www.ziyouz.com kutubxonasi
78
— Xayriyat! Bu kimsasiz orolda bittagina insofli tirik odam bor ekan! — dedi u. —
Hamma xonalarni birma-bir taqillatib chiqdim. Tirik odam yo‘qmi, bilmayman. Bo‘lsa
ham ochishmaydi. Qo‘rqishadimi, bilmayman. Men yolg‘izlikni yomon ko‘raman. Ichgim
kelyapti, qo‘shni, nima men alkashmanmiki hadeb yolg‘iz ichaversam. Ko‘nglim shirin
suhbatni istayapti. Siz menga sherik bo‘la olmaysizmi? — U shunday deb qo‘lidagi aroqni
yuqori ko‘tardi.
Boshi aylanib, og‘zi qurib, ko‘ngli behuzur bo‘layotgan Samandarga bu taklif ma’qul
keldi. Garchi u chaqirilmagan mehmonga zid o‘laroq yolg‘izlikni yoqtirsa ham hozir ulfat
bilan ichgisi keldi.
— Kiring, — dedi u tisarilib.
Mehmon ostona hatlab qo‘l uzatdi-da, o‘zini tanitdi:
— Medvedev, Sergey Lavrentevich.
Samandar «Marhamat qiling», deb joy ko‘rsatdi. Medvedevning shimi yonidagi qizil
hoshiyani ko‘rib «generallardan ekan-da», deb qo‘ydi. Medvedev esa yozuv stoli ustidagi
Hindiqush xaritasiga ko‘zi tushib «o‘zimizdan ekan», deb o‘yladi.
— Ismingiz nima, qo‘shni? — dedi Medvedev ikki qadahga aroq quyib.
Kiev universitetida, so‘ng Moskvadagi aspiranturada o‘qib yurganida Samandarni
hamma «Sasha» deb chaqirardi. Shuni eslab u:
— Sasha deyavering, — deb qo‘ydi.
— Sashoq, salomatlik uchun! Men sendan xursandman. Bu yerdagi yagona tirik odam
sen ekansan... — Medvedev shunday deb tik turgan holida qadahni bir ko‘tarishdayoq
bo‘shatdi.
Samandar qadahni labiga yaqinlashtirganida aroqning hidi dimog‘iga urilib, seskandi.
Ko‘ngli battar aynidi. Mehmon qarab turgani uchun hijolat chekdi. Keyin chuqur nafas
oldi-da, bir zarb bilan ichib yubora qoldi. Dam o‘tmay o‘zini yengil his eta boshladi.
Uchinchi qadahdan keyin esa picha o‘ziga keldi. Bu yerga kirishdan avval ham bo‘kib
ichgan mehmonning «gap xaltasi teshilib», tinmay gapiraverdi.
— Sashok, men harbiy odamman. Mening kasbim jang qilish. Qog‘oz titib idorada
o‘tiradiganlarga toqat qila olmayman. Rossiyani kim xarob qildi, bilasanmi? Ana o‘sha
burniga ko‘zoynak qo‘ndirib, qog‘oz titib o‘tiradiganlar. Biz esa buyuk Rossiya shuhratiga
shuhrat qo‘shamiz. Bu — bizning burchimiz.
Medvedev yana qadahlarni to‘ldirdi:
— Buyuk Rossiyamiz uchun, uning shuhrati uchun! — U shunday deb xitob qilgach,
qadahni odati bo‘yicha bir ko‘tarishda bo‘shatib, kaftiga «kuf» deb qo‘ydi.
Samandar endi ichishga qiynalmadi. Og‘riqlar uni tark etgan, ammo qulog‘i
shang‘illab, mehmonning gaplarini durust idrok qila olmayotgan edi. Medvedev esa
«sukut rizolik alomati» sanalganday «gaplarim Sashokka ma’qul kelyapti», degan fikrda
jo‘shib so‘z-layverdi.
— Bu g‘alamislar Rossiyaning O‘rta Sharqdagi siyosatini o‘zgartirishmoqchi. Ochig‘ini
aytaymi? Mixail Mechenniyning ishlari menga yoqmayapti.
Samandar Mixail Mechenniyning kim ekanini darrov anglamadi. Keyinroq fahmlab,
nimani tasdiq eta-yotganini o‘zi ham tushunmay, bosh irg‘ab qo‘ydi.
— U bizning Germaniyani ikki qo‘llab topshirdi. Germaniya uchun ruslar qancha qon
to‘kishgan, bilasanmi? Endi esa Afg‘onistonni bermoqchi! Gorchakov janoblari 1877 yilda
nima qilgan bilasanmi? Bilmaysan! Granvillni bilasanmi? U o‘sha paytda Angliya tashqi
ishlar ministri edi. Gorchakov u bilan sulh tuzdi. Hozirgi Afg‘onistonning shimoliy
chegarasini o‘sha ahmoq belgilagan. Nega ahmoq, deyapsanmi? Shuning uchunki, yana
bir zarb berilsa, Afg‘oniston to‘laligicha bizniki edi. Hech bo‘lmasa yarmi bizniki bo‘lardi.
Bugun bekorga qon to‘kib yurmasdik. Endi Mixail Mechenniy nima qilmoqchi? Bilasanmi?
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |