www.ziyouz.com kutubxonasi
77
— To‘ppa-to‘g‘ri bu yerga boshlab kelishlarini bilmabman. Aslida sizga ko‘rsataman,
deb o‘ylovdim. Siz baribir o‘rtoq Baygildinga berardingiz.
— Bu hisobingiz ham to‘g‘ri, — dedi Baygildin jilmayib. So‘ng qog‘oz yuzidagi qizil
dog‘ga ko‘zi tushib, Samandarning bog‘log‘liq qo‘liga qaradi: — Qo‘lga nima qildi?
— Ha, shunchaki... shisha tilib ketdi, — dedi Samandar o‘zini xotirjam tutishga intilib.
Baygildin ularni uzoq ushlab o‘tirmadi. Samandarni shahar chetidagi xos
mehmonxonaga kuzatib qo‘yishdi. Xonaga kirib, birinchi ko‘rgani — Hindiqush xaritasi
bo‘ldi. «Maqsadlari jiddiyga o‘xshay-di, — deb o‘yladi. — Agar Afg‘onistonga ham
o‘rnatilsa, yangi o‘ta sezgir qurilmaga hojat qolmaydi. Yo‘lni to‘sishadi». Shu fikr
xayoliga kelib, battar bo‘g‘ildi. Muzjavonni ochdi: baxtiga aroq bor ekan. Katta qadahga
quyib, sahroda yo‘l yurib chanqagan odam kabi yutoqib ichdi. Bittaga qanoat qilmasdan
ikkinchisini ham to‘ldirib ichgach, dasturxon ustidagi olmalardan birini olib, karsillatib
tishladi. Nazarida aroqning quvvati ojizday tuyulib yana ikki marta ichdi-da, shi-sha
beliga yopishtirilgan yorliqqa qaradi. Aroqning qirq daraja ekanini o‘qib, ajablanganicha
bosh chay-qadi.
Eshik taqillab, askar yigit ko‘rindi-da, «Yemakxonaga chiqasizmi yo ovqatni shu yerga
olib kelaymi?» deb so‘radi. Samandar och bo‘lsa-da, ovqat yegisi yo‘q edi. Avvaliga
«kerakmas», deb rad etdi. So‘ng yigitni chaqirib, «shu yerga olib kel», deb buyurdi.
Aroq ta’sir qilib, badani qizidi. Boshi aylandi. Bog‘langan panjasiga qarab g‘ijindi-da,
dokani yechib tashladi. O‘zicha bir nimalar deb g‘o‘diranib, hammomga kirdi. Yuvinib
chiqqanida xonani ovqatning yoqimli isi tutgan edi. Shishani bo‘shatgunicha to‘rt-besh
cho‘qim ovqat yeya oldi, halos. Tomog‘idan boshqa hech narsa o‘tmadi. Yana bir shisha
pivo ichgach, to‘shakka ham yetib bora olmay, gilam ustiga cho‘zildi.
...Nafisa ko‘zlarini yarim yumganicha to‘shakda ayshini surardi. Samandarning kirib
kelganiga na u, na-da xushtori e’tibor berdi. Samandar «Hayvon! Buzuq!» deb
baqirmoqchi bo‘ldi, ammo ovozi chiqmadi. So‘ng... oshxonadan bolta olib chiqib, ularni
chopaverdi, chopaverdi. So‘ng... dahshatga tushdi. Bolta ularni qiyma-qiyma qilib
tashlagan bo‘lsa-da, tanada bir tomchi ham qon ko‘rinmadi. So‘ng... qiymalangan tana
bus-butun holga kelib, qadlari ko‘tarildi. «Ey nodon!» deb unga qarab kuldilar,
kulaverdilar. So‘ng... Samandar ularga pichoq bilan tashlandi. Ular qochdilar,
qochaverdilar. Samandar g‘azabga kelib, pichoqni otdi. Pichoq kinodagi mergan qo‘lidan
otilganday to‘g‘ri borib Nafisaning chap ko‘kragiga sanchildi. Nafisa yiqildi. O‘ldi.
Chinakamiga o‘ldi! Ana, ko‘kragidan qon sizib chiqyapti. Qon... issiq, qon. Ko‘zlari esa
baqra-yib qoldi: «Gunohim nima edi?» deb so‘rayotganga o‘xshadi. Samandar qo‘rqib
ketdi: «Nafis, seni o‘ldirmoqchi emasdim. Tursunali bilan birgaligingni bilganimda ham
kechirgan edim. Bu safar ham kechirardim. O‘lma, Nafis...» Shunday deb turganida
xushtor kelib boshiga to‘qmoq bilan urdi, uraverdi. To‘qmoq har urilganida jaranglab,
aks-sado taratdi, tarataverdi... Nafasi esa bo‘g‘ildi, bo‘g‘ilaverdi...
To uyqudan uyg‘onguniga qadar shu tush asoratida azob chekdi. Qo‘rquvdan
uyg‘ondimi yo eshikning taqillaganidan uyg‘ondimi — farqlay olmadi. Harholda eshikning
taqillashi boshiga urilgan to‘qmoq jarangiga monand edi. Boshiga urilgan to‘qmoq
tushida kechgan bo‘lsa-da, gardani lo‘qillab og‘rirdi.
Avvaliga qimirlash u yoqdan tursin, «Ha, kim?!» deyishga ham majoli yetmadi.
Aniqrog‘i qaerda, nima uchun yotganini idrok qilolmadi. Bir oz garangsib yotgach,
nonushtadan keyin bo‘lib o‘tgan voqealarni xira tarzda bo‘lsa-da, esladi. Shundan so‘ng
ko‘zlarini arang ochdi. Eshik yana taqillagach, «hozir!» deb ovoz berdi-da, inqillab
o‘rnidan turdi. Uy xuddi osma ko‘prikday u yon-bu yon tebranganday bo‘lib, chayqaldi.
Gandiraklab borib eshikni ochdi.
Yengsiz ich ko‘ylakda turgan gavdali odam uni ko‘rib jilmaydi:
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |