www.ziyouz.com kutubxonasi
112
Yana o‘sha ovoz. Toshboltaning ko‘zlari yana javdiradi. So‘ng nigohi qotdi:
yonginasida qaynonasini ko‘rdi. Qaynonasi o‘tirib olganicha eski ko‘rpachani so‘tyapti.
«Nima qilyapsiz?» — deb so‘radi Toshbolta.
«Senga kafan bichmoqchiman» — deb javob berdi qaynonasi.
«Eski ko‘rpachaning astaridan ham kafan bo‘larkanmi?» — dedi Toshbolta.
«Senga shu ham hayf. Itday o‘lib, itday ko‘milishing kerak», — dedi qaynonasi.
«Meni buncha yomon ko‘rasiz-a? Qizingizni urgan bo‘lsam jazosini totdim-ku? Xudo
bir alvastiga ro‘para qilib qo‘ydi-ku?» — dedi Toshbolta.
«Nafisaning hayotini bulg‘ab tashlading. Menda ham ayb bor: uni senga berib
yubormasligim kerak edi»,— dedi qaynonasi.
«Men qizimning baxtli bo‘shishini istagan edim. Baxtini topgan edi», — dedi
Toshbolta.
«Nomi buzuq bo‘lib topilgan baxt baxt ekanmi? Ayt, o‘zing, jon qizim, baxtli
edingmi?»
Shu payt qaynonasining orqasida Nafisa ko‘rindi: eski, kir ko‘ylakda, ko‘zlarida yosh,
ma’yus qarab turibdi. Toshboltaning hech esidan chiqmaydi: qamoqdan qaytib,
qaynonasinikiga kelganida Nafisani shu holatda ko‘rgan edi. Ko‘rib, yurak-bag‘ri ezilib
ketgan edi.
«Qizim, buvingga aytgin, men senga hech yomonlikni tilaganmanmi?»
Nafisa indamay, shu holatida qarab turaverdi.
«Qizim, meni qiynama, o‘ladigan bo‘lsam ham qiynalmay o‘lay, ayt, baxtli eding-ku,
axir?»
«Nafisa senga gapirmaydi», — dedi qaynonasi.
«Nega gapirmas ekan?» — dedi Toshbolta.
«O‘liklarning gapirganini qayda ko‘rgansan?» — dedi qaynonasi.
«Siz gapiryapsiz-ku?» — dedi Toshbolta.
«Men senga kafan bichish uchun atayin kelganman»,— qaynonasi shunday deb qah-
qah otib kula boshladi. O‘zini to‘xtatolmay to‘xtovsiz kuldi, sonlariga shapati urib kuldi,
Toshboltaning naq tepasiga turib olganicha kinolardagi yalmog‘iz kampir kabi xunuk
kuldi. Kulgi jarangidan Toshboltaning quloqlari shang‘illab ketdi.
— He, turqing qursin senlarning, jigarlaringni qurt kemirib quritsin!..
Bu kimning ovozi? Toshbolta sergak tortdi: qaynonasi emas, Adolatning shang‘illashi
bu. Kimni qarg‘ayapti?
— Molni egasining o‘ziga berarmish. Kim egasi? Onangning mahriga tushgan mol
ekanmi?
Shang‘ish ovozi tobora yaqinlashib, ro‘parasida Adolatning qahrli chehrasi ko‘rindi.
— Qanaqa erkaksan o‘zing?! G‘irt ahmoq odam ham shuncha molni o‘sha yerga
tashlab kelavermaydi. Milisaning gaplarini eshitdingmi? E, er bo‘lmay o‘libgina ketgin
sen! Senga tekkanimdan beri birim ikki bo‘lmadi-ya! Endi seni bitimga boqamanmi?
Bitta ukoling necha pul, bilyapsanmi. Tuzaladigan bo‘lsang, tuzal, bo‘lmasa o‘zim bo‘g‘ib
o‘ldirib qo‘ya qolay. Boqishga arziydigan erkak bo‘lsang ekan, sen...
«Noshukur bo‘lma, shuncha topib kelganim kammi senga? Uchta emas, o‘ttizta qiz
uzatishga yetadigan mol yig‘ding-ku? Tilla taqinchoqlarni sotsang ikkita mashina beradi-
ku? Buncha noliysan, qora shaqshaq?!» Shunday demoqchi edi, til aylanmadi.
G‘o‘ldiragan ovoz chiqdi.
— Nima deyapsan, qaytarchi? — dedi Adolat yoniga tiz cho‘kkanicha qulog‘ini ding
qilib.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |