www.ziyouz.com kutubxonasi
114
«Baribir tupurdim! O‘lganimdan so‘ng ko‘tarib olib borishadimi yo hojatxonaga tashlab
yuborishadimi — menga baribir. Sen qizim, buvingga tayinlab qo‘y: hadeb meni
qarg‘ayvermasinlar. Uch-to‘rt kun bo‘lsa ham tinch yashay. Kelsang o‘zing kel, buving
kelmasin. To‘x-ta, buvingga qo‘shilib sen ham meni qarg‘ayotganing yo‘qmi?»
«Nimaga qarg‘ayman, dada?»
«Tursunaliga ro‘para qilganim uchun-da. Lekin, sen bilib qo‘y: bu mening kallamdan
chiqqan aql emas edi. Alvasti o‘gay onang aytuvdi, men laqmaga ma’qul keluvdi.
Qarg‘asang o‘shani qarg‘agin. Lekin... o‘zing ham Tursunalini yaxshi ko‘rarding-ku, a?»
«Yaxshi ko‘rardim, dada».
«Yaxshi ko‘rsang baxtsiz emas ekansan-da? Buni buvingga aytgin. Og‘zimiz endi
oshga yetganida, boshimiz toshga yetdi. Oxirgi marta boqqa borganimiz esingdami?
O‘choq tagidan topgan taqinchoqlarimiz esingdami? «Qorashaqshaq» buni boshqacha
tushunibdi. Yangi direktor bilan o‘ynashib, shuning haqqiga olgan, deb o‘ylabdi u
haromi. Seni fohisha deb hisoblaydi. Senga avvallari aytmovdim, dardim ichimda edi.
Menga tegmasidan avval o‘zi shunaqa bo‘lgan. Shuning uchun boshqalarni ham o‘ziga
o‘xshatadi, u haromi. Qarg‘asang o‘shani qarg‘a. O‘choq tagidan topgan taqinchoqlarni
taqib oluvding. O‘lib yotganingda qarasam, ziraklaring ham, uzuklaring ham yo‘q. O‘zing
olib qo‘yganmiding yo... ering olib qo‘yuvdimi?»
Nafisa bu savolga javob bermay ma’yus tikilib turaverdi.
«Bilmaysanmi? Unda seni o‘ldirgan odam olib qo‘ygan. Nafis, qizim, ayt, seni kim
o‘ldirdi? Yoningdagi yigit kim edi? Faqat «o‘ynashim edi», demagin. Men ishonmayman.
Sen unaqa shilta emas eding, qizim. Seni ering o‘ldirmagan, undan gumonim yo‘q. Agar
u o‘ldiradigan bo‘lsa, Tursunalini o‘ldirardi. U Tursunalini yaxshi ko‘rishingni bilardi. Bir
marta mast bo‘lvolib menga yig‘lagan, senga aytuvdim. «Tursunali bilan uchrashmasin»,
deb yalingan. O‘ldiradigan odam bunaqa bo‘lmaydi. Unda kim o‘ldirdi seni? Karvon
bormaganmidi uyingga? O‘choqni buzgan kunim bir nimani sezib is olganday bo‘luvdi.
Meni ko‘rolmaydi u nokas. Bog‘ qorovulligini mendan olgunicha atrofimda itpashshadek
aylandi. Keyin-keyin qiliq chiqardi. Mening gumonim o‘shanda. Sayfini tanirding, a?
Yettinchi bo‘limning boshqaruvchisi. Senga sovchi qo‘ydirganida unamaganman,
esingdami? O‘sha Tursunali bilan gap talashib qolganida Karvon «Sen hali xo‘ja-yinga
gap qaytaradig‘on bo‘p qoldingmi!» deb itday po‘palab tashlovdi. Men o‘rtaga
tushmasam o‘lib ketardi, bola bechora. He, attang... shu gaplarni milisaga aytsam
bo‘larkan...»
Nafisa otasining gaplariga e’tibor bermay tisarila boshladi.
«Qizim, ketma, sen kelib, azoblarim sal nari bo‘lyatuvdi. Meni qutqar, qizim...»
«O‘zimning azoblarim o‘zimga yetadi, dada».
«Azob? Qanaqa azob? O‘lgan odamda qanaqa azob bo‘ladi? O‘lim hamma azoblardan
qutqaradi-ku?»
«Yo‘q, dada, o‘lim siz bilan men uchun azoblarning boshlanishi...»
«Unday dema...»
«Yaqinda o‘zingiz ko‘rasiz...»
Shunday deb ko‘zdan yo‘qoldi. Toshboltaning qulog‘iga azobli faryod ovozi eshitilib,
atrofiga alang-jalang qaradi. Is bosgan ayvon shipi, bo‘yog‘i ko‘chgan ustundan boshqa
hech nima ko‘rinmadi.
Kimdir ingradi... Kimdir oh urdi...
Do'stlaringiz bilan baham: |