www.ziyouz.com kutubxonasi
121
o‘zini tutolmay Akani o‘ldirib qo‘ysa hozir bitta yulduz uchgan bo‘larmidi... «Nahotki
hammaning joni shu yulduzlarda bo‘lsa, — deb o‘yladi u. — Nahotki iflos odamlarning
ham joni shunday beg‘ubor, shunday pokiza osmonda bo‘lsa. Bunaqa odamlarning joni
hojatxonaga tashlansa, hojatxona ham bulg‘anadi... Yo‘-o‘q, yulduzlar odamlarning joni
emasdir. Balki... shu ayolga o‘xshab xo‘rlanganlarning ko‘zlaridagi yosh osmonga uchib,
yulduzlarga aylangandir... Qiziq... bu nima uchun yig‘lamaydi? Shuncha gapdan keyin
ham yig‘lamadi. Yig‘lasa bo‘lardi, yengil tortardi...»
— Singlim, sen mendan tortinma, yig‘laging kelayotgan bo‘lsa yig‘layver. Erkak
bo‘lsam ham ba’zan yig‘lagim keladi...
Ayol javob bermadi.
Tun yarimlaganda Bobomurodning uyqusi keldi. Tizzasiga bosh qo‘yganicha mizg‘idi.
Besh-o‘n daqiqadan so‘ng cho‘chib uyg‘ondi-da, «ketib qolmadimikin?» degan xavotirda
Ayol tomon qaradi. Ayol toshdek qotib o‘tirardi. Bobomurod bir necha marta mizg‘idi.
Har safar cho‘chib uyg‘onib, xavotirlangan tarzda Ayol tomon qarardi.
Tongni shu zaylda qarshi oldilar...
O‘shandan beri Ayol shu uyda yashaydi. Omonullo uni dastlab ko‘rganida «Otam u
yoqlarda uylanibdi-da», deb o‘yladi. So‘ng boshqa-boshqa xonalarda yotishlarini bilib,
muomalalarida er-xotinlik mehri yo‘qligini sezib, ajablandi. Otasidan «Kim bu?» deb
so‘ramadi. Bobomurod esa «Singlim», deb gapni qisqa qilib qo‘ya qoldi. Ayolning «Biz
uch kishi edik...» degan gaplarini eshitgach, qanaqa singil ekanini o‘zicha taxmin etdi.
Taxmin noto‘g‘ri ekanini keyinroq bildi. Bir kuni Bobomurod uning tiliga chiqarolmay
yurgan barcha savollariga bira to‘la javob berdi:
— Men hammasini aniqladim: bu qiz bir nomardning qo‘liga tushib qolgan. Bir
o‘g‘irlikni shu bechoraning bo‘yniga qo‘yib yuborishgan. Tuhmat bilan ketgan.
Hammasini aniqladim, hammasi hal bo‘ldi.
Omonullo:
— Nima hal bo‘ldi? — deb so‘raganida Bobomurod:
— Tuhmat qilganlar jazolarini oldilar. Bu pok ayol, istasang «amma» degin, istasang
«opa» — degan edi.
Omonullo otasining ko‘ngliga qarab «opa» dedi. Ayolni har ko‘rganida unga achinardi.
Keyinchalik Ayolning rang-ro‘yi yaxshi tomonga o‘zgardi. Chehrasida yoqimli nur ham
paydo bo‘ldi. Lekin «Biz uch kishi edik...» boshlanganida betlari birdan qorayib,
ko‘zlaridan nur qochib xunuk holatga kelib qolar edi.
Bu Ayolning kelganiga o‘n ikki-o‘n uch yil bo‘ldimi yo undan oshdimi, Omonullo aniq
eslolmaydi. Qamoqdaligida «o‘g‘lim, bundan bu yog‘iga faqat sen bilan birga bo‘laman»,
deb xatlar yo‘llagan odam Ayolning atrofida parvona bo‘lishdan ortmay qoldi. Ayol ko‘p
gapirmasdi, ovoz chiqarib kulmasdi. Bir narsadan xursand bo‘lsa salgina jilmayib
qo‘yardi xalos. U jilmayganida Bobomurodning nazarida butun olam charog‘onlashib
ketardi. Tundlashsa esa uning yuragi siqilib ketardi. Shunday paytlarda ba’zan «Hoy,
gapirsangchi, soqov emassan-ku axir!» deb koyib ham berardi. Shunda Ayol zaifgina
jilmayish hadya etib, uning ko‘ngligini ravshanlantirmoqchi bo‘lardi.
Omonullo otasining bugungi kayfiyatidan sezdiki, Ayolning kasali shunchaki o‘tkinchi
xastalik emas. Shu bois Omonullo «Otamga dalda bo‘lar», deb bir oz gaplashib
o‘tirmoqchi edi, Bobomurod unamadi. «O‘rtog‘i bilan kelgan bo‘lsa, hoynahoy biron
yoqqa ketishayotgandir», degan xayolda «menga halaqit berasan», deb kuzatdi.
Qaynonasinikiga Safar ham kirib, bir-ikki piyola choy ichishgach, izlariga qaytishdi.
— Xafa bo‘lmaginu og‘ayni, opangni ko‘rsam yuragim siqilib ketadi, — dedi Safar
mashinaga o‘tirgach.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |