tomirlariga ko‘z ilg‘amas nurlar bilan ulangan edi.
— Endi haddingdan oshma, — dedi Murik unga tarsaki tushirib. — Zolotoy odam
yaxshi gapning chegarasini bilishi kerak.
— Yerto‘lada... to‘sinlarning beliga qo‘yilgan yettita ustun bor. O‘rtadagi ustunning
tagida... — Tursunali shunday deb yutinib qo‘ydi-da, qassob qarshisidagi qo‘zichoq
holatida Murikka mo‘ltillab qaradi. «Qassob» esa «hozir so‘yayinmi yoki yana picha
semirishini kutayinmi?» degan kabi unga tikildi. So‘ng bir qarorga kelib, cho‘ntagidan
buklama pichoq chiqardi-da, tugmasini bosdi. «Aytdimu qutuldim, jonim foydaga qoldi»,
deb ko‘ngliga xotirjamlik oralayotgan Tursun-ali pichoqni ko‘rib, qo‘rqib ketdi.
— Yechin, — deb buyurdi Murik, sovuq ohangda.
— Aytdim-ku! — dedi Tursunali jon holatda.
— Shu gapingga ishonadigan ahmoqqa o‘xshaymanmi men?
— Rost aytdim, gapim rost, axir!— Tursunali yig‘lamsiradi. — Nega ishonmaysiz?
Ustunning tagida chuqurcha bor. Chuqurchada ikki qavat yog‘och qopqoq bor.
— Sen tirik odamning terisini qanday shilishganini ko‘rganmisan? — Tursunali bu
savolga javoban javdiraganicha bosh chayqadi. — Ko‘rmagansan, — dedi Murik pichoqni
bukib, cho‘ntagiga solgach. — Agar aldasang — ko‘rasan. Uch-to‘rt kun ichida ko‘rasan.
Te-ringni shilib, bi-ir rohatlanaman. Ungacha birovga churq etmaysan. Og‘iz ochishing
bilan kuragingning tagida shu pichoqni ko‘rasan. Bo‘ldi endi, bor.
Tursunali qutulgani rostligiga bir ishonib, bir ishonmay iziga qayta boshladi. Uch-to‘rt
qadam bosgach, orqadan Murikning ovozi keldi:
— Zemlyak, ishtoning ho‘l bo‘lganga o‘xshaydi, almashtirib ol, yana shamollab
qolmagin. Sen menga tiriklayin keraksan, — u shunday deb hiringlab kuldi. Tursunali
orqasiga qaramadi.
U Murikni aldamagan edi. Chindan ham yerto‘ladagi ustun ostida sandiqcha bor edi.
Ammo bu sandiqcha bo‘sh edi. Aniqroq aytilsa, bu sandiqcha bir necha haftagina asqotdi
— boyliklarni bag‘rida yashirdi. Lekin Tursunalining ko‘ngli to‘lmay, to‘plaganlarini bosh-
qa joyga ko‘chirdi. Hozir yerto‘lani aytishga aytdi-yu, «buning odamlari uyga borar,
sandiqchani topib ochar, so‘ng aldanganlarini bilib xotinimni siquvga olishar, bolalarimni
qiynashar», deb o‘ylamadi. Uning uchun hozir eng muhimi — o‘z jonini qutqarish edi.
Niyati amalga oshib, Xudoga shukr qilgan tarzda jo-yiga qaytdi. Mahbuslar ovqatlanib
bo‘lishib, ishga tarqalishayotgan edi. Tursunali javdiragan nigohi bilan Nuriddinni qidirdi.
Tushlikdan avval uni Pachoqburun chaqirib ketgan edi, hali ham qaytmabdi.
Tursunalining qo‘llari ishda, ko‘zlari esa Nuriddinning yo‘lida bo‘ldi. Murik ikki marta
unga yaqinlashib «Horma, zemlyak, charchamayapsanmi?» deb ketdi. Nuriddin ish
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |