www.ziyouz.com kutubxonasi
118
— Biz uch kishi edik: Valya Namanganskaya, Gulya va men. To‘g‘ri, o‘g‘irlik qilmaslik
kerak edi...
Ayolning o‘zbekchalab gapirib qolishi Bobomurodni to‘xtatdi.
— Singlim, sizga nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
Ayol uning gaplarini eshitmadi, holatini o‘zgartirmay, kiprik qoqmagan holda yana
o‘sha gapini takrorladi:
— Biz uch kishi edik...
Bobomurod yana qayta so‘radi. Ayol o‘zgarishsiz o‘tiraverdi.
«O‘tirib chiqqanga o‘xshaydi, — deb o‘yladi Bobomurod. — Boshiga urishgan bo‘lsa,
esi og‘ib qolganmi...»
Bobomurod nima qilishini bilmay turganida militsiya mayori unga yaqinlashib
hujjatlarini ko‘rsatishni so‘radi. Hujjatlarni sinchiklab tekshirgach, qay-tarishga
shoshilmay, Bobomurodga sinovchan boqdi-da:
— Hamyurting shekilli? — deb so‘radi.
— Shunaqaga o‘xshaydi, — dedi Bobomurod.
— Hamkasbing bo‘lishi ham mumkin, — dedi mayor.
— Ha, shunaqaga o‘xshaydi.
— Bu ham qamoqdan chiqqan. Ikki-uch kundan beri shu yerda. Jinnixonaga berib
yuborsammikin, deb turuvdim. Agar odamgarchilik qilish qo‘lingdan kelsa, o‘zing bilan
olib ket. Yurtida qarindoshlari bordir. Jinnining millati bo‘lmaydiku-ya, ammo xor bo‘lib
o‘lishi yaxshi emas.
Bobomurod militsiya xodimlarini yoqtirmas edi, deyilsa juda yumshoq qilib aytilgan
bo‘ladi. O‘n to‘rt yoshidan beri to‘rt marta qamoq lagerlarining tuzini totgan odamning
nafratini hech nima bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, mayorning hozirgi
gaplari ko‘ngliga yoqdi. «Nahot senda tuyg‘u bo‘lsa?» degan ma’noda unga qarab oldi-
da:
— Bir amallab olib ketaman, — dedi.
— Sen bu o‘tirishiga qarama, saldan keyin o‘ziga keladi, — mayor shunday deb
hujjatlarni qaytarib berdi-da, nari ketdi.
Ayol kipriklarini pirpirata boshlagach, Bobomurod:
— Singlim, Toshkentga ketyapman, birga ketay- lik, — dedi.
Ayol unga yalt etib qaradi-da, yaqin mehribonini ko‘rgan odamday suyunib, jilmaydi:
— Men uyimga ketaman! — deb kafti bilan burnini artdi.
Bobomurod yoshi o‘ttizga yetmagan, ko‘rinishidan esa elliklarni qoralagan ayolning
fe’li, tabiati qanday ekanini yo‘l-yo‘lakay bilib oldi. Ayol militsionerni ko‘rsa qalqib
ketardi, jinoyatdan yoki qamoqdan so‘z ochilsa, lablari oshkora titrardi. Bobomurod shu
sababli manzilga kelgunicha ham bu mavzuda so‘z ochmadi. Ayol turar joyini unutgan
edi. Bobomurod hujjatiga qarab uni qishlog‘iga boshlab bordi. Ayol tug‘ilib o‘sgan uy
ostonasiga yetishganda hali shom namoziga azon chaqirilmagan edi. Bobomurod eshikni
taqillatgach, qirq yoshlardagi odam chiqib Ayolni ko‘rdi-yu, ostona hatlagan yerida turib
qoldi. Ayol ham unga qarab kipriklarini pirpiratganicha tek qotdi.
— Sen kimsan, erimisan yo sherigimisan? — dedi uy egasi dabdurustdan.
— Eri ham emasman, sherigi ham emasman. Yo‘lda uchratib qolib, qog‘ozlariga qarab
boshlab kelyapman. O‘zing kimsan?
— Hech kimi.
— Hech kimi? Tanimaysanmi bu ayolni?
— Taniyman... — dedi uy egasi mujmal ohangda,— men... akasi edim.
— Akasi edim? Endi-chi, akasi emasmisan?
— Ota-onam oq qilishgan, men ham oq qilgan- man.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |